Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha Vakili: «Berilgan jazodan hayron qoldim...»

Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha Vakili: «Berilgan jazodan hayron qoldim...»

Ijtimoiy tarmoqlar ikki yosh yigitchaning aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, tahqirlagan holat aks etgan lavha, shuningdek ularning qilmishiga berilgan jazo xususidagi xabarlardan voqifsiz.

Jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilinayotgan mazkur voqelikka Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha Vakili Aliya Yunusova ham munosabat bildirdi.

«Aqli zaif bolani tiz cho‘ktirib, uni tahqirlagan ikki nafar o‘smirga berilgan jazo meni hayron qoldirdi, — deya alohida ta’kid etadi Aliya Yunusova. — Bunday holatlarda aslida jazo insonning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaganligi uchun belgilanishi kerak. Bu vaziyatda esa qonunbuzarlik qilgan o‘smirlarning asosiy qilmishi bir chetda qolib, ular «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) uchun va 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan jazolangan. Boshqacha aytganda, qo‘pol qilmish karantin bilan xaspo‘shlangan. Vaholanki, bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Qilmish uchun yetarli jazo berilmasligi ushbu holatlarning ko‘payishiga olib keladi... »

Shuningdek, A. Yunusova zo‘ravon bolakaylar ulg‘ayotgan oilaviy muhitga e’tibor qaratish lozimligini ham bildiradi: «...Bu kabi voqealar dono xalqimizning «qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqolini ham yodga soladi. Hali voyaga yetmay turib shafqatsizlik qilishga jazm etgan, birovning izza bo‘lishidan huzurlangan bolalar qanday muhitda katta bo‘lgani kishini o‘ylantiradi. Chunki mehr ko‘rib o‘sgan, to‘g‘ri tarbiya olgan bola bunday ishlarni qilishga hech qachon botinmaydi... Bir qarashda bizda bola huquqlari himoyasi bilan bog‘liq munosabatlar to‘laqonli tartibga solingandek. Ammo inson huquqlari, ayniqsa, bola huquqlari sohasi shunday tizimki, davr va vaqt o‘tgan sari yangi-yangi o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritilmasa, huquqni ro‘yobga chiqarishda muammolar yuzaga kelaveradi». 

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kabi choralar belgilangan. Shu bilan birga, davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rishi shart. Shu nuqtai nazardan bola huquqlarini ta’minlash choralarini kuchaytirish bilan birga, bu huquqlarni bolalarga, ota-onalarga ham chuqurroq tushuntirish zarurati bor», deya so‘ziga yakun yasagan A. Yunusova.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring