Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kaxi Maxaradze va uning sheriklari qo‘lga tushdi: tafsilotlar ochiqlandi

Kaxi Maxaradze va uning sheriklari qo‘lga tushdi: tafsilotlar ochiqlandi

So‘nggi vaqtlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Lokomotiv» PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze va boshqalarning totalizator hamda kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etganligi holati yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tegishli tartibda tekshiruv o‘tkazilib, Etika qo‘mitasida ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, «Lokomotiv» PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, futbolchi Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G.K. va Ch.M. ismli shaxslar o‘zaro til biriktirib, firibgarlik yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida, xitoylik — o‘zini Jay deb tanishtirgan shaxsning ishonchiga kirib, totalizator kontoralari orqali «Lokomotiv» futbol klubining uchrashuvlarini Kaxi Maxaradze va boshqa futbolchilar bilan kelishgan holda o‘zlari uchun qoniqarli natija bilan yakunlashga yolg‘on va’da berib, ishontirganlar.

Xususan, shu yil 27 may kungi «Navbahor» – «Lokomotiv» uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etilgan bo‘lib, K.Maxaradze, G.K., Ch.M. va Ye.Kochnevlar mazkur o‘yin uchun Jay ismli shaxsdan taxminan 30.000 AQSh dollari olib, o‘zaro bo‘lishib olganlar.

Bundan tashqari, «Lokomotiv»ning AGMK va «So‘g‘diyona» futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga yuqoridagi shaxslar tomonidan pul tikish masalasi muhokama qilingan bo‘lsa-da, lekin bu amalga oshmagani aniqlangan (ushbu ma’lumot OFK va «Sportradar» tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan).

Shundan so‘ng, «Lokomotiv»ning mehmonda Nasafga qarshi uchrashuvda mag‘lub bo‘lishini taxmin qilib, K.Maxaradze bu o‘yinni yutqazib berishiga Jayni ishontirib, u tomonidan totalizatorda pul tikilishiga sababchi bo‘lgan.

«Lokomotiv» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan so‘ng, Jay o‘zi tomonidan yutqazilgan 100.000 AQSh dollarini K.Maxaradze, Ch.M., G.K. va Ye.Kochnevlardan talab qilgan. Rad javobi olgach, o‘ch olish maqsadida ular haqidagi ma’lumotlarni O‘FA va OAVlarning elektron pochtalariga yuborgan.

O‘FA tomonidan tekshiruv boshlangach, Jay noqonuniy faoliyati natijasida o‘z mamlakatining tegishli tashkilotlari tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglab, yuqorida yuborgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi, suratlarni o‘zi yasaganligi haqida xabar yuborgan.

Yuqoridagilarni o‘rganib chiqish natijasida, O‘FA Etika qo‘mitasi yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, Kaxi Maxaradze Intizom kodeksining tegishli bandlari bo‘yicha aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turlaridan 5 yil muddatga chetlatilib, yuz million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, futbolchi Yevgeniy Kochnev ham Intizom kodeksining tegishli bandlari bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bog‘liq faoliyatning barcha turlaridan 3 yil muddatga chetlatilib, o‘ttiz million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Tekshiruv davomida «Lokomotiv» PFKning boshqa futbolchilari va murabbiylari totalizator hamda kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan unga aloqador bo‘lgan chet el fuqarolarining shubhali harakatlari bo‘yicha ma’lumotlar tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborildi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha OFK va «Sportradar» bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelmoqda hamda shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantiradi, deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring