Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiylik yo‘lsozlar asfaltdan arzon va chidamli yo‘l ixtiro qilishdi

Navoiylik yo‘lsozlar asfaltdan arzon va chidamli yo‘l ixtiro qilishdi

Illyustrativ foto.

Foto: «unidorstroy.kiev.ua»

Navoiy viloyati yo‘lsozlari innavatsion g‘oyalar asosida tejamkor, noorganik bog‘lovchi  materiallar asosida yangi  yo‘l ixtiro qilishdi. Hozirda amaliyotga tatbiq etilgan bu innavatsion loyihaning ahamiyatli tarafi, uning asosini tashkil etuvchi materiallar arzon va notanqis ekanidir.

Qum, ohak, mayda tosh, sement va meneral kukundan iborat ashyolar asosida bunyod etilgan mazkur yangicha yo‘l qurilishida, oddiy asfalt yo‘ldan, yuz metrida bir million so‘m, bir kilometrda esa o‘n million so‘mlik mablag‘ tejash imkoni bo‘lar ekan.

Yana bir ahamiyatli jihati, oddiy asfalt yo‘lni ta’mirlash muddati 15 yil bo‘lsa, noorganik materiallar bilan qurilgan yo‘lning ta’mirlash muddati 20 yilni tashkil etadi. Kashfiyot egalarining ma’lum qilishicha, bu g‘oya amaliyotga tatbiq etilishi bilan hozirda asfalt bitumi tanqisligiga bog‘liq dolzarb muammo bartaraf etilishi barobarida, millionlab mablag‘ iqtisod qilinar ekan.

Yangicha yo‘lning shu va boshqa qulay  tomonlari haqida so‘raganimizda, Navoiy viloyat mintaqaviy yo‘llarga buyurtma xizmati Davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Valijon O‘rinov: «Ushbu kashiyotimiz orqali respublikamizdagi ko‘plab qishloqlarning ichki yo‘llarini ravon qilib ta’mirlasa bo‘ladi. Bunda asosiysi, hech qaysi mahsulot chetdan olib kelinmaydi. Qurilish asosini arzon, mahalliy va notanqis ashyolar tashkil etadi. Bu loyihani amalga oshirish uchun bizga mablag‘ zarur bo‘lyapti», – deya ta’kidladi.

Ixtiro mualliflari ma’lum qilishicha, agar shu g‘oya asosida qishloq ichki yo‘llari ta’mirlansa, yog‘ingarchilik tufayli asfalt yo‘llarida uchraydigan nosozliklar, yemirilishlar bartaraf etilar ekan. Aksincha, yomg‘ir va namgarchilik bu  yo‘llarga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Soha xodimlari viloyatdagi ichki yo‘llarni shu usulda ta’mirlash niyatidalar. Ammo  buning uchun ularga  mablag‘, tegishli idoralar ruxsati kerak. O‘ylaymizki, yuzlab qishloqlar obodligiga  qaratilgan bu innovatsion loyiha, mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va tez kunlarga amaliyotga keng joriy etiladi.

Shuhrat Normurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring