Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Kun.uz» jurnalistlariga tajovuz. Holat jiddiy surishtiruvni talab etadi! (video)

«Kun.uz» jurnalistlariga tajovuz. Holat jiddiy surishtiruvni talab etadi! (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

«Kun.uz» sayti jurnalistlari Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining tajovuziga uchradi. Bu haqda saytning o‘zi xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, 14-avgust kuni «Kun.uz» xodimlari «Xiva stroy» MChJ murojaatini o‘rganish jarayonida Olmazor tuman hokimligida bo‘ladi. Murojaatga ko‘ra, MChJ tomonidan tumandagi «Ibrohim ota» mahallasida 2 qavatli uylar qurilib, kam ta’minlangan va muhtoj oilalarga berilgani, bu uylarni qurish uchun MChJ tomonidan jami 1,5 mlrd so‘mga yaqin qiymatdagi ish bajarilgani, biroq shundan 800 million so‘mga yaqini 2018-yilning yanvar oyidan buyon berilmay kelinayotgani aytiladi.

Jurnalistlarga peshvoz chiqqan Olmazor tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahabov dastlab tadbirkorlarga, so‘ng «Kun.uz» xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda munosabatda bo‘ladi. So‘ng videotasvirga olmaslikni talab qilib operatorga tashlanadi va o‘zini bosib ololmay, tajovuzkorona harakatlarini davom ettirib, tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasini (shtativ) sindirib tashlaydi!

Xabarda alohida ta’kidlanadiki: «Achinarlisi, voqeaga guvoh bo‘lib turgan ichki ishlar xodimi va hokimlik vakillari ham bu holatga tomoshabin sifatida qarab turishdi. Zo‘ravon o‘rinbosar esa muxbirlarni prokuraturaga topshirib yuborish bilan tahdid qildi». Yana: «...Qayd etish kerakki, bu Abdurasul Vahabovning «Kun.uz» ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuz qilishi emas. Shu yilning yanvarida ham aynan ushbu amaldor ko‘pchilik oldida ogohlantirib o‘tirmay, sayt videokameralariga yopishib, operatorlarga tashlangan edi. O‘shanda bu holatga ko‘z yumilgandi. Biroq, mas’ul shaxsning bu safargi harakati hech qanday axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi xabarda.

...«Xabar.uz» jamoasi «Kun.uz»dagi hamkasblar bilan birdam ekanini izhor qilishi barobarida vakolatli organlardan  mazkur holat  bo‘yicha  jiddiy va xolis surishtiruv o‘tkazishni so‘raydi.

Voqealar rivojidan kelib chiqib, tahririyat mavzuga qaytadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring