Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jondorda «morfin» ishi: tibbiyot mansabdorlari so‘roq qilinmoqda

Jondorda «morfin» ishi: tibbiyot mansabdorlari so‘roq qilinmoqda

foto:https://verimed.ru/

Buxoro viloyati, Jondor tuman Tibbiyot birlashmasida giyohvand dori vositalari talon-taroj qilingan. «Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, holat Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi hamda prokuratura organlari tomonidan o‘rganilgan.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tibbiyot muassasalarida giyohvandlik va psixotrop vositalarining qonuniy asosda saqlanishi hamda ulardan maqsadli foydalanilishini ta’minlash bo‘yicha 2024-yildan hozirgi davrga qadar vaqt mobaynida tuman tibbiyot birlashmasida giyohvandlik vositalari bilan ishlash tartibi o‘rganilgan. 2025-yilning yanvar–iyul oylarida Birlashma reanimatsiya bo‘limiga ichki dorixonadan qabul qilingan ba’zi dorilarning qonuniy hisob-kitobi va sarflanishi bo‘yicha yetishmovchiliklar kuzatilgan.

Tekshiruv natijasida 10 ampula «Morfin gidroxilorid», 20 ampula «Fentanil 0,005%», 2 ampula «Promedol 2%» va 10 ampula «Promedol 1–2%» giyohvandlik dori vositalari noqonuniy ravishda talon-taroj qilingani ma’lum bo‘lgan.

«Bunday holatlar, nafaqat, tibbiyot muassasasi obro‘siga putur yetkazadi, balki, jamiyat xavfsizligi va fuqarolar sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, bu turdagi vositalar faqat shifokor tavsiyasi asosida, qat’iy nazorat ostida ishlatilishi lozim. Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tibbiyot muassasalarida dori vositalari aylanmasi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, mas’ul shaxslar faoliyatida shaffoflik va javobgarlikni oshirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Har bir tibbiyot xodimi qonun oldida teng va javobgar ekanini unutmasligi zarur», — deydi huquq-tartibot idorasi mas’uli.

Tekshiruv xulosalariga ko‘ra, tibbiyot birlashmasi mas’ul va mansabdor shaxslarining harakatlarida giyohvandlik vositalarini qonuniga xilof ravishda egallash jinoyati alomatlari mavjudligi aniqlangan. Shu asosda, tergov organlari tomonidan mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 271-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) 2-qismi «v» va «d» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda Jondor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan so‘roq qilish, yuzlashtirish, tanib olish uchun ko‘rsatish va boshqa tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring