Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mark Rochman: «Menda O‘zbekistonga oid bitta yomon, bitta yaxshi xabar bor»

Mark Rochman: «Menda O‘zbekistonga oid bitta yomon, bitta yaxshi xabar bor»

Mark Rochman.

Foto: «Inha.uz»

O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud, biroq mamlakat o‘z o‘rnini topishi kerak. Bu haqda «Openbucks» kompaniyasi asoschisi va prezidenti Mark Rochman ma’lum qildi.

Mark Rochman 2018-yil 14-mart kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari va professorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi va Kremniy vodiysidagi ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv davomida Rochman shunday dedi: «Menda bitta yomon, bitta yaxshi xabar bor. O‘zbekiston bozori yetarlicha katta emas. Yaxshi yangilik shundaki, O‘zbekiston yirik mintaqaning markazida turibdi va siz ushbu bozorni qamrab olishingiz mumkin».

Shu bilan birga, u mamlakat o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidladi. Misol uchun, Isroil kiberxavfsizlik sohasida, Janubiy Koreya esa kompyuter o‘yinlari sohasida yetakchi davlatlardir. O‘zbekiston ham ushbu sohada o‘zining kuchli tomonini topishi va bu yo‘nalishda yechimlarni ishlab chiqarishi kerak.

U O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi rivojlanib borayotgani va yoshlar katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi. «Openbucks» rahbari O‘zbekiston yoshlari chet elda emas, balki mamlakat ravnaqi uchun ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Rochmanning fikricha, yoshlar pulning ortidan quvmasliklari kerak. U katta kompaniyalar katta pul taklif qilishini ta’kidladi, ammo kichik kompaniyalarda ular o‘z bilimlarini oshirib, ko‘proq bilimga ega bo‘lishlari mumkinligini qayd etdi.

Uchrashuv davomida u talabalarga o‘z tavsiyalarini berdi. Yoshlar albatta ingliz tilini bilishlari va mavjud muammolarga yechim topadigan loyihalar ustida ishlashlari lozim. Agar loyihangiz bir muammoni hal qilsa, u muvaffaqiyatli bo‘ladi, dedi Rochman. Bozorda ko‘plab qiziqarli fikrlar mavjud, ammo ularning ko‘pchiligi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, chunki mazkur loyihalar odamlarga muammolarni hal qilishda yordam bermaydi.

U O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlardagi mavjud muammolarni o‘rganishni maslahat berdi va innovatsiyalar asosida ushbu muammolarni hal qilishni taklif qildi.

Tadbirkor shuningdek, har doim o‘g‘liga boshqalarga qaraganda yaxshiroq bo‘lishi kerakligini uqtirishini aytdi. «Men sizlarga ham shuni aytaman, agar siz boshqalardan yaxshiroq bo‘lmasangiz, sizning o‘rningiz o‘zgalar tomonidan, masalan, Hindiston yoki Xitoy mutaxassislari tomonidan egallab olinadi», — dedi u.

Uchrashuv yakunida «Openbucks» asoschisi va prezidenti Mark Rochman IUT talabalari va professor-o‘qituvchilari savollariga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, «Openbucks» rahbari AKT vazirligi hamda BMTTDning «Samarali Davlat Boshqaruvini rivojlantirish va Raqamli Transformatsiyaga ko‘mak qo‘shma loyihasi orqali O‘zbekistonga taklif qilingan edi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring