Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Jizzaxdonmahsulotlari» AJ ning o‘g‘ri xodimlariga sud hukmi o‘qildi

«Jizzaxdonmahsulotlari» AJ ning o‘g‘ri xodimlariga sud hukmi o‘qildi

Foto: «Kazinform»

Shu yilning may oyi oxirlarida «Jizzaxdonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatida don o‘g‘rilari ushlangan edi. Voqea joyida, jinoyat ustida qo‘lga olingani bois o‘g‘rilarning shaxsini aniqlash xamirdan qil sug‘urgandek oson kechdi — hammasi shu korxonada turli vazifalarda ishlab, ro‘zg‘or tebratib kelayotgan odamlar ekan...

Sharof Rashidov tumanida yashovchi, «Jizzaxdonmahsulotlari» AJ da ishlovchi beshovlon — A.H., U.P., J.Q., S.S. va O.S.lar oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2018-yil 29-maydan 30-mayga o‘tar kechasi soat 24 larda o‘g‘rilikka tushishadi. Voqea joyi va nishon: Jizzax shahridagi Bunyodkor mahallasida joylashgan «Jizzaxdonmahsulotlari» AJ; jinoiy guruh korxonaning teplovoz mashinisti S.S. yordamida vagonni yashirin ravishda olib chiqib, «G‘alla-Alteg» AJga jo‘natilishi kerak 8 million 197 ming 200 so‘mlik 12,42 tonna bug‘doyni o‘g‘irlab olib ketishmoqchi bo‘lgan. Ammo ular bunga ulgurishmadi — Jizzax viloyat IIB QB xodimlari don o‘g‘rilarini voqea joyida qo‘lga oldi.

A.H., U.P., J.Q., S.S. va O.S. larga O‘zbekiston Respublikasi JK 25,169-moddasi 2-qismining «v» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganliklari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud majlisida sudlanuvchilar ayblariga to‘liq iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligini, bunday qilmishni takrorlamasligini, yetkazilgan zarar qoplanganligi haqida ko‘rsatuv berib, yengillik berishni so‘radilar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi 2018-yil 13-avgustda hukm chiqardi. A.H., U.P., J.Q., S.S. va O.S. lar O‘zbekiston Respublikasi JK 25,169-moddasi 2-qismining «v» bandi bilan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi, biroq ularning harakatlarida jazoni og‘irlashuvchi holatlar yo‘qligi inobatga olindi, shaxsining ijobiy tavsiflanganligini, yetkazilgan zarar qoplanganligi, aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligi jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisobga olinib, JK 25,169-moddasi 2-qismining «v» bandi sanksiyasida nazarda tutilgan axloq tuzatish ishi jazosi tayinlandi.

Sh.Bobomurodov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
 
Jizzax shahar sudining
sudya yordamchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring