JSST rahbari koronavirus qachon butkul taslim bo‘lishini aytdi
Koronavirus infeksiyasining o‘lim muddati e’lon qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusga ko‘ra, global epidemiya ikki yildan keyin yoki undan barvaqtroq tugashi mumkin.
«Biz uni to‘xtatish uchun yetarli bilim va texnologiyaga suyanamiz», – degan JSST rahbari.
Qayd etilishicha, insoniyat tarixidagi eng yirik kulfatlardan biri – 1918-yilda boshlangan va millionlab oilalarnig yostig‘ini quritgan ispan grippini yengish uchun 2 yil ketgan edi. SOVID-19’ni esa bundan kamroq muddatda taslim qilish imkoni mavjud.
JSST rahbari, an’anaga ko‘ra, butun dunyo infeksiyaga qarshi bir mushtga do‘nib harakat qilishi lozimligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, globallashuv hamda dunyo bo‘yicha tig‘iz robitalar pandemiyani yengishda jiddiy to‘siq ekani ham tan olingan.
Ammo barcha mutaxassislar ham Tedros Adhanom Gebreyesus bilan hamfikr deb bo‘lmaydi. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati qoshidagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ilmiy kengash a’zosi Mark Uolport kasallik u yoki bu shaklda insoniyatga abadiy hamroh bo‘lishi, unga qarshi davriy emlash orqaligina kurashilishini qayd etgan.
Ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida ta’lim maskanlari, xususan, maktablar ochilmoqda. Ammo ilk o‘quv kunlaridanoq infeksiya tarqalishi kuzatilmoqda. Shu vajdan aksar davlatlar ta’lim maskanlarini ochishga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Boz ustiga, dunyoning turli mintaqalarida ham antirekordlar qayd etilmoqda. Masalan, dastlabki bosqichdayoq infeksiyani yenggani e’tirof etilgan Janubiy Koreyaga koronavirus yana qaytdi. Masalan, 23 avgust kuni mamlakatda 397 ta yangi holat ro‘yxatga olindi. Bu esa pandemiya davridagi eng yomon ko‘rsatkichdir.
Yevropada ham vaziyat xotirjam bo‘lishga hali erta ekanini ko‘rsatmoqda. Polsha, Slovakiya, Ispanii, Fransiyada yangi-yangi kasallik holatlari aniqlanmoqda.
Aholi soni bo‘yicha dunyoning ikkinchi davlati sanalgan Hindiston dunyo bo‘yicha virusning yangi o‘chog‘iga aylanishi mumkin. Hozirgacha hind o‘lkasida 3 million kishida infeksiya aniqlangan, ahvol shu taxlit davom etsa, mamlakat AQSh va Braziliyani ham ortda qoldirishi hech gap emas.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramiz bo‘yicha koronavirus yuqtirganlar soni 23,6 million kishidan oshdi, rasman qayd etilgan o‘lim holati 812 mingga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter