Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kassada yo‘q, lekin «qo‘l»da narxi osmon: stadion kassasidagi ajiotaj (video)

Kassada yo‘q, lekin «qo‘l»da narxi osmon: stadion kassasidagi ajiotaj (video)

Foto: Xabar.uz

Bugun «Bunyodkor» stadioni kassalarida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi finali uchun chiptalar sotuvga chiqarilishi aytilgandi. Chipta narxlari 25, 50 va 100 ming so‘m deb e’lon qilingan.

Biroq soat 18:00 bo‘lyapti hamki, kassaga hamon chiptalar chiqarilmagan, bir necha yuzlab muxlislar chipta sotib olish umidida stadion atrofiga to‘plangan. Vaziyatni o‘rganish uchun Xabar.uz voqea joyiga yetib bordi.

Haqiqatanam ham stadion kassasi oldida ko‘plab odamlar yig‘ilgan, barchasi kassa ochilishini kutmoqda. Tabiiyki, chipta ham hali sotuvga chiqarilmagan. Lekin «qo‘l»da chipta sotib yurishibdi, narxi bir necha baravar osmonga uchgan.

«25 ming so‘m deb yozilgan chiptani 100 ming so‘mga sotib oldim. Hozir buning narxi 150 mingga chiqdi. Yana oshishi kutilyapti. Bu eng arzoni hali», deydi navbatda turgan muxlislardan biri.

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot kotibi Davron Fayziyevning ma’lum qilishicha, barcha chiptalar onlayn sotuvga chiqariladi, faqat qachonligi noma’lum.

«Chiptalar to‘liq sotuvga chiqariladi va o‘zimiz ham oila a’zolarimiz uchun faqat onlayn xarid qilamiz. Final chiptalarining barchasini muxlislar uchun onlayn sotuvga chiqarishga qaror qilingan. Afsuski menda ham, O‘FAga aloqador boshqalarda ham taqdim etiladigan bilet yo‘q», deb yozgan Fayziyev.

Lekin hali virtual yo real chiptalar yo‘qligi aytilayotgan bo‘lsa-da, «qora bozor»da allaqachon qimmatlab ulgurdi. Kassada yo‘q chipta qanday qilib «qo‘l»ga chiqib ketganini rasmiylar qay tariqa izohlashi hozircha bizga ham qorong‘i.

— Bilet qancha? — so‘roqqa tutdik olibsotarlardan birini.

— 150 ming so‘m.

— Namuncha qimmat? Soxtamasmi ishqilib?

— Yo‘g‘-ye, aka, xudodan qo‘rqamiz.

— Kassa yopig‘u, qayerdan oldinglar?

— Biz vaqtliroq kelib olib qo‘ygandik, — dediyu darrov ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Vaqtliroq qayerdan olgan: kassadanmi yo boshqa birovdanmi, bunisi noma’lum. Bir narsa aniq, kassa hali ochilganicha yo‘q.

Balki Davron Fayziyev ham oila a’zolari uchun chiptalarni «qo‘l»dan bir necha baravar qimmatga sotib olar...

Quyidagi videoda voqea joyidagi to‘s-to‘polonni ko‘rishingiz mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring