Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mehri Bekjonova: «Hammaning boradigan joyi bitta, unvoni bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham»

Mehri Bekjonova: «Hammaning boradigan joyi bitta, unvoni bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham»

Xalqimizning sevimli aktyori, O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekjonov va uning kasbdoshi, hamfikr, hammaslagi, turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston Res­publikasi xalq artisti Mehri Bekjonova bilan suhbatimiz hayotning goh tekis, goh notekis yo‘llari, xalq e’tiboriga tushish mashaqqati, odamlar mehrini qozona olish va shu muhabbatga, hurmatga munosib bo‘lib, baxtli yashash sirlari haqida bo‘ldi.

– Mehri opa, men sizni negadir Aleksandr og‘a kabi xorazmlik bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylar edim. Chunki bir-biringizga juda munosib juftliksizlar.  

– Asli Namangan viloyatining Pop tumanidanman. 1979 yilda talaba bo‘ldim, Sasha aka 1980 yilda student bo‘lganlar. Sobiq Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik san’ati (hozirgi O‘zbekis­ton davlat san’at va madaniyat) institutining musiqali drama aktyori fakultetida tahsil olganmiz. U kishining yoshlari mendan katta bo‘lsa ham bir kurs keyin tahsil olganlar. Chunki Xorazmdagi Xarratov nomidagi bilim yurtini tugatib, iste’dodini mustahkamlab, keyin ins­titutga o‘qishga kelganlar. Taqdirni qarangki, hamqish­log‘im Munavvara Boboyeva bilan kursdosh bo‘lishgan.

Kunlarning birida yotoqxonada qish­loqdoshimni izlab, ularning kursi pesa sahnalashtirayotgan xona eshigini taqqillatdim. Spektakl tayyorlashayotganini ko‘rib, xijolat bo‘lib, sekin ortimga qaytib chiqib ketayotsam, Munavvara «Ketmang, iltimos, Sashaning yonida o‘tirib, kelin rolini o‘ynab bering, to‘y sahnasini tayyorlayotgandik, iltimos, ertaga domlaga ko‘rsatishimiz kerak», deb turib oldi. Ertasiga spektaklni ijro etib berishlari kerak, amma, xola, qaynona-qaynota rollari egalari bor-u, faqat kelin rolini o‘ynaydigan qiz kelmay qolgan ekan... Rad etishimga qaramasdan yordam so‘rashdi, kelin rolini ijro etdim. Shu-shu, oramizda iliq munosabat paydo bo‘la bosh­ladi... Birimizning nomimiz kelin, birimizniki kuyov bo‘lib qoldi. Qarasam, baland bo‘yli, kelishgan va jiddiy yigit. Shunday qilib tanishuvimiz muhabbatga aylandi. Demoqchimanki, sahnadagi kelin-kuyovlar bahona taqdirimiz bog‘lanib ketdi. Bir-birimizga ko‘ngil berdik...

Sasha akaning onasi olamdan o‘tgan edi. Opasi, akasi, Ahmadjon ismli o‘rtog‘i sovchilikka borishgan. 1985 yil to‘yimiz bo‘ldi. Qizig‘i, men 3 marta kelin ko‘ylak kiyganman. 25 iyunda Toshkentda nikohdan o‘tib, «Shirin» kafesida «vecher»imiz, bir haftadan so‘ng 2 iyulda Popdagi hovlimizda katta to‘y bo‘lgan. Yana kelin ko‘ylak kiyganman. Keyin Toshkentga kelib, Muqimiy nomidagi O‘zbekis­ton davlat musiqali teatridagi ishimdan mehnat ta’tiliga chiqib, Xorazmga ketganmiz: Hazoraspga yetganimizda oq liboslarni kiysak, hamma hayron qolgan «e-e, kelin opkelayotgan ekanmiz-da Xorazmga», deb. Biz Xonqaga kelin-kuyov bo‘lib borganmiz va xorazmcha urf-odatlar bo‘yicha to‘y qilishgan.

1986 yili turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatga ketgach, men Namanganga qaytdim. Dildoraxon qizim tug‘ilib, bir yarim yoshga kirganida Sasha aka armiyadan kelganlar va biz yana Toshkentga qaytib, yotoqxonada yashab, qizimizni bog‘chaga berib, ijodimizni davom ettirganmiz. O‘sha paytlarda bor kuchimizni ijodga, ishga baxsh etgan ekanmiz. Oradan 9 yil o‘tib, Diyorbek o‘g‘limiz dunyoga keldi.

– Sovchilar eshigingizni taqqillatishganida Aleksandr akaning ismi ota-onangizni o‘ylantirmaganmi? Hech qiziqqanmisiz, u kishiga ruscha ism qo‘yish­lariga nima sabab bo‘lgan?

– Men onamga Sasha aka bilan bir-birimizni sevishimizni, faqat shu yigit bilan baxtli bo‘la olishimni, sohamiz birligini aytganman. Albatta, aytganingizdek, ismi birinchi o‘rinda e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Men u kishining otasi o‘zbek va onasi rus ayoli bo‘lgani uchun farzandlariga ruscha ism qo‘yganlarini aytganman. Qaynonam urush paytida Ukrainadan kelib, O‘zbekistonda, Xorazmda yashab, turmush qurib, shu yerda yashab qolgan. Albatta, onam va opoq dadam rahmatli biroz norozi bo‘lishgan, ammo o‘rtamizdagi mehr-muhabbatni ko‘rib, to‘yga rozilik berishgan. Sasha akani ko‘rib, gaplashib, mehmon qilishgan va yaxshi ko‘rib qolishgan. 

– 1970 1980 yillarda qizlarining aktrisa bo‘lishiga hamma ota-onalar ham ko‘navermasdi. Shunday emasmi?

– Men Popda oddiy oilada tug‘ilib o‘sganman. Opoq dadam temirchi usta edilar. Onam kolxozda ishlaganlar, onamning turmushlari buzilgani uchun buvim va bobomnikida ulg‘ayganman. Maktabdayam harakatchan bo‘lganman. Bironta tadbir mening ishtirokimsiz o‘tmasdi. O‘yinqaroq bo‘lish bilan birga a’lochi va jamoatchi edim. Maktabimiz faoli sifatida Toshkentga kelib, tadbirda uchta qo‘shig‘im bilan ishtirok etganman. Bu mening san’atga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada kuchaytirgan. Hattoki yoshligimda velosiped, mototsikl ham haydaganman. Shaddod qiz edim. Opoq dadamning temirchilik ustaxonasiga kirib, ularga ham qarashardim, dalada ishlardik, non yopardik. Gapning qisqasi, nima ish bo‘lsa qilib ketaverardim.

To‘g‘ri, u paytlarda qiz bolalarning san’atkor bo‘lishiga ruxsat berishmasdi. Hattoki ammam to‘garakka qatnashganlarida amakim «sen qo‘shiq ayt­moqchimisan», deb oyoqlariga xipchin bilan urib olib ketishgan. Lekin menga hech kim qarshilik qilmagan. Mendagi iqtidor va iste’dodni qarindoshlarimiz ham yaxshi bilishardi. Maktabda a’lo baholarga o‘qiganman. Direktorimiz «Maktabimiz yulduzi bu!» deb alqardilar. Balki shuning uchun mening yo‘limga to‘siq bo‘lishmaganmi, bilmadim. U paytlari mashhur san’atkorlar viloyatlarda, qishloqlarda yurib, yosh talantlarni izlashar edi. O‘zbekiston xalq artisti Farog‘at Rahmatova maktabimizga borib, ko‘pchilik tengdoshlarim orasidan meni tanlab, Toshkentga o‘qishga taklif etgan. Oradan 3 yil o‘tib, Mo‘minjon tog‘am meni o‘qishga olib kelgan.

– Aleksandr og‘aning yoshligi, bolaligi haqida nimalarni bilasiz?

– Sasha aka ham yoshligidan tirishqoq, o‘qishga ishtiyoqi baland, mehnatkash bola bo‘lganlar. Xonqadan Urganchga qatnab, bilim yurtida o‘qigan. Erta tongda onasi tandirga non yopar, Sasha aka ularga qarashar ekan. U kishining har bir ishni o‘z vaqtida bajarishi, mehnatkashligi, menga ham har bir ishda ko‘makdoshligi yoshligida olgan tarbiyasi mahsuli, deb o‘ylayman.  

– Ikki nafar yosh aktyor oyoqqa turib, xalqqa tanilguncha ancha-muncha qiyinchiliklarni boshdan kechirgan bo‘lsangizlar kerak?

– Bolalarimiz kichikligida qiyin­chilik­lar bo‘lgan, albatta. Teatr­da bosh rollarni berishardi, ularni maromiga yetkazib ijro etish vaqt va imkoniyatga bog‘liq. Bolalar yosh, ularga ham vaqt ajratish kerak. Bolalarni bog‘chadan olib, teatrga olib kelib, o‘zimiz repetitsiya qilardik, pesa qo‘yardik. Moddiy imkoniyatimiz nochor edi. Hattoki o‘sha paytlarda Sasha aka ro‘zg‘or tebratish uchun menga bildirmasdan mardikorlikka ham chiqar ekan. Lekin biz hecham nolimaganmiz, boriga qanoat qilganmiz, bir-birimizga suyanchiq bo‘lganmiz.  

– Kasbdoshlarning oila bo‘lib shakl­lanishining afzal tomoni ham, noqulay tomonlari ham mavjud. Ayniqsa, aktyorlikda. Gohida kimdir oilasi mus­tahkamligi uchun mashhurlikdan kechishi, uyda o‘tirib, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi kerakday chamamda...  

– San’atkorning ayoli bo‘lish ham, san’atkorning eri bo‘lish ham oson emas. Turli gap-so‘zlar aylanadi atrofida. Albatta, oila, bolalar tarbiyasi, ijod mashaqqati – bularni birga olib borish uchun er-xotin bir-birini yaxshi tushunishi, aytish mumkinki, sevishi kerak, bir-biriga fidoyi bo‘lishi lozim. Omadli tomonimiz bu xis­latlar bizda bor edi va bir teatrda ishlardik: bir-birimizning ko‘z oldimizda edik. S’yomkalarda, to‘ylarda, ishda, hamisha birga edik. El xizmatiga ilk bor turmush o‘rtog‘im bilan birga chiqqanmiz. Bu esa oila iqtisodiga ijobiy ta’sir qila boshlagan. Hamisha, har yerda birgaligimiz bizni rashk, shubha-gumon tufayli kelib chiqadigan ko‘ngilxiraliklardan asragan. Hamisha yoningda, ko‘z oldingda, ish bilan band yurgan jufti halolingning nimasini rashk qilasan!

Bizning eng katta yutug‘imiz shu edi va baxtli bo‘lishimizga sababchi ham birga ishlashimiz, deb o‘ylayman. Er-xotin san’atkorlar bir-birining ijodini hurmat qilsagina baxtli bo‘ladi va muvaffaqiyatga erishadi. Bolalarimizga qarashga, yordam berishga hech kim bo‘lmagan. Bolalarimizni teatrga opkelib, rol o‘ynagunimizcha hamkasblarimiz qarab turishgan. Ammo har qanday holatda ham Sasha aka menga: «Bolalarga qara, uyda o‘tir, san’atni yig‘ishtir», demaganlar. Shunday deganlarida oilamni saqlab qolish uchun balki ko‘nardim… 

– Hayot sizlarni qanday sinadi va nimalar bilan siyladi?

– Hayotimizda bizga ko‘proq yaxshi insonlar uchragan. Teatrda «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Mangulik», «Gul va Navro‘z», «Nodirabegim» kabi asarlarda asosiy rollarni ijro etganmiz. Albatta, kimgadir shayton nega bu rolni sen emas, u o‘ynashi kerak, deya ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi. Hayot hech qachon bir tekis ketmaydi. Shunday pallalarda Alloh bergan aql-farosat, sabr va shukr, chiroyli muomala bilan barchasini yengib o‘tganmiz. Buning ustiga ko‘pchilik erkaklar qalbiga erkaklar shubhali gaplari bilan gumon soladi. Sasha akada ham rashk masalasida nozik tomonlari bor edi. Sabr, sabr va yana sabr… Hayot bizni yo‘qchilik, qiyinchiliklar, gohida rashk iztiroblari bilan sinadi va sabr tufayli el nazari, hurmati va ehtiromi, bir-birovimizga muhabbat bilan siyladi. Oddiy qishloq yigit-qizini ulug‘ kasb, tabarruk sahna, yaxshi ustozlar, mehribon hamkasblar, chiroyli oila, aqlli o‘g‘il-qizlar bilan siyladi. Mehnatimiz mahsuli uy-joy – kichik Vatan, Sasha aka aytguvchi «oliy maqsad – mashina», qolaversa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti kabi ulug‘ unvonlar bilan siyladi. Bizni taniqli va suyukli qildi. Suhbatlashib o‘tirganimizda Sasha aka: «Mehri, agar biz nolisak yoki teatrimizga, kasbimizga xiyonat qilsak, ko‘r bo‘lamiz», deydilar. Juda to‘g‘ri. Oddiy dehqonning farzandlari mamlakat markaziga kelishi, yurtga taniqli bo‘lishi oson emas. Masalan, mening o‘zim Fransiya, Germaniya, Misr, Hindistonda bo‘lib, sahnalarida qo‘shiq aytdim. Bu uchun kecha-kunduz shukronada bo‘lsak ham kam.

– Aleksandr og‘aning qanday xislatlari qadrlaysiz? 

– U kishi mehribon, farzandlari uchun jonfido ota, oilaparvar, ishonchli yor, oilaboshi, oilamiz fayzi. Ko‘pincha menga «Men oilaning aqliman, sen barakasisan!» deydilar. Ayol kishi uchun bu oliy unvon-ku, to‘g‘rimi? Xursand bo‘lib ketaman. O‘zimga aytmaydilaru, boshqalarga yaxshi fazilatlarimni aytar ekan. Ayol uchun baxt bu! Ko‘proq hamsuhbatini tinglashni yaxshi ko‘radi, oila sirlarini birovga aytmaydi. Menga ham shuni ta­yinlaydilar, ammo mening soddaligim bor, gapirib qo‘yaveraman. To‘g‘riso‘z, birovning ortidan gapirmaydigan, nima gap bo‘lsa o‘ziga va yuziga aytadigan inson. Ko‘p gapiradigan, yolg‘onchi, tilyog‘lama, ikkiyuzlamachi odamlarni yomon ko‘radi. Odamni bir ko‘rishidan bergan baholari to‘g‘ri chiqadi. Shunday vaqtlarda: «Aytganingiz to‘g‘ri chiqdi. Avliyomisiz?», desam, «Xudoning suygan bandasiman-da», deb qo‘yadi. Sasha aka birovga va’da berdimi, albatta, so‘zining ustidan chiqadilar. Aytilgan joyga o‘n besh minut oldin borib turadi. Qarindoshlarga, bolalariga mehribon bo‘lish bilan birga, qattiqqo‘llik­larini qadrlayman, shu bilan birga ko‘ngillari bo‘sh. Ta’sirlansalar, ko‘zlariga yosh keladi. Ozodalikni yaxshi ko‘radi. Har sohada bilimga, tushunchaga ega...

– Sahna qay bir aktyor uchun ijod maydoni, kim uchundir daromad manbai... Sizlar uchun sahna nima?

– Sahnani daromad manbai sifatida ko‘rgan inson bu yerda baraka topmaydi. «Teatr – ibratxonadir», deb bekorga aytilmagan. Tomoshabinlar bizdan nimadir o‘rganishi kerak. Yomon obraz yaratsak, o‘shanga o‘xshamay deyishi, yaxshi qahramonimizdan ibrat olib ketishi lozim. Sahna bizning jonu dilimiz, sevimli ishimiz. Mehnatimiz, iqtidorimizni ro‘yobga chiqaradigan maskan. Muqimiy nomidagi O‘zbekis­ton davlat musiqali teatri – eng otaxon dargoh­lardan. E’tibor bering, aktyorlar tomoshabindan yuqoriroqda turib o‘ynaydi: bu Allohning irodasi. Tomoshabindan bir qadam oldinda yurish, biroz yuqoriroqda turib ibrat ko‘rsatish biz uchun faxr! Sahnada, tomoshabin oldida igna bilan quduq qaziganday mas’uliyatli bo‘lamiz. Sahna nafaqat muxlislarni, balki bizni ham tarbiyalaydi.

– O‘zbekchilikning juda nozik odatlari bor. Sahnada bo‘lsa ham ayolining qo‘li begona erkakning qo‘liga tegsa, rashk azobida to‘lg‘onadiganlar bor. Aleksandr og‘a bilan siz ijro etgan rollar borasida muammolar chiqmaganmi?

– Turmush o‘rtog‘im o‘zbekchilikni, ro‘mol o‘rab, iboli, hayoli bo‘lib yurgan ayollarni, milliyligimizni juda qadrlaydi. Oila bo‘lgach, albatta, rashk bo‘ladi, busiz iloji yo‘q. Bizdayam shunday holatlar bo‘lgan. Men ham aktyorlik kasbim ekanini, uni yaxshi ko‘rishimni, sahnadan kecha olmasligimni yig‘lab-siqtab tushuntirganman. Ishqilib, nihoyat tushunganlar, muammolar yaxshilik bilan hal bo‘lgan. Biron ko‘ylak yoki kiyim-kechak xarid qilsam, yoshimga mosini olaman. Chunki turmush o‘rtog‘im norozi bo‘lmasin, deyman.

– Oilada ko‘proq nimalardan muammolar chiqadi?

– Oilada qachonki ayol qo‘lini beliga qo‘yvolib, eriga buyruq bersa, janjal shundan chiqadi. Ayol ayolligida turishi kerak. Bu kishining shiori shunday. Oilamizda deyarli katta muammolar bo‘lmagan. Sasha aka: «Mening oldimga chiqma!» deydi. Ba’zida shoshqaloqlik qilib, biron narsani hal qilsam, xatolik chiqsa: «Ayolligingda tur, haddingni bil!» deydi. Aslida men juda qanoatli ayolman, chamamda. Erkaklarning ishiga aralashavermayman, uni obering, buni obering, deb talab qo‘ymayman, tilla taqinchoqlarga qiziqmayman. Borini kiyaman, borini taqaman, uyda nima xarajat bo‘lsa, shundan taom tayyorlayman. O‘zlari aytganday, men ayolligimda turaman, ular erkakligida! Shu bilan olam guliston. 

Ikki inson bir oilada uzoq yillar birga yashagach, bir-biriga o‘xshab ketadi, deyishadi. Bir-biringizga o‘xshash tomonlaringiz nimalardan iborat?

– Gohida birimiz o‘ylab turgan fikrni birimiz aytib qo‘yamiz. Biron ish qilishdan oldin turmush o‘rtog‘imiz qanday fikrda bo‘lishini oldindan bilamiz.

– Aleksandr aka sizni qanday sovg‘alar bilan yoki qanday qilib xursand qiladilar? Ishdan bo‘sh vaqtlarida nimalar bilan mashg‘ul bo‘ladilar?

– U kishi kichik bir sovg‘a bersalar ham men xursand bo‘laveraman. Goho gul, goho pul. Pulimiz o‘rtada, lekin hammamiz foydalanadigan narsa xarid qiladilar. Bahor, kuz fasllarida santexnik chaqirib, uyni tayyorlaydilar. Bayramlarda yoki tadbirlarda osh yoki qozonkabob qilib beradi. Bu taomlarni mendan shirin tayyorlaydilar. Hovlida ketmon chopib huzurlanadi.

– Kinodan ko‘ra ko‘proq spektakllarda rol ijro etishlaringizning sababi nimada?

– Biz teatrda ish boshlaganmiz. Teatrda band bo‘lganmiz hamisha. Kinoda suratga tushish uchun oilamni, yosh bolalarimni tashlab, bir oylab ketolmasdim. Bu turmush o‘rtog‘imga yoqmasdi, albatta. Mana endi farzandlarimizni uyli-joyli qildik, takliflarni qabul qilyapmiz.

– Turmushning mushtlari boshingizga tushganmi? Uning zarbalarini qanday yenggansizlar?

– Busiz iloji yo‘q. Yetishmovchilik, kelishmovchilik hamma oilada ham bo‘ladi. Barchasini aql bilan yengganmiz. Ba’zida meni xafa qilganlardan Sasha akaga shikoyat qilsam, «Sen u bilan teng bo‘lyapsan, uning gap­larini kelib, menga aytyapsan. Undan nima farqing qoldi, senga aql, farosatni nega bergan?» deb tanbeh beradi. O‘ylab, fikrlari to‘g‘riligiga ishonch hosil qilaman.

– Hayotingizning eng shirin lahzalari, eng quvonchli kunlari haqida to‘xtalsangiz. 

– To‘yimiz bo‘lgan kuni, o‘g‘lim va qizim tug‘ilgan kunlar, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonlarini olganimizda, uy, mashina, hovli olganimizda, nevaralar tug‘ilgan kunlari eng baxtiyor kunlarimizdir.

– Unvonlar... Ular inson mehnatiga berilgan e’tibor va e’tirof. Mabodo oiladagi ikki aktyordan biri ana shu e’ti­bordan chetda qolib ketsa...

– Ikkalamiz ham mehnatimizga yarasha qadr topdik. Turmush o‘rtog‘im mendan kechroq unvon oldi, chunki u kishi unvonlarga qiziqmaydilar negadir. Ko‘pincha ba’zilar: «Mehri opam xalq artisti, siz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistsiz. Noqulaychilik bo‘lmaydimi?» deyishadi. Biz, hatto bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaganmiz. Hammaning boradigan joyi bitta: unvoni bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham. Qayerga bormaylik, u kishiga yo‘l beraman, ayol kishi bo‘lganim uchun hamisha u kishidan bir-ikki qadam ortda yuraman.

– Siz uchun aktyorlik baxti va ayollik baxti nima? Uning ko‘proq qay biriga egasiz?

– Onalik baxti bu farzandlarini to‘g‘ri tarbiyalab, el-yurt xizmatiga yo‘llasa. Men aktyorlik baxtiga ham, ayollik baxtiga ham erishdim. Buning uchun, ya’ni peshonamga yaxshi insonlarni yozgani uchun shukrona qilaman. Sasha aka juda serqirra ijodkor. Yaxshi rollarni ham, yomon rollarni ham, komik rollarni ham maromiga yetkazib o‘ynaydi.

Bugun farzandlarimiz ortidan rahmat eshityapmiz. Muxlislar: «Farzandlaringiz taniqlilikda sizlardan o‘zib ketishdi», deyishadi. Sasha Bekjonov, Mehri Bekjonova deyishdan ko‘ra, Diyorbekning otasi, Dildoraning onasi, de­yishsa, xursand bo‘lamiz. Ota-onaga bundan ortiq baxt bormi?! Qizimiz Dildoraxon Bekjonova jurnalistika sohasida, dublyaj sohasida ishlayapti. O‘g‘limiz Diyor­bek aktyorlik sohasida. Barakali ijod qilishyapti. Diyorbekning egizak qizlari, Dildoraxonning bir farzandi bor. Bular bizning ko‘nglimiz va ko‘zimiz quvonchlaridir. 

– Rol tanlashda bir-biringizning fikringiz bilan qiziqasizlarmi, maslahatlashasizlarmi?

– Albatta maslahatlashamiz, nomunosib rol bo‘lsa muxlislar e’tiroz bildirishadi. Yaqinda bir muxlisimiz: «Shu rol Sasha akamga yarashmabdi, yengiltak ayol bilan birga o‘ynabdilar, bunday rol ijro etmasinlar», dedi. Men e’tibor qilmagan ekanman, bu kishiga aytsam: «Bir to‘g‘ri kelib qoldi-da», dedi. Muxlislarimiz juda e’tiborli. Buning ustiga o‘zbek xalqi odob-axloq me’yorlariga rioya qilishni talab qiladi.

– Turmush o‘rtog‘ingiz rahbar bo‘lgan jamoada ishlashning ijobiy va salbiy tomonlari qanday?

– Bir yarim yil teatrga rahbarlik qildi. Lekin men hech qanday salbiy tomonlarini yoki o‘zgarganlarini ko‘rmadim, ishimni davom ettirdim. Bir-ikki kishilar «Direktorning xotini bo‘lish qanday bo‘lar ekan?» deganlarida jahlim chiqib ketdi: «Menga ikkinchi marta direktorning xotini degan gapni aytmang, men yomon ko‘raman bunday gapni», dedim. Sasha aka «men aktyorman, aktyorligimcha qolaman», dedi birinchi yig‘ilishdayoq.

– Nimalardan afsus va nimalardan shukr qilasiz?

– Vaqtimni faqat ijodga baxshida qilgan ekanman-u farzandlarimizni ko‘paytirmaganimdan afsuslanaman. O‘g‘limiz ham, qizimiz ham yana bir o‘g‘il, bir qiz uka-singillarimiz bo‘lganida edi, deyishganida yuragimni afsus tirnaydi. Ba’zida onamning yonlarida bo‘lolmadim, Toshkentda yashadim, ko‘proq vaqt ajratolmadim, deya afsuslanaman. Ammo onam mening baxtimni ko‘rib, baxtiyor bo‘lib yurganlarini eslab, ko‘nglimga taskin beraman.

Yaratgan bizni shunchalar xalqimizga suyukli qildiki, oqil jufti halol, mehribon va iste’dodli, mehr-oqibatli farzand­lar berdi. Barchasi uchun behisob shukronadaman!

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gazetasidan olindi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring