Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mashhur filmdagi «vaqt mashinasi» haqida nimalar ma’lum?

Mashhur filmdagi «vaqt mashinasi» haqida nimalar ma’lum?

Taniqli kinorejissyor Leonid Gayday «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» kinokomediyasini ishlashdan oldin konstruktorlik byurosiga murojaat qildi. Mutaxassislar film uchun vaqt mashinasi modelini ishlab chiqishlari kerak edi. Olti oy davomida ular tushunib bo‘lmas nimalardir qildilar va salkam haqiqiy kosmik kema loyihasini ishlab chiqdilar.

Filmning bosh qahramoni – yolg‘iz kashfiyotchi Shurik, hatto eng jasoratli orzularida ham bunday texnik mukammallikka yaqinlashmagan bo‘lardi.

Yo‘q! Mutlaqo yangi yechim talab qilinardi. Muddat allaqachon o‘tib borardi. Suratga olish ishlari tugashi arafasida, ammo rejissyor Ivan Vasilevichni o‘tmishga, ikkinchisini esa bizning davrimizga «jo‘nata olmay» xunob edi. Ana shunda Gaydayga maslahat berishdi: «Mosfilmda Pochechuyev familiyali mutaxassis bor. Bu ishni ana shu odam uddalaydi».

O‘sha paytda Pochochuyev «Ruslan va Lyudmila» filmida rassom-haykaltarosh bo‘lib ishlagan va u haqidagi duv-duv gaplar barcha hunarmandlarning javohiri sifatida butun «Mosfilm» bo‘ylab tarqalgan: Pochochuyev ertakdagi o‘rmon va Chernomor saroylarini bunyod etgan edi.

Muzokaralar teng sharoitlarda olib borildi. Gaydayning vaqti kam, Pochechuyev esa puldan qiynalardi. Va ikki kundan so‘ng umidsiz direktor oldida yangi loyiha yotardi.

Vyacheslav bir varaq katta qog‘oz olib kelgandi. Unda ko‘mir bilan NIMADIR tasvirlangan: naychalar, kolbalar, sharlar, buloqlar, ilonlar bor edi. Va – simlar! G‘irt mavhumlik va misli ko‘rilmagan surbetlik! Ijodiy guruh qotib qoldi. Suratga olish jarayoni aniq chippakka chiqqan edi... Lekin Pochechuyev yaxshigina gapdon, uddaburon va ishontira oladigan odam edi. Va Gayday taslim bo‘ldi va boshqa «kashfiyotchi»ni izlab o‘tirmadi.

Juda qisqa vaqt ichida, rost yoki yolg‘on aralash mashina yig‘ilib, taxt bo‘ldi. Pochechuyevga yordam berish uchun ikkita chilangar tayinlangan edi. Ular ombordan Tarkovskiyning «Solari»sidan qolgan ba’zi ashqol-dashqollarni olib chiqishdi. Klin shahridagi shisha zavodiga borib, buyurtma berishdi (mish-mishlarga qaraganda, mazkur buyurtmani ertasi kuni puflash sexidagi Vasya amaki ikki shisha aroq evaziga tayyorlab bergan). Shundan so‘ng kimyoviy reaksiya tajribalari uchun oddiy va miltillovchi chiroqlar, reaktivlar va shisha idishlar sotib olishdi. Nihoyat mashina pavilonda bor bo‘yi bilan savlat to‘kib turar edi.

«Vaqt mashinasi» ishlashi bilanoq, birinchi taqdimotdan boshlab butun suratga olish guruhi qiziqib qoldi. Uning ichidan qandaydir sirli tarzda ovoz chiqarar, chaqnab, gurkirab, chayqalardi. Film qutqarib qolindi.

Natijada haykaltarosh «Mosfilm»dan qirq rubl miqdoridagi mukofot va buxgalteriya bo‘limidan sertifikat oldi. Unda: «Pul vaqt mashinasi ixtirosi uchun berilgan», deb yozilgan va hech qanday qo‘shtirnoq qo‘yilmagan edi.

Internet ma’lumotlari asosida
Akbar Fathullayev tayyorladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring