Olmaliqda qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodi barpo etiladi
Marosimda ta’kidlanishicha, 3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi. Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar ham boshlangan.
Umuman, ushbu 2 ta yirik quvvat hisobiga mis katodi ishlab chiqarish yillik hajmi 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnaga, oltin 20 tonnadan 33 tonnaga, kumush 161 tonnadan 203 tonnaga, molibden 850 tonnadan 1,7 ming tonnaga yetishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Prezidentimiz bu ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-misni boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlar jadal ketayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlarimiz uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot bo‘ldi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, fabrika faoliyatiga start berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter