Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lola Hotamova: «27 yildan keyin zangori ekranga qaytdim»

Lola Hotamova: «27 yildan keyin zangori ekranga qaytdim»

AQShda ancha yillar ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga ko‘mak beruvchi tashkilotda koordinator bo‘lib ishladim.

Foto: Lola Hotamova shaxsiy arxivi.

Lola Hotamova! Bu ism tilga olinishi bilan katta avlod vakillari ko‘z oldiga siyosat olamidagi voqea-hodisalarni mahorat bilan sharhlagan, bir necha tilda ravon gapira oladigan telejurnalistning samimiy qiyofasi namoyon bo‘ladi. Ba’zi sabablarga ko‘ra O‘zbekistondan chiqib ketgan, ayni paytda AQShda istiqomat qilayotgan bu hamyurtimiz bugun sahifamiz qahramoni. Lola Hotamova haqida ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga suhbatimiz davomida javob olishingiz mumkin.

— Vatanga xush kelibsiz, Lola opa. Sizni O‘zbekistonda ko‘rganimizdan xursandmiz. Qadrdon televideniye sizni quchoq ochib kutib olganini eshitib quvondik.

— Rahmat. Men ham kelganimdan juda xursandman. Televideniye ishining tuprog‘i og‘ir bo‘ladi, odam undan uzilib ketishi qiyin, qo‘msab turadi. Talabalik davrimdan beri efirga chiqib yurganim uchun 1991 yili hech qanday sababsiz efirga chiqarmay qo‘yishgani menga juda qattiq ta’sir qildi. Odam yaxshi ko‘rgan ishidan judo bo‘lsa qiyin ekan. Boshqa ishlarni qilib ko‘rdim, lekin baribir televideniyedan ko‘ngil uzolmadim. Hatto tushlarimda ham mikrofon ushlab, kamera qarshisida turganimni ko‘rardim, rosa xumori tutardi. Mana, 27 yildan keyin yana zangori ekran orqali muxlislar bilan uchrashish nasib etdi. Lekin, ochig‘i, rosa hayajon bosdi, hatto ovozim ham o‘zgardi, bu o‘zimga ham sezildi (ko‘ziga yosh oladi). Albatta, xursandligimning chek-chegarasi yo‘q. Ayniqsa, meni unutishmagani, hali ham muxlislarim borligidan quvondim.

Foto: Lola Hotamova shaxsiy arxivi.

Shuncha yil ko‘rinmaganimdan keyin odamlarning esidan ham chiqib ketgan bo‘lsam kerak deb o‘ylagandim. «Feysbuk»da ba’zi tanishlar «sizni ko‘rib onam yig‘lab yubordi» deb yozishdi. Odamlarning qalbida shunchalik hissiyotlar uyg‘ota olganimdan o‘zimni juda baxtiyor his qildim. Chunki hayotda eng muhimi yaxshi nom qoldirish deb o‘ylayman. Televideniyeda bir paytlar birga ishlagan odamlar bilan yana uchrashib, juda xursand bo‘ldim. Alisher Xo‘jayev men uchun vaqt ajratib, televideniyening yangi binosi — telemarkazni birga aylanib, ekskursiya qildirdi.

— Agar sizga televideniyeda yana bir bor ko‘rsatuv tayyorlash topshirilsa, qanday dastur va mavzuga qo‘l urgan bo‘lardingiz?

— Nazarimda, hozir ham mualliflik ko‘rsatuvi tayyorlash qo‘limdan keladi. Chunki ilgariga qaraganda hozir o‘zimni ancha mushohadali jurnalist sifatida tasavvur qilaman. Masalan, «Olamda nima gap?»da faqat teletaypda o‘qigan xabarlarim asosida gapirgan bo‘lsam, endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan, guvoh bo‘lgan voqealar haqida gapira olaman. Menimcha, turizm bilan yoki xalqaro ahvol bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar mavzularini ham yorita olaman.

Foto: Lola Hotamova shaxsiy arxivi.

— Sayohatni yaxshi ko‘rishingizdan xabarimiz bor...

— Juda yaxshi ko‘raman. Yoshligimda biz maktab o‘quvchilarini uch oy Moskvaga pioner lageriga yuborishgandi. O‘shanda menda sayohatga havas uyg‘ongan. Hindistonda o‘n oy o‘qidim, kruizlarida bo‘lganman. Avstraliya, Fiji oroli, Malayziya, Singapur, Dominikan... Amerikaning 28 ta shtatida bo‘ldim, qolgan 22 shtatini ham ko‘rish niyatim bor. Bilasizmi, yangi davlatlarga borsam kayfiyatim ko‘tariladi. Yangi joylarni ko‘rish asnosida o‘sha yerning odamlari, urf-odatlarini kuzataman, o‘rganaman. Sayohatlardan charchamayman.

— Televideniyemizda ayni damda qanday ko‘rsatuvlar yetishmayapti deb o‘ylaysiz?

— Iloji bo‘lsa, jonli ko‘rsatuvlar ko‘paytirilsa. Haddan tashqari tanqidga ham berilib ketmaslik lozim, bor narsani boricha ko‘rsatish kerak. Hamma dasturda tanqid bo‘lishi shartmas. Yaxshi narsalarga ham to‘g‘ri baho bera bilish lozim. O‘zim jonli ko‘rsatuvlarni yaxshi ko‘rardim. Ilgari teleko‘priklar bo‘lardi. Yozib olingan ko‘rsatuvlardan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladigan ko‘rsatuvlar tabiiyroq chiqadi.

— Yosh jurnalistlarga qanday tavsiyalar berishni istaysiz?

— Ular hayotga yaqinroq bo‘lishlari kerak. Jurnalistlar amaldorlar va xalq o‘rtasida ko‘prik, odamlarning o‘y-xayollari, manfaatlari, ehtiyojlari haqida xabar berib turishlari lozim. Keyin ko‘proq til o‘rganishlarini istayman. Rus, ingliz tillarini bilishlari kerak.

— Amerikada televideniye yoki radioda ishlash uchun harakat qilib ko‘rmadingizmi?

— Albatta harakat qildim. Lekin u yerda mahalliy diplomga e’tibor katta. Amerikada o‘qib diplom olishga esa imkonim bo‘lmadi. Men ikki farzandim uchun ham ota, ham ona bo‘lib ishlab, ularni oyoqqa qo‘yishim kerak edi. Ishga berilib ketdim. Agar imkonim bo‘lganida uch-to‘rt yil ishlamasdan o‘qiganimda edi, Amerikada ham o‘zim istagan sohada ishlagan bo‘larmidim...

— Oilangizda o‘zbekona urf-odatlardan qaysilarini saqlab qolgansiz?

— Birinchidan, ikkala qizim bilan ham uyda o‘zbek tilida gaplashamiz. Kuyovim amerikalik bo‘lsa-da, nabiramga Shirin deb ism qo‘ydik. Qizim ham farzandi bilan asosan o‘zbek tilida gaplashadi. Ota-onaga hurmat, kattalarni izzat qilish odatlarini saqlab qolganmiz, o‘zbekcha taomlar, ko‘pincha osh qilamiz. Biz hozir yashaydigan joyda o‘zbeklar kam, asosan amerikaliklar yashaydi. Lekin biz Floridada, o‘z uyimizda «kichik O‘zbekiston» yaratib shundan bahramand bo‘lib yuribmiz.

— Begona yurtlarda vatan sog‘inchini qanday yengasiz?

— Bu borada menga har doim kitob yordam bergan. Ota-onamga rahmat, meni kitobga do‘st qilib tarbiyalashgani uchun. Amerikada o‘z kutubxonam bor, har gal O‘zbekistonga kelganimda kitob olib ketaman. Rashod Nuri Guntekinning «Choliqushi» asari eng sevimli kitobim. Har o‘qiganimda o‘zim uchun yangi bir narsa kashf etaman. O‘tgan yili kelganimda ham yangi nashridan olib ketdim. Rus va ingliz tillarida elektron kitoblarni ko‘p o‘qiyman. Sog‘inchni yengib o‘tishga eng yaxshi yordam beradigan narsa — inson o‘zini ilm bilan band etishi va kitob o‘qish deb o‘ylayman.

— Hayotda har xil vaziyatlar bo‘ladi? Mashaqqatlarga bardosh berish, ularni yengib o‘tish bo‘yicha o‘zingiz yaratgan qandaydir formulangiz bormi?

— Menga doim oilam yordam bergan. Onam juda dono ayol bo‘lgan, 88 yoshida ham xotiralari butun bo‘lgan. Telefon orqali menga doim yaxshi maslahatlar berib turardi. Qiyin vaziyatlarda ham ko‘nglim cho‘kib, tushkunlikka tushib qolmadim. Hayot davom etadi deyishadi-ku. Odam o‘zida kuch topa bilishi kerak. Ota-ona bergan tarbiya, olgan ilmi, kasb-hunari shunaqa paytda asqotarkan. Yurganga yo‘l ochiladi deb bejiz aytishmaydi. Odam qancha oldinga intilsa, shuncha kuch keladi.

Foto: Lola Hotamova shaxsiy arxivi.

— Oxirgi marta Toshkentga qachon kelgandingiz va bu davr ichida yurtimizda qanday o‘zgarishlarni sezdingiz?

— Bir yil bo‘ldi. Lekin shu bir yilda juda katta o‘zgarishlar bo‘lgani sezildi. Odamlarning hayoti yaxshilanib, ruhi tetiklashganini sezayapman. Ko‘chalar chiroyli, yo‘llar kengaytirilib, yangi uylar, ko‘priklar qurilayapti. Yanagi yil kelganimda Toshkentni tanimasam kerak. Televideniyeda chiqishimning o‘zi ham o‘zgarishlardan dalolat-da. Bo‘lar-bo‘lmas gaplar ham bir kishining hayotini hal qilishi mumkin ekan. Men moddiy manfaat qidirib ketib qolganim yo‘q xorijga. Qadrimga yig‘lab ketdim... Lekin haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi deyishgani rost ekan. Mana hozir hammasi iziga tushdi.

— Farzandlaringiz, u yerdagi faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz.

— Amerikaga ikki farzandim bilan ketdim. Katta qizim roman-german fakultetini kontrakt asosida o‘qib tugatdi. Til bilgani uchun qiynalmadi, hozir Nyu-Jersi shtatida oilasi bilan yashaydi, bankda ishlaydi. Kichik qizim Florida shtatida yashaydi. Kompyuter yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritadi. Ikkalasi ham mustaqil, ishi, uy-joyi bor. O‘zim ancha yillar ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarga ko‘mak beruvchi tashkilotda koordinator bo‘lib ishladim. Uch yildan beri Floridada rieltor bo‘lib uy oldi-sotdisi, ijarasi bilan shug‘ullanadigan kompaniyada ishlayman. Buning uchun maxsus kurslarda o‘qib, diplom, litsenziya olganman. Ko‘pchilik pensiyaga chiqqan amerikaliklar keksayganda Florida kabi issiq shtatlarga ko‘chib o‘tishadi. Shuning uchun bu shtatda uy oldi-sotdisi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

— Dunyo ko‘rgan ayol sifatida ayollarimizga qanday tavsiyalar berasiz?

— O‘zbek ayoli bo‘lish oson emas, buni men o‘z misolimda ham ko‘rganman. Qanchalik yaxshi oilada tarbiya ko‘rgan bo‘lmang, tushgan oilangizga moslashishingiz kerak. Bo‘lmasa qiyin. Qiz bola yaxshi oilaga tushsa-ku, xo‘p-xo‘p. Masalan, o‘zim to‘yim kuni «tuzukroq mebel qilishmabdi-da» degan gapni eshitib, juda ranjiganman.

— O‘sha paytda ham bormidi bu gap?

— Ha, qirq yillar oldingi gap bu. Bo‘lmasa, sarpomga nemislarning mebelini qo‘shib berishgan. Shu odatimiz juda yomon. Bir qizni o‘qitib, hunarli qilib boshqa bir oilaga uzatasizu, yana hamma jihozini olib berish kerak. Kuyov yotadigan karovatdan tortib, kiyim-kechagigacha. Prezidentimiz ham bekorga kuyinib «beshta qizi bor ota nima qilsin, o‘zini ossinmi?» demadi-da. Shu sababli, nazarimda, ikki tomon kelishib, murosa-yu madora bilan ish qilishi kerak. Qizlar esa birinchi navbatda hunar, kasb, bilim egallashi lozim. Yaxshi-yomonni ajratib turmushga chiqqani ma’qul. Qaynona bilan kelin o‘rtasida esa diplomatiya bo‘lishi kerak. Bir gapdan qolgan odam kam bo‘lmaydi. Bir paytlar Amerikada ajrashishlar ko‘p edi, hozir afsuski, o‘zimizda ham biroz ko‘paygan.

— Ko‘plab siyosiy arboblar bilan suhbatlashgansiz, ular orasidan eng esda qolarli suhbat kim bilan bo‘lgan?

— Hindistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Narasimxa Raodan intervyu olganman. Keyin Hindistonning yurtimizdagi elchisi bilan ham suhbatlashganman. Lekin siyosiy arboblardan Sharof Rashidov bilan bo‘lgan suhbat katta taassurot qoldirgan. Juda mehribon, xushmuomala, adolatli, xalqparvar rahbar edi.

— Lola opa, sizni hamon unutmagan muxlislaringizga tilaklaringiz?

— Yurtdoshlarimiz sog‘-omon bo‘lishsin. Men O‘zbekistonning haqiqiy farovon mamlakat bo‘lishini istayman. Vatanimiz boy, hamma narsamiz bor. O‘zbekiston dunyoga faqat yaxshi nom bilan chiqishini xohlayman. Tarixda buyuk siymolarni bergan xalq yana shunday qadrga munosib.

— Maroqli suhbatingiz uchun tashakkur.

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi.

«Darakchi» gazetasidan olindi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring