Mashinasi «jarima maydoni»ga tiqib qo‘yilgan fuqaro o‘sha joyda o‘zini osishga urindi
Farg‘onada mashinasini «jarima maydoni»ga olib kirilgan fuqaro bunga norozilik tariqasida o‘z joniga qasd qilishga urindi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayni mazmundagi xabarni Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi: darhaqiqat, shunday voqelik kecha (22-iyul) Farg‘ona shahrida yuz berdi.
Aniqlanishicha, shu yilning 22-iyul kuni soat 16.30 chamasida «Lasetti»ni boshqarib kelayotgan fuqaro N. Yu. (33 yoshda) Toshloq tumanidan Farg‘ona shahriga kirish qismida o‘rnatilgan blok-postda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.
Transport vositasini ruxsat etilmagan vaqtda boshqarib yurgani, tegishli stikeri yo‘qligi uchun N. Yu.ga nisbatan belgilangan tartibda MJtKning 54-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va «Lasetti» Farg‘ona shahridagi jarima maydonchasiga olib kiriladi. Ayni shu jarayonda haydovchi bundan norozi bo‘lib, jarima maydonchasi hududidagi archa shohiga arqondan (o‘z mashinasi yukxonasida tirkama uchun saqlanib kelgan arqon) sirtmoq yasab, o‘zini osishga harakat qiladi.
O‘sha joyda bo‘lgan Milliy gvardiya xodimlari va boshqalarning o‘z vaqtida qilgan harakatlari natijasida ko‘ngilsiz holatning oldi olinadi.
N.Yu. tanasida hech qanday jarohatlar mavjud emas, sog‘lig‘ida buzilishlar aniqlanmagan.
Ayni paytda Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter