Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mandarin-o‘rdak qaytdi

Mandarin-o‘rdak qaytdi

Bugungi kunda Chelyabinsk shaharida sanoat yalpi munitsipal mahsulotning yarmini beradi. Shu sababli bundan korxonalarning atrof-muhitga ta’siri ekologik muammoning jiddiy tus olishiga sabab bo‘layapti.

Rossiya Hukumati raisining o‘rinbosari Viktoriya Abramchenko xonimning shu yil boshida o‘tkazgan katta majlisida ham, havoga zaharli chiqindilar chiqarish bo‘yicha Rossiyaning eng yomon ko‘rsatkichga ega 12 ta shaharlari orasida Chelyabinsk yetakchilik qilayotgani jiddiy tanqid bilan ta’kidlangan edi.

Shu sababli bu shaharlarning har biri alohida dastur ishlab chiqishi kerakligi bo‘yicha topshiriq berildi.

Bugungi kunda Chelyabinsk shaharini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bu ekologiya muammosini samarali hal qilish hisoblanadi.

Bu maqsadda 2020 yil dekabrdan shaharda Mintaqaviy ekologik monitoring markazi faoliyat ko‘rsatayapti. U kechayu kunduz atmosfera havosini uch tizimli usulda kuzatib boradi va ifloslovchi uchoq haqida tezkor ma’lumotlarni nazorat qiluvchi organlariga taqdim etib boradi. Shu tariqa nohush holat 2-5 soat ichida bartaraf etiladi.

«Ma’lumotlar Rosgidrometning 5 ta statsionar posti, viloyatning 9 ta statsionar va ikki harakatlanuvchi postlari hamda 5 ta kichik hajmli stansiyalar orqali olinadi. Boshqacha aytganda, atmosfera havosi onlayn-rejimda kuzatib boriladi», deydi markaz direktori Vladislav Korobkin.

Albatta, bu kabi monitoring markazlari bizning katta shaharlarimiz uchun ham zarur va kerak, degan fikr xayolimdan o‘tdi.

Hozirda shaharning bosh plani ishlab chiqarilmoqda. Ekologik muammolar samarali hal etilishi bilan uning qiyofasi butunlay o‘zgarishi, odamlarni o‘ylantirayotgan va e’tiroziga sabab bo‘layotgan jarayonlarga aniq javob topilishi shubhasiz.

O‘tgan yili «Ekologiya» loyihasi doirasida 2,9 milliard rubl ajratilib, shaharning Metallurgiya tumanidagi yirik chiqindixona qayta madaniylashtirilgan edi. 74 gektar joyga zamonaviy va badbo‘y hidlar chiqmaydigan yangisi qurilib, qattiq kommunal chiqindilar tashlash uchun esa 637 ta maydonchalar barpo etildi. 

Meni o‘ziga lol qoltirgan jihati shaharning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 12 ming gektari yashil hudud hisoblanadi. 8 ta shahar va tuman parklari, 128 ta xiyobonlar, 19 ta bulvar faoliyat ko‘rsatmoqda. Vaholanki, Toshkent shahrida yil sayin daraxtlar soni va hiyobonlar qisqarib, o‘rniga atrofida na bolalar o‘ynashi va na yashillik yaratish uchun joy kamayib borayotgani ko‘nglimizga og‘riqli botadi.

Vaholanki, hozir dunyoda 6 mingga yaqin parklar bor. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kimki ular yashash hududiga yaqin joyda bog‘-rog‘lar, ko‘rkam parklar bo‘lsa, o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishligi rasman qayd etilgan. Parklarni rivojlantirish shaharning jozibadorligini ham oshiradi. Shu bilan birga mo‘may daromad ham keltiradi. Yevropada parklarning har gektari yiliga 280 ming yevro daromad keltirishi hisoblab chiqildi.

Shahar meri Natalya Kotovaning qat’iy sa’y-harakatlari bilan o‘tgan yili shahar tarixida rekord darajada, ya’ni 13 mingga yaqin daraxt, 113 ming ko‘chat va 228 ming kvadrat metrga gazonlar ekilgan. Zamonaviy shahar muhitini yaratish uchun joriy yilda 320 million rubl ajratiladi.

Hatto mer xonim ko‘pchilik mahalliy amaldorlarning diydiyo va noroziligiga qaramay, kent ko‘chalaridagi barcha chiqindilarni yig‘ishtirish va atrofni shoh-shabba, keraksiz chiqindilardan tozalash bo‘yicha shahar administratsiyasi xodimlari ishtirokida shanbalik tashkil etib yubordi.

Xonim bu qarshiliklarga javoban, «Shaharda aholi qulayligi uchun sharoit yaratish va uning ozodaligi mahalliy ma’murlarning birlamchi vazifasi bo‘lishi kerak va saranjomlik bobida avvalo biz amaldorlar hammaga o‘rnak bo‘lishimiz kerak», deya ta’kidlagan ekan.

Yaqinda Chelyabinskning Markaziy tumanida yo‘lovchilar ilk bora «Qizil kitob»ga kiritilgan mandarin-o‘rdakni uchratishgani ham tabiat o‘z o‘zaniga qaytayotganidan dalolat beradi.

Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist,
Toshkent-Chelyabinsk

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring