Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir kunda tonnalab chiqindi to‘kiladigan Ohangaron poligonidan fotoreportaj

Bir kunda tonnalab chiqindi to‘kiladigan Ohangaron poligonidan fotoreportaj

Foto:«Xabar.uz»

Bugun Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan chiqindilar poligonida O‘zbekiston ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti hamda «Maxsustrans» DUK hamkorlikda chiqindi muammosi yoxud ekologik madaniyat qanday shakllanadi» mavzusida aksiya tashkil etildi.

«Ayni paytda poligon  98 foizga to‘lgan. Chiqindixona Toshkent shahri bo‘yicha bir kunda 2 tonna chiqindi qabul qilib oladi», — deydi «Maxsustrans» DUK rahbari maslahatchisi Ismoil Sagdullayev.

Yana ma’lum bo‘lishicha, respublika bo‘ylab 197 ta chiqindi poligonlari bor, 24 tasi umuman talabga javob bermaydi.

Poligonga olib kelinadigan chiqindilar orasida eng og‘riqli muammo 300 yildayam chirimaydigan yelim xaltalar. Plastmassa idishlar  qayta ishlanayotgani bois, baklashka va yelim idishlarga ko‘zimiz tushmadi.  Ammo bu yerda nimalar bor demaysiz. Eski-tuski kiyimlardan tortib, kechagina yaxshi niyatlar bilan sovg‘a qilingan kartinkalargacha...

Ikki yoshning yaxshi niyatlar bilan turmush qurishi uchun sabab bo‘lgan uzukning yurakchali  va fotiha shirinligining alvon rangli qutisigacha, bolalar koptokchalaridan tortib butun chinni idishlargacha uchratishingiz mumkin.

Chiqindixonada faqat keraksiz chiqindilar bor desangiz yanglishasiz. Bu yerning o‘z «egalari» bor. Tom ma’noda poligon jonivoru qushlarni oziq-ovqatdan tortib ko‘rpa-to‘shakkacha  «ta’minlaydi».

Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»

Texnikalarga javobgar bo‘lgan xodimning aytishicha kechasi bu yerlarda 250 dan ortiq daydi itlar oziqlanarkan. Nima ham derdik: Turkiya kabi rivojlangan davlatlarda itlar uy ichida yoki shaharning o‘rtasida yashayotgan bo‘lsa, bizda hatto uy hayvonlariyam chiqindixonada. Hamrohimizning ta’kidlashicha, bu itlarni uy egalari shahardan tashlab ketisharkan.  Mayli, shunisigayam shukr, otlovkalarda (itlarni tutib maxsus saqlanadigan joy)xor bo‘lib ochdan och o‘lgandan yoki shaharda mashina urib yuborganidan, ovqat izlab izg‘iganidan ko‘ra, mana shu yerda beminnat jon saqlagani afzal. Shunaqa, poligonga tirik jonzotlar ham tashlab ketiladi. Kunduz son-sanoqsiz sanitar qushlar — qarg‘alar va chag‘alaylar yopirilsa,  kechasi itlar izg‘iydi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlarning barchasi poligonlar, chiqindi tashiydigan mashinalar kechayu kunduz tinim bilmay ishlagani, bu sohada tinimsiz izlanishlar qilingani bilan agar odamlarda ekologik madaniyat shakllanmas ekan, muammolar muammoligicha qolaveradi, ya’ni chiqindi o‘zining zarari, havoni ifloslantirishi bilan tabiatga o‘z «so‘z»ini aytaveradi.

Foto:«Xabar.uz»

Poligonda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, loyihalar, rekultivatsiya qilingan hududdan yaqin kelajakda gaz ishlab chiqarilishi – bu endi alohida mavzu...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring