Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Jinoyat alomatlari topilmagan ish» bo‘yicha Oliy sud bayonot berdi

«Jinoyat alomatlari topilmagan ish» bo‘yicha Oliy sud bayonot berdi

Foto: Videodan lavha

Farg‘onada ichki ishlar xodimlari bir necha kishi guvohligida  bir ayblanuvchi kaltaklagani aks etgan video tarqalgandi. 

Holat yuzasidan dastlab IIV matbuot kotibi aniqlik kiritib, voqea Farg‘ona shahri ichki ishlar bo‘limida 2021-yilning 14-iyul kuni sodir bo‘lgani, «qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi joriy yilning 23-avgust kuni Farg‘ona viloyati JIB sudi tomonidan apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilib, xodimlarning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb topilgani va oqlov hukmi chiqarilgani»ni ma’lum qildi.

Videotasvir  yuzasidan Oliy sud axborot xizmati rasmiy bayonot berdi. 

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahridagi holat yuzasidan profilaktika inspektorlari M.A. va B.T. Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudining 2022-yil 14-martdagi hukmi bilan har ikkisiga nisbatan ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.  

Mazkur jinoyat ishi Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqilib, 2022-yil 23-avgustdagi chiqarilgan hukmga ko‘ra M. A. va B. T. ning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi sababli aybsiz deb topilib, ularning har ikkisi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilingan.

Farg‘ona viloyati prokurori tomonidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasining 2022-yil 23-avgustdagi hukmi ustidan kassatsiya tartibida protest keltirilgan bo‘lib, ushbu protest belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilayotganligi ma’lum qilinadi.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sudda kassatsiya tartibida ko‘rilishi bo‘yicha sud jarayoni yakuni yuzasidan batafsil axborot beriladi, deyiladi bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring