Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega milliy mahsulotlardan qochamiz?

Nega milliy mahsulotlardan qochamiz?

Milliy mahsulotlarning ko‘payishi, xaridorgir bo‘lishi va eksport qilinishini har birimiz orzu qilamiz.

Foto: «tours.hotelzilolbaxt.uz»

Qaysi do‘konga bormaylik, biror mahsulotni xarid qilishdan avval albatta ishlab chiqaruvchi davlat bilan qiziqamiz. Biror nomdorroq davlat nomi aytilsa-ku yaxshi, bordi-yu «O‘zimizda chiqarilgan» deyishsa «tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushadi». Nega, axir mustaqil bo‘lganimizga, bozor iqtisodiyotini tanlab, ishlab chiqarish sohasini yo‘lga qo‘yganimizga ozmuncha vaqt bo‘lmadi-ku?

Men iqtisodchi emasman, fikrlarimni iqtisodiy tomondan isbotlab berishga ham ojizman. Ammo bir iste’molchi sifatida o‘zimni va atrofimdagi insonlarni o‘ylantirayotgan ba’zi muammolarga va sarlavhadagi savolga javob izlamoqchiman.

Yaqinda dorixonaga ishim tushib, shifokor yozib bergan dorilarning narx-navosi bilan qiziqdim. Xayriyat, 10 kunlik dorilar uchun bir oylik maoshim yetar ekan deb quvondim. Chilonzor tumanidagi «Arzon apteka»larning birida «Sef...» antibiotigining bir flakoni  2600, 2700 va 2800 so‘mga sotilayotgan ekan. Men ham barcha hamyurtlarimiz singari farmatsevtdan «Qayerda ishlab chiqarilgan?» deb so‘radim.

— O‘zbekistonda chiqarilgani 2600, Ukrainaniki 2700, Rossiyadan kelgani esa 2800 so‘m, — dedi.

Men Rossiyada ishlab chiqarilganini xarid qildim. Chunki bir yili o‘zimizda ishlab chiqarilgan antibiotikni olib, allergiyaga ham qarshi davolangandim. Shifokorim ham «O‘zbekistonda ishlab chiqarilganini olmang, yaxshi samara bermaydi» deb qayta-qayta tayinlagandi.

Shu o‘rinda meni bir savol o‘ylantirib qo‘ydi. Rossiya va Ukrainadan keladigan dori-darmon shuncha yo‘lni bosib, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, poytaxtdagi dorixonada 2800 so‘mga sotilsa-yu, o‘zimizda ishlab chiqarilgani 2700 so‘m bo‘lsa?! Sifati xorijniki bilan tenglasholsa-ku, alam qilmasdi...

— Yaqinda qizimni ortopedning ko‘rsatmasiga binoan massajga olib bordim, — deydi tanishlarimdan biri. – Farmatsevt yigitdan «Al...» kremini berishini so‘rasam, «O‘zimizda chiqqanidan oling, arzonroq, sifati ham xorijnikidan qolishmaydi» dedi. «Gapingiz yerda qolmasin, o‘zimiznikilar ham ancha ilg‘orlab ketishdi» deb Toshkentning «Al...»sini sotib oldim. Birinchi kuni massaj qilgan hamshira «Negadir kremingiz qurib qolayapti» deb sekingina nolib qo‘ydi. E’tibor bermagandim, ertasi kuni sherigidan ham shu gapni eshitdim. «Ming qilsayam Toshkentniki – Toshkentniki-da, ozgina qimmat bo‘lsa ham xorijnikini olsam bo‘lmasmidi» deb rosa achindim. Kremdagi yog‘lilik darajasi nihoyatda past, shuni ishlab chiqargan insonlar farzandiga shu kremdan ishlatarmikan?..

Hamkasblarimning birida ham milliy mahsulotlarimiz borasida qiziq misol bor ekan.

— Kuzda hojatxona va vannaxonadagi barcha narsalarni almashtirmoqchi bo‘ldik. Pulim biroz kamligi bois bor-yo‘g‘i 50000 so‘m arzoniga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unitaz sotib oldim. Ko‘rinishi a’lo, xorijnikidan hech qolishmasdi. Xullas, oradan bir oy ham o‘tmay milliy mahsulotlarimizning asl qiyofasi oshkor bo‘ldi. Birinchi bo‘lib dush ilgich o‘rtasidan chirs etib sinib tushdi, keyin jo‘mraklardan chakillab suv oqa boshladi. Ishonasizmi, unitaz g‘ilofi uch oy degandi butunlay sinib ketdi. Rosa xunob bo‘ldim. Baraka topgur tadbirkorlar ozgina mehr berib, insof sari ishlashsa bo‘lmasmikan deb so‘kinib ham qo‘ydim. O‘shandan buyon o‘zimizda chiqarilgan mahsulotni olmaslikka jiddiy ahd qildim. Bizning tadbirkorlar  «urib qolish»ga juda usta, — dedi hamkasbim.

Ana endi e’tiboringizni bozor rastalaridagi yana bir oddiy misolga qaratmoqchimiz.

Toshkentda ishlab chiqarilgan shokoladning o‘rtacha narxi 25000-30000 so‘m. Ko‘rinishi a’lo, har qanday dasturxonning fayzi bo‘loladi. Qozog‘iston yoki Rossiyada ishlab chiqarilgan shokoladlarning o‘rtacha narxi ham deyarli shunday. Nari borsa 5000-6000 so‘m farq qiladi. Ammo sifati ancha farqli, o‘zimizning shokoladlarni yesangiz ancha vaqtgacha og‘zingizdan moyning ajabtovur mazasi ketmaydi. Bizning tadbirkorlar uzoqni ko‘zlab ish qilishadi-da...

Uch-to‘rt oy oldin g‘ayratim jo‘sh urib, o‘zimni savdo-sotiq sohasida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Tanishlarimdan birining jiyani Moskvadagi katta savdo majmuasida choyshab sotishini, agar men Toshkentdagi biror sex bilan shartnoma imzolab unga mahsulot yuborsam jo‘natganlarimizning sotuviga ko‘maklashishini aytdi. Bozor aylandim, ishlab chiqaruvchilar bilan tanishdim. Choyshab ishlab chiqarishning xorij va o‘zbek tajribasi bilan tanishdim.

— Moskvada Xitoy va Turkiyada ishlab chiqarilgan choyshablarga talab u qadar yuqori emas, chunki ularda sintetik matodan ko‘p foydalanishadi. Paxtadan tikilganlarini esa uncha-muncha odam xarid qilolmaydi. Narxi oddiylariga nisbatan ikki-uch barobar qimmat bo‘ladi, — dedi xorijdagi o‘zbek sotuvchisi. – Xorazmdagi tekstil fabrikasida ishlab chiqarilgan choyshablar ancha xaridorgir, ammo mahsulot bozor etiketiga javob bermaydi. Rang berish, gul bosish tugul qadoqlash ham ko‘ngildagidek emas, xaridor mahsulotni ko‘z bilan ko‘rib, so‘ng qo‘l bilan ushlashini unutib qo‘yishadi...

Haqiqatan ham shunday! Shu bois bunday mahsulotni sotib olayotganda o‘zimiznikini mensimaymiz.

Yaqinda qo‘shni davlatlar chegaralari ochilgach, xalqimizga ancha yengillik bo‘ldi. Kim qanday fikrda ekanini bilmadimu, ammo ba’zi tadbirkorlarning og‘ziga kirgan besh barmoqning ikkitasi og‘zidan chiqdi. Masalan, hamyurtlarimiz Toshkentning Yunusobod tumani yaqinida bo‘lgan «G‘ishtko‘prik» postidan o‘tib, Qozog‘istondagi bozorga borib, narx nuqtai nazaridan xuddi Susambilga tushib qolgandek bo‘lishdi.

Shu kungacha poytaxt bozorlarida 70000 so‘mdan sotilgan (3 kilolik, Rossiyaniki) avtomat kir yuvish kukunlarining narxi birdan 45000-50000 so‘mga pastladi. O‘ziga xon bo‘lib kelgan o‘zimizning kir yuvish kukunlarining narxi ham pastga sho‘ng‘idi. Bu hol bozor rastalarini ancha-muncha arzon mahsulotlar bilan to‘ldirdi.

O‘ylab ko‘ring, bu hol qachongacha davom etadi? Milliy mahsulotlarning ko‘payishi, xaridorgir bo‘lishi va eksport qilinishini har birimiz orzu qilamiz. Tadbirkor boyisa, xalqqa ham manfaati tegadi deb o‘ylaymiz. Faqat tadbirkorlarimiz «Bo‘laveradi» filmidagi qahramon singari «Mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida ish tutishmasa bo‘ldi.

Nargiza Murodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring