Keksalarni nishonga olgan yirik “koll-markaz” jinoyati ochildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro miqyosda yirik miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.
Aniqlanishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro rahbarlik qilgan 34 nafardan iborat jinoiy guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “koll-markaz”lar niqobi ostida noqonuniy faoliyat yuritgan.
Jinoiy guruh axborot texnologiyalari orqali Rossiya Federatsiyasida dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning 70 mingdan ortiq mijozlari haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.
Mazkur ma’lumotlar asosida maxsus o‘qitilgan operatorlar SIP telefoniya va “Zoiper” ilovasi orqali, asosan keksa yoshdagi fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki bank xodimlari sifatida tanishtirgan. Ular go‘yoki kompaniya tomonidan sifatsiz dori vositalari sotilgani uchun 500 mingdan 580 ming rublgacha kompensatsiya to‘lab berilishi aytilgan.
Biroq ushbu “kompensatsiya”ni olish uchun avval 5 mingdan 20 ming rublgacha miqdorda “soliq” to‘lash talab etilgan. Natijada jabrlanuvchilar jinoiy guruh a’zolari tomonidan taqdim etilgan turli bank kartalariga jami 9 million 599 ming 561 rubl pul o‘tkazib berishgan.
Shuningdek, guruhning 3 nafar a’zosi kriptovalyutalar savdosini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olmasdan, amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda qariyb 470 ming AQSh dollariga teng kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani ham aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudi hukmiga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruh a’zolari Jinoyat kodeksining 168, 243, 278-7 va 278-8-moddalari bilan aybli deb topildi. Ulardan 21 nafariga 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Qolgan 13 nafarga nisbatan 4 yil 3 oydan 4 yil 6 oygacha ozodlikni cheklash jazosi va jarimalar qo‘llanildi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter