Olmaliqda 2,7 mlrd dollarlik loyiha – 3-misni boyitish fabrikasi ishga tushdi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmatining ta’kidlashicha, muborak Ramazon hayiti hamda yasharish, yangilanish bayrami Navro‘zi ayyom arafasida yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.
«Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga – iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va albatta xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan.
Bugun ishga tushayotgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shu keng ko‘lamli ishlarimiz va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati namunasi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», – dedi Prezidentimiz.
Qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua ekani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda tog‘-kon sanoati tubdan isloh qilindi. Ilgari qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish bilan 2 ta kombinat shug‘ullanar edi.
Konlarni investorlarga berish bo‘yicha shaffof tizim yaratilgani hisobiga to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan bo‘lsa, so‘nggi to‘qqiz yilda bu yana 31 tonnaga ko‘payib, o‘tgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.
Xuddi shunday 2016 yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobarga oshirilishiga erishildi. Natijada sohada ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yil 270 trillion so‘mga yetdi.
Muhimi, yuqori daromadli eng ko‘p ish o‘rinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda ekani ta’kidlandi. Bugun ekskavator mashinisti 30 million so‘mgacha, burg‘ilash mutaxassislari va katta samosval haydovchilari 40 million so‘mgacha, geolog va marksheyderlar 70 million so‘mgacha maosh olmoqda.
Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlandi.
Xususan, Olmaliqda «Moskva po‘lat va qorishmalar instituti» universiteti filiali («MISiS»), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi.
Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu oliygohlarda yiliga 2,5 mingga yaqin tor soha mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Natijada ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan bo‘lsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis o‘zimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter