Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestri yuritiladi

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestri yuritiladi

Hukumatning maxsus qarori bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.

«Endilikda qasddan odam o‘ldirish, voyaga yetmagan shaxsning nomusiga tegish, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoki saqlash, terrorizm, shuningdek boshqa turdagi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar mazkur reyestrga kiritiladi. Reyestr maxsus axborot tizimi orqali shakllantiriladi va yuritiladi», – deydi Senat raisi.

Norboyevaning ta’kidshicha, reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bog‘liq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida nazorat qilib boriladi. Ya’ni bundan buyon bolalarga qarshi jinoyatga qo‘l urgani uchun sudlangan shaxslar voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq ishlarda ishlay olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Senatda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi. Ushbu hujjatga asosan, qonunchilikka voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarda ishlashini taqiqlovchi norma kiritildi.

Oktyabr oyida Adliya vazirligi «Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ygan edi. Unga muvofiq O‘zbekistonda bolalar bullingga uchraganda ularga himoya orderi berilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring