Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiylik ota-onalarga qo‘llangan noqonuniy jazo bekor qilindi

Navoiylik ota-onalarga qo‘llangan noqonuniy jazo bekor qilindi

Skrinshot

21-sentyabr kuni Navoiy viloyatining Karmana tumani kasb-hunar maktabida o‘quvchi qizlar behayo raqsga tushgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, keyinchalik bu o‘quvchilarning ota-onalari jarimaga tortilgandi (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 1-qismi bilan).

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, farzandlarining raqsi uchun ota-onalarga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jarima noqonuniy va u bekor qilindi!

Videorolik voqeasi yuzasidan Navoiy viloyati adliya boshqarmasi, xususan, quyidagilarni ma’lum qildi.

«Ma’muriy huquqbuzarlik deganda ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlik tushuniladi (MJtK, 10-modda).

Shuningdek, MJtKning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi belgilangan tartibda jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videorolikdagi hatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi “ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi” deb noto‘g‘ri huquqiy kvalifikatsiya qilingan, ya’ni mazkur holatda ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.

Voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning raqs uslublari O‘zbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan ma’naviy qadriyatlarga to‘la mos kelmasligi mumkin, lekin insonlarning axloqiy o‘lchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan noto‘g‘ri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim.

Qaysi harakat yoki harakatsizlik uchun javobgarlik kelib chiqishi, qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan.

Shu asosga ko‘ra, qo‘llanilgan jarima bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuniga asosan:

– bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi (4-modda);

– har bir bola erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega (10-modda).

Xalqaro huquq normalariga to‘la mos keluvchi ushbu qonunda belgilangan kafolatlar har bir bola uchun maktab hududi bo‘ladimi, shaxsiy uy-joy bo‘ladimi, har qanday holatda ta’minlanishi shart.

Bundan tashqari, ota-onalarning bayon etishiga ko‘ra, lavha rasmiy manbalar va markaziy telekanallar orqali yoritilish jarayonida maktab o‘quvchilari hamda ota-onalar intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan.

Natijada, voyaga yetmagan bolalar o‘z tengdoshlari, maktab ma’muriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan.

Ushbu nomaqbul harakatlar voyaga yetmaganlarning sog‘ligi va salomatligiga, ruhiy barqarorligiga o‘ta jiddiy ta’sir qilgan va ularning sha’ni va qadr-qimmati tahqirlanishiga olib kelgan. Eng asosiysi voyaga yetmaganlarga nisbatan bunday harakatlar noqonuniydir.

Yuqoridagi qonunga asosan, bola fikrlash erkinligi huquqiga ega (17-modda), inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi (16-modda).

Shuningdek, mazkur masalada ba’zi bir ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar hamda televideniye orqali berilgan intervyularda maktab ma’muriyati rahbari va ayrim o‘qituvchilariga nisbatan «hayfsan» va «jarima» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi va ular egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi bayon etilgan.

Ushbu holat ham adliya organlari tomonidan o‘rganilganda maktabning hech bir xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu o‘rinda adliya organlari tarbiya va axloq, xalqimizning ma’naviy qadriyatlari, ushbu qadriyatlarga mos ravishda kelajak avlodni tarbiyalash shubhasiz, jamiyatimizning muhim bo‘g‘ini ekanligini to‘liq e’tirof etadi, shu bilan birga axloqiy masalalarni hal etishda huquq normalarining asossiz qo‘llanilishi va bu orqali shaxslarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga daxl etish mumkin emasligini eslatib o‘tadi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring