Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nufuzli xalqaro konferensiyaning yakuniy natijalari ma’lum bo‘ldi

Nufuzli xalqaro konferensiyaning yakuniy natijalari ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning 23-25-aprel kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «CONMECHYDRO-2020» nomli Xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.

Onlayn tizimida uch kun davom etgan ushbu konferensiyada dunyoning eng kuchli 400 ta oliy o‘quv yurtlari tarkibidagi Sankt Peterburg politexnika universiteti, Qozoq-Nemis universiteti, «Gidroproyekt» AJ hamkorligining natijalarini ko‘rish mumkin.

«Construction Mechanics, Hydraulics and Water Resources Engineering (CONMECHYDRO-2020)» qurilish, gidrotexnika, suv resurslari Xalqaro ilmiy konferensiyaning tashkiliy qo‘mitasi COVID-19 infeksiyasi dunyo bo‘ylab tarqalishi natijasida yuzaga kelgan noxush holatni inobatga olib, Xalqaro ilmiy konferensiya faoliyatida masofada turib ishtirok etish, saytga (http://conmechydro.spbstu.ru/) qo‘yilgan maqolalar ro‘yxati (https://drive.google.com/open?id=1PTUBZuu-5Adi4SdWNOAuRyfzjDk2nCaf), to‘liq matni (https://drive.google.com/open?id=18sSBVjXCQcyBNaSJ9t0G5NIGgE3CMpH) va prezentatsiyalari (https://drive.google.com/open?id=1awUjJKrnMNPALO-i-ohY0IsQM7ihiUKo) bilan tanishish, qiziqtirgan savollarga mualliflardan javob olish uchun barcha (conmechydro_2020@mail.ru) imkoniyatlarni yaratdi.

Konferensiya saytiga ta’sischilar – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidan Xalqaro ilmiy konferensiyaning tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim bo‘yicha respublika Kengashi raisi, rektor O‘ktam Umurzoqov, «Gidroproyekt» AJ direktori Alibek Ahmedov, Qozoq-Nemis universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, yuridik fanlari doktori Barbara Yanush-Pavlettaning tabrik so‘zlari qo‘yildi.

Konferensiyaning uch kunlik faoliyati davomida jami 329 ta maqola masofadan turib, onlayn tarzda to‘rtta sho‘’bada muhokamadan o‘tkazildi, jumladan: Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi bo‘yicha 105 ta, Suv resurslarini o‘rnatilgan tartibda boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekologiya va gidroenergetika yuzasidan 51 ta, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, elektrifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari  bo‘yicha 130 ta, Yo‘l qurilishi, qurilish konstruksiyalari va materiallar yuzasidan 43 ta maqolaning sinchkovlik bilan ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tahliliy va tanqidiy mulohazalarning bildirilishi e’tiborlidir.

Muhokama jarayonida Tashkiliy qo‘mitaning elektron manziliga 6748 ta savollar kelgani unga bo‘lgan e’tibor va jarayonning jonli bo‘lganini bildiradi. 

Xalqaro ekspertlarning atroflicha chuqur tahlillari va muhokamalarining natijasi o‘laroq, jami 256 ta maqola chop etishga tavsiya qilindi. Bu keng muhokama va bahslardan keyingi natija, albatta.

Ilmiy natijalarni O‘rta Osiyo, Kavkaz, Suriya va O‘zbekistonda ishlab chiqarishda qo‘llash yoki tadqiqotlarni davom ettirish bo‘yicha tashkilotlardan berilgan takliflar soni to‘qqizta bo‘lgani ham ahamiyatlidir.

Ushbu ilmiy konferensiya nufuzini belgilaydigan omillardan biri shuki unda ilmiy qo‘mita vakillari va maqolalar mualliflari 24 ta mamlakatning vakillari ekanidir. Jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Armaniston, Avstraliya, Belarus, Bolgariya, Xitoy, Chexoslovakiya, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Eron, Qozog‘iston, Litva, Mongoliya, Polsha, Portugaliya, Suriya, Tojikiston, Ukraina, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Vetnam mamlakatlari olimlarining o‘zaro tajriba almashishi, fikr-mulohazalari, muhokama va takliflari barcha uchun o‘zro manfaatli bo‘lgani sir emas.

Muhokamadan o‘tgan ilmiy maqolalarning SCOPUS, WEB OF SCIENCE xalqaro bazalar ro‘yxatidagi nufuzli ilmiy-texnik jurnallarda chop etilishi ham alohida qiymatga ega.

Xullas, onlayn tizimidagi bunday ilmiy aloqalar, o‘zaro hamkorlikdagi anjumanlarni koronavirus pandemiyasi, karantin tugagandan keyin ham tashkil etib borilishi katta effekt berishi muqarrar. Bu iqtisodiy va moliyaviy jihatdan ham keng imkoniyatlar eshigini ochishi aniq. Chunki bunday tizimli tarzdagi, onlayn yo‘sindagi konferensiyalarning muntazam ravishda tashkil etib turilishining har tomonlama qulayligi amalda isbotlandi deyish mumkin. Masofadan turib ta’lim olish va ta’lim berish imkoniyatlari yanada kengaysa, internet tarmoqlari orqali faoliyatimizning hamda elektron hukumatning, ayni paytda, raqamli iqtisodiyotning rivojiga katta hissa qo‘shilgan bo‘ladi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring