Nega abituriyentlar Samarqanddagi test sinovlaridan norozi?
Bugun respublikamiz bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarining 1-smenasi bo‘lib o‘tdi.
Imtihonlar joriy yilda mutlaqo o‘zgacha tartibda va kuchli nazorat ostida o‘tmoqda. Bu bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, test sinovlarida 15 ta oliy ta’lim muassasalarining 50 ta ta’lim yo‘nalishida 30 ming 690 nafar abituriyent ishtirok etdi. Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 76 nafar abituriyent test sinovlaridan chetlashtirildi. Test natijalarini qayta ishlash ham qat’iy tartibda amalga oshiriladi.
Belgilangan tartib va nazoratdan tashqari, internet tarmog‘i www.test2018.uz manzilida tashkil qilingan maxsus resurs orqali ota-onalar barcha ob’yektlardagi imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu ham test sinovlarining shaffof o‘tishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
«Xushnudbek.uz» kanali test sinovlarning birinchi kuniga bog‘liq holatlarni yoritib bormoqda. Ushbu kanalning telegram-boti orqali kelib tushgan xabarlarga ko‘ra, test sinovlarida ishtirok etgan ko‘plab abituriyentlar tartib va nazorat o‘tgan yilgilardagidan ancha kuchli bo‘lganini qayd etishyapti. Ammo e’tiroz bildirganlar ham yo‘q emas. Bunday fikrlar asosan Samarqand tomondan, yanayam aniqrog‘i Samarqand davlat tibbiyot institutiga kirish imtihonlaridan yangramoqda.
Mana ulardan biri:
«Salom. Men Samarqand medinistitutiga (test) topshirdim. Ertalab imtihonga kirib chiqdim. Kameralar umuman ishlamadi. Ota-onalar janjal ko‘tarib ichkariga kirishga harakat qilishdi. Hamma xohlagan o‘yinini qildi. Bunga kim javob beradi? Kim o‘z bo‘yniga oladi. O‘qigan abituriyent kimga borib aytsin arz-dodini? Meni eshtganiz uchun rahmat».
E’tiborlisi, bu Samarqand davlat tibbiyot institutiga kirish imtihonlaridagi salbiy holatlar bo‘yicha yangragan yagona e’tiroz emas. «Xushnudbek.uz» kanaliga bu OTMga imtihon topshirganlarning bir nechtasidan shunday norozilik kafiyatidagi xabarlar kelib tushgan.
Qolaversa, Samarqand davlat tibbiyot institutidan olingan test varaqalari rasmlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishga ulgurdi. Telegram kanaliga surat soat 11:03da qo‘yilgan. 1-smenada test sinovlari esa 11:00 da tugagan. Qanday qilib test savollari kitoblarini bemalol rasmga olib boshqalarga yuborishyapti? Telefonni olib kirish va undan foydalanish uchun sharoit yaratib berildimi? Demak, bu yerda vaziyat jiddiy. Judayam jiddiy.
«Xushnudbek.uz» kanali Samarqandda imtihonlar o‘tayotgan joylardagi kameralar ishiga ham e’tibor qaratgan:
— Haligacha bir tushunmovchilik bor. Bu bino nomlarida. Oliy va o‘rta maxsus vazirligining rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, Samarqandda testlar quyidagi binolarda bo‘lishi kerak edi:
1) Samarqand davlat universiteti akademik litseyi sport zali;
2) Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kolleji sport zali;
3) Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi (ikkita har xil manzildagi binolar).
Lekin http://test2018.uz/sa manzilida faqat bitta bino — Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji nomi turibdi xolos.
Balki bu texnik xatolikdir. Balki narigi binolar tayyor bo‘lmasdan, olimpiya zaxiralari kollejiga test sinovlari ko‘chirilgandir. Balki narigi binolarga hali kameralar o‘rnatilmagandir? Hozircha bu bizga qorong‘u.
Lekin baribir har qanaqasiga ham bugungi Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan bog‘liq holatga rasmiy munosabat bildirilishi kerak. Rasmiylardan kutib qolamiz, — deb yozadi «Xushnudbek.uz» kanali.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter