Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navbahor Imomova: «O‘zbekistondagi jurnalistlar o‘zlari xohlagandek material tayyorlay olmas edi»

Navbahor Imomova: «O‘zbekistondagi jurnalistlar o‘zlari xohlagandek material tayyorlay olmas edi»

Foto: «Uza.uz»

«Amerika ovozi» radiosi muxbiri Navbahor Imomova o‘zi haqida, O‘zbekistonga jurnalist sifatidagi ilk safari taassurotlari, kechagi va bugungi kun jurnalistikasi haqida «O‘zA» muxbiriga hikoya qilib berdi:

— Shu diyor farzandiman. O‘zbekistonning eng so‘lim go‘shalaridan – Bo‘stonliq tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida, oddiy oilada tug‘ilib o‘sganman. 9 farzandmiz. Otam o‘qituvchi, onam kolxozchi bo‘lgan. Hayotimning ilk 13 yili Sovet davriga, keyingi 10 yili esa mustaqillik yillariga to‘g‘ri kelgan. Millionlab vatandoshlarim singari men ham shu jamiyat mahsuliman.

Uzoq yillardan beri chet elda yashab yurgan bo‘lsam-da, o‘zimni O‘zbekistonning ajralmas qismi deb bilaman. Qariyb 20 yildan beri xorijdaman, oliy ta’limni chet elda oldim. Avval Hindistonda, keyin Qo‘shma Shtatlarda o‘qidim. Mana, jurnalistika sohasida 20 yildan oshiq vaqt mobaynida ishlab yurgan bo‘lsam, faoliyatimning aksariyat qismi Qo‘shma Shtatlar bilan bog‘liq. O‘zimni global fuqaro deb hisoblayman. Mehnatim, kasbim, tashkilotim tan olindi. O‘zbekiston tomonidan akkreditatsiya men uchun shuni anglatadi. Judayam baxtiyorman lekin bu sinov, buyuk ma’suliyat.

Bir necha kundan beri O‘zbekistondaman. Vaziyatni kuzatayapman. Toshkentda hamkasblarim orasidaman, tanishayapman, tinglayapman. Oldinlari kelganimda ham jurnalistlar bilan uchrashar edim, albatta. Tor doiralarda fikr almashardik. O‘zbekistonlik hamkasblarim bilan aloqani hech qachon uzmaganman. Jurnalist xalqi hamisha muloqotda bo‘lishi kerak. Kasbiy faoliyatimni O‘zbekistonda boshlaganim uchun milliy teleradiokompaniya, xususan, O‘zbekiston radiosi bilan rishtalarni uzmaganman.

Endilikda o‘zgarish shuki, mana bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligidek rasmiy vositada 30–40 nafar jurnalist davrasida o‘tirib, ularning fikrini eshitish, ular bilan yuzma-yuz gaplashib, o‘z tashkilotim, o‘z ishim, kasbiy prinsiplarim, ish uslubim haqida gapirib berayapman.

Har kuni jurnalistlar bilan uchrashayapman, axborot vositalariga borayapman. Nohukumat va davlat kanal va nashrlaridaman. Nafaqat efir uchun gaplashayapmiz, balki efirdan tashqarida ham erkin fikr almashyapmiz. Umuman olganda, jurnalistlar ilhomga to‘la.

Tan olish kerak, jurnalistlarda ilhom degan narsa har doim ham bo‘lavermaydi. Ish – bu ish. Borasiz, dasturingizni tayyorlaysiz, maqolangizni yozasiz, uyga ketasiz. Lekin jurnalist xalqida ilhomsiz sifat bo‘lmaydi. Bugun men sezayotgan narsa – jurnalistlar sifatli materiallar tayyorlashni xohlashmoqda. Izchil, tanqidiy, tahliliy materiallar tayyorlashni istashmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishga, multimedia mahsulotlar tayyorlashga intilishmoqda. Uquvimizni oshirish kerak, ko‘nikmalarimizni ko‘tarish kerak, bilimimizni boyitish kerak, xalqaro tajribadan o‘rganishib, chet el jurnalistlari bilan hamkorlik qilishimiz kerak, deyishyapti.

Ammo xohishning o‘zi yetmaydi. Biz u niyatdamiz, bu niyatdamiz, deb cheksiz muloqot qilishimiz, istaklarimizni almashishimiz mumkin, lekin aniq qadamlar qo‘yishimiz kerak. Shu paytgacha xohlaganmiz, lekin qadam qo‘ya olmaganmiz. To‘siqlarga uchraganmiz. Bugun men sezayapman, o‘sha to‘siqlarning ko‘pi yo‘q, ayrimlari faqat tasavvurimizda. Ularni yengish uchun jurnalistlarning, eng avvalo, o‘zlariga ishonchlari oshishi kerak.

Axborot vositalari rahbariyati va xodimlari o‘rtasida yangicha yondashuv, munosabat shakllanishi kerak. Bu malaka oshirishni, boshqalardan o‘rganishni talab qiladi. Bir birini yaxshiroq tinglagani sari, maqsadlarni aniqlab olgani sari, o‘sish bo‘ladi.

O‘zbekistondagi muhim voqealarni yaqingacha xorijiy axborot vositalaridan o‘rganar edik. Bugun O‘zbekistonda o‘zbek tilida sifatli maqola va lavhalar, dasturlar ko‘paygan.

O‘zbekistonda kuchli jurnalistlar bor. Xorijda ham kuchli o‘zbek jurnalistlari bor. Ular O‘zbekistonga kirolmas, O‘zbekistondagi jurnalistlar ham o‘zlari xohlagandek material tayyorlay olmas edi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi menga ilk bor, «Sizning materialingizni bermoqchimiz, sizning sharhingizni tarqatmoqchimiz», deb chiqqanida, judayam xursand bo‘ldim. Shokka tushganim yo‘q, chunki jurnalist jurnalistni tushunadi.

«Amerika ovozi» efirida ketgan sharhlarimni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi olib tarqata boshladi. Xursand bo‘ldik, albatta. «Amerika ovozi» ham o‘z roli va qadrini biladigan tashkilot. Biz sifatga ishonamiz. Kuchli jurnalistik prinsiplarga egamiz.

Xo‘sh, O‘zbekiston Milliy axborot agentligidek rasmiy vosita materialni qanday berarkan, deb qiziqdik. Gaplasha boshladik, aloqa shakllandi. AQSh tashqi siyosati, xususan, O‘zbekiston bilan aloqalarga bog‘liq intervyularimizni va tahlilimizni berishni boshlashdi. Eng muhimi, muloqot yo‘lga qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring