Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kichik hikoyalar: Ota yupanchi, onaizor

Kichik hikoyalar: Ota yupanchi, onaizor

foto: chatgpt

Hali hammasi yaxshi bo‘ladi

Otam bir gapni ko‘p takrorlardi: “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi!” Bugun u og‘ir yurak xurujini boshidan o‘tkazdi. Hozir shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga urinishyapti. Ammo uning o‘zi aytganidek, hammasi yaxshi bo‘larmikan? Axir, otam bir umr halol mehnat qilib keldi, bizni tarbiyaladi, o‘qitdi, hech kimdan kam qilmay o‘stirdi. Endi rohat ko‘raman deganda esa... 

Kasalxona hovlisidagi keksa terakka suyanganimcha Yaratgandan dadamga umr so‘rayman. Eslamaslikka urinsam ham bo‘lib o‘tgan voqealar ko‘z o‘ngimdan o‘tib, ko‘nglim bezovtalanadi. Xayolimda bir savol charx uradi: otamning yuragini nima shikastladi?!

Buning sabablari shu qadar ko‘pki, har birini sanashning imkoni yo‘q. Ammo men shuni aniq bilaman: otamning shu ahvolga tushishiga biz — ikki qiz aybdormiz.

To‘g‘risi, dadam sira dardga chalinmaydi, tabiatan zabardast yaralgani bois bizlarni bir umr himoya qilishga qodir, onam kabi salga ko‘z yoshi to‘kavermaydi, hissiyotga berilmasdan aql bilan ish tutadi, deb o‘ylardim. Ammo xom xayolga ishongan ekanman. Aslida otalar ham yig‘lashar ekan. Faqat ularning ko‘zlari emas, yuragi yig‘larkan... Ana shuning uchun otamizning g‘ussaga botganini doim ham bilavermas ekanmiz. To‘g‘ri, ular suyangan tog‘imiz, hayotimizning ustunlari. Biroq farzandining ko‘z yoshini ko‘rsa, qiynalayotganini his etsa, shu metindek tog‘lar, shu mustahkam ustunlar ham beixtiyor cho‘kar ekan. Ayniqsa, qiz o‘stirdim, “ona qizim — oru nomusim” deb g‘ururlangan otaning butun orzulari armonga aylansa, bundan og‘ir alam bo‘ladimi? “Qog‘ozga o‘rog‘liq qanddek avaylab egasiga topshirdim”, deb suyunib yursayu, birin-ketin ikki qizi ham ko‘zida yosh bilan ostonasiga qaytib kelsa, qay otaning yuragi bir maromda urib turadi?!

Shularni oldinroq o‘ylaganimda men ham arzimagan janjallar tufayli uyga qaytib kelavermagan, norasida bolalarimni sarson qilmagan, turmush o‘rtog‘im bilan yarashtirmoqchi bo‘lgan otamga: “Uyingizga sig‘mayapmanmi?!”, deb qo‘rslik qilmagan bo‘lardim. Ehtimol, o‘shanda qaytib kelganimdan uch kun o‘tib, bu hol yuz bermasmidi...

Dadamning kasallanishida opamning ham yaxshigina “ulushi” bor. Uning oilasini ham to‘kis deb bo‘lmaydi. Eri olis yurtga ishlash uchun ketdiyu qaytmadi. Dom-daragi yo‘q. Bir-ikki yil oldin qishloqda gap tarqaldi, kuyov o‘sha yoqda uylanib olganmish. Buni eshitgan opam, albatta, uyga — otamning huzuriga kelib to‘rtta bola bilan endi qanday yashashini aytib bo‘zladi. Hafta o‘tib-o‘tmay otam yo‘lga otlandi. O‘n kunlardan so‘ng  safardan yolg‘iz qaytdi. Lom-mim demasa ham, horg‘in yuzlari, kirtayib qolgan ko‘zlaridan qattiq xafaligi ayon. U yoqda kuyovi bilan uchrashdimi, yo‘qmi, bu haqda bizga bir gap aytmadi, ammo kela solib uy-joy mashmashasida qayin-bo‘yinlari bilan chiqisholmay yurgan opamni, jiyanlarimni ko‘chirib keldi. Demak, kuyovdan endi umid yo‘q. Onam tabiiyki otamni savollarga ko‘mib tashladi, beburd kuyovdan yozg‘irdi. Otamning esa javobi shu bo‘ldi — “Hammasi yaxshi bo‘ladi!”

Aniqrog‘i, biz opa-singillarning kemtik oilamiz, olti nafar farzandning tirik yetimga aylangani otamga kuchli ruhiy zarba bo‘ldi...

Tanish shifokor chiqib, meni chaqirgach, xayollarim bo‘lindi. Ishqilib yaxshi xabar aytsin-da, degan ilinjda unga hadik bilan yaqinlashdim.

— Otangiz o‘ziga keldi, ahvoli yaxshi, kirishingiz mumkin.

Bo‘g‘zimga tiqilgan alam ko‘zlarimdan yosh bo‘lib sizidi. Otamning hayotga qaytganidan benihoya xursand bo‘lsam-da, aybdorlik hissi hamon meni ezar, uning ko‘zlariga boqishga jur’atim yetmasdi. Qaysarligim, bo‘lar-bo‘lmas janjallarim bilan uni qattiq iztirobga solayotganimni bilmabman. Faqat shuni bilamanki, endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Ana o‘shanda otam mening baxtimdan quvonadi, yuragi taskin topib, uzoq yashaydi. Bu mening qo‘limdan keladi.

— Hali hammasi yaxshi bo‘ladi! — dedim otamning osma ukol ulangan qo‘llaridan tutgancha. Aslida undan kechirim so‘ramoqchi, kalta o‘ylaganimdan pushaymonligimni, hozirgi qat’iy qarorimni, oilamga qaytayotganimni aytmoqchi edim... Xohishimga qarshi beixtiyor shu so‘zlar tilimga keldi. Otam esa hammasini uqqandek, mayin jilmayib, ko‘zlarini horg‘in yumdi.

 Ona

Yangi yil arafasi. Yil yakuni bo‘lgani uchun uning ishlari ko‘paygan. Tushlik paytidan foydalanib, onasini birrov ko‘rgani bordi. Qor uchqunlar, onasi tandirxonadagi o‘choq boshida kuymalanardi. Ortidan ohista quchoqlagan qizini ko‘rib onaning ko‘zlarida sevinch uchqunladi.

— Axir, oyoqlaringiz og‘riydi-ku? Sovuqda nimalar qilyapsiz?

— Sariyog‘li qatlama qilyapman. Kelishingni ko‘nglim sezgan ekan, qizim...

Qizi onasini mahkamroq quchoqladi. “Mehribonim! Qirqqa chiqsam ham meni qayg‘urasiz-a!”. Ona qizini ichkariga undab o‘zi choy qo‘ydi. Qip-qizarib pishgan qatlamalardan laganga terib olib chiqdi. Bir piyola choy ustida u yoq-bu yoqdan gaplaguncha tushlik vaqti o‘tib, qizi turishga chog‘landi.

— Aytgancha, o‘tgan kuni qishloqdan mehmonlar kelishdi. Tog‘ang ulardan anor berib yuboribdi. Sening tegishingni olib qo‘ygandim. Ishxonangda yeb olarsan.

“Eh, onam-a! O‘zingiz yeyavermaysizmi? Bozor to‘la anor bo‘lsa... Nega nuqul menga ilingani-ilingan...” Qiz onasiga mehr bilan termular, ona esa to‘rtta anor va sariyog‘li qatlamalardan sumkaga joylardi.

O‘sha kuni qizi ishxonada allamahalgacha qolib ketdi, qorni ochdi. Sumkadagi qatlama ishtahasini qitiqlar, ammo negadir unga qo‘l tekkizmasdi.

“Bolalarimga olib boraman! Buvisining qatlamalarini ular ham yaxshi ko‘rishadi”, degan niyat uning ishtahasiga qulf solgan edi go‘yo...

GulHAYoT

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring