Olqishu chapaklarga qiyo boqmagan san’atkor

Zabardast rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Bahodir Yo‘ldoshev hayot bo‘lganida bugun 80 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.
Bahodir Yo‘ldoshev 1945-yil 7-sentyabr kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
27 yoshida O‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri) bosh rejissyori etib tayinlangan. 1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
“Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Zebunniso”, “Maysaraning ishi”, “Qora kamar”, “Iskandar” kabi o‘nlab spektakllari bilan milliy teatrimizni yangi bosqichga ko‘targan.
Ustoz san’atkor yillar mobaynida Mustaqillik, Navro‘z, “Sharq taronalari” kabi bayram tantanalarini tashkil qilib, maydon-tomosha san’ati rivojiga ham ulkan hissa qo‘shgan.
Atoqli rejissyor 2009 yilda “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilgan.
B.Yo‘ldoshev 2021 yil 16 may kuni 76 yoshida vafot etgan.
Bahodir Yo‘ldoshev nafaqat teatr darg‘asi, ayni choqda, mutafakkir ziyoli edi. Quyida marhum san’atkorning “Jahon adabiyoti”, “Ma’naviy hayot” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” hamda boshqa ommaviy axborot vositalarida chop etilgan suhbatlaridan olingan ayrim fikrlari e’tiboringizga havola etilmoqda.
Ilm, ijod, umuman, go‘zallikning poyoni yo‘q. Agar poyoni bo‘lganda faqat bitta odam “Hamlet”ni sahnalashtirardi. Boshqa rejissyorlar esa bu haqda bosh qotirmasdi. Lekin o‘sha – voqeasi hammaga ma’lum yagona “Hamlet”ni yuzlab rejissyorlar yana boshqatdan yaratishadi. Har biri turli nuqtai nazardan yondashadi va o‘z Hamletini kashf etadi.
* * *
O‘nqir-cho‘nqir bo‘lsa ham, baribir, san’atkor go‘zal hayot kechiradi. U shu hayotning o‘zidayoq ham Romeo, ham Otello, ham Richard, ham Sezar... Garchi fojeiy bo‘lsa-da, bir qancha taqdirni yashab o‘tadi. O‘zining hayoti, baxtsizligi ular qismati oldida zarra bo‘lib ko‘rinadi. Oddiy odamlar esa faqat bitta – o‘z hayotini yashaydi.
* * *
Odatda ilgarigi spektakllar yaxshi edi, aktyorlar zo‘r o‘ynardi, degan gaplarga ko‘nikib qolganmiz. Yo‘q, hammasi puch gap. O‘zbek teatri tarixidagi haqiqiy aktyorlarni nomma-nom sanayman desang, barmoqlaring ortib qoladi. Aktyorlik nihoyatda murakkab kasb. Sahnada o‘zini erkin tutib, improvizatsiyani uddaladi deyish mumkin. Kechirasiz, buni orsiz odam ham eplay oladi. Mana, to‘ylarda hamma chiqib o‘ynaydi, lekin hamma raqqosa degani emas-ku. Shu sabab bu kasbga ataylab tayyorlangan, aktyorlik ong-ongiga singib ketgan odamlar zarur.
* * *
Xiyonatlar ichida eng og‘iri kasbga qilingan xiyonat deb bilaman. Belgilangan muddatda har qanday ishni bitirish mumkin. Lekin uning sifati-chi? Ish buyuruvchiga baribir, u nima bo‘lsa bo‘lsin tezroq “material”ni qo‘lga olgisi keladi. Unga sizning sha’ningiz, nomingiz hech nimani anglatmaydi... Tabiat baribir o‘z aytganini qiladi. U xo‘jako‘rsinchi – shoshmashosharlardan boplab o‘chini oladi. Bilarsiz, terakning tez o‘sadigan navidan uy qurib bo‘lmaydi.
* * *
Spektakl qo‘yayotganimda tomoshabin olqishlarini o‘ylamaslikka harakat qilaman. Muhimi, tomoshabin menga hamdard bo‘lsa... Ko‘p aytganman, bu hamdardlikni gullaru chapaklar ifodalab bera olmaydi. Spektaklimni do‘stim ko‘rdimikan, u qanday fikrda ekan? Uning ko‘nglini topa oldimmi? Domlam To‘la aka ko‘rganda nima der edi, qayerini tuzatardi? Aleksandr Ginzburg yo Brim-chi? Asarni ularning nigohi bilan ham ko‘rib chiqaman.
* * *
Spektakl uchun tanlangan pesa dil izhori yo iqrorga aylanishi zarur. Ishlarimning hammasi ham haqiqiy spektakl bo‘lgan, deb ayta olmayman. Lekin taskin bor: qachonlardir kimdir ishingizdan boxabar bo‘lib, bir onga bo‘lsa-da, sizga suyansa, sizdagi haqiqatga ishonsa, “men endi bu ishni qilmayman, boshqacha hayot kechiraman”, deb o‘z holi haqida o‘ylay boshlasa, shuning o‘zi kifoya. Ijodning ichki qonuniyati ham odamlarni o‘ylantirishdir. Odamni o‘ylantirolmagan, o‘z xayoliga bo‘ysundirolmagan kitob bir hovuch qog‘oz, xolos.
* * *
Emishki, Suqrot “U yoqda Arastu bilan uchrashaman”, degan o‘yda o‘ziga olib kelingan zaharni paysalga solmay ichgan ekan. Ya’ni ajal Suqrot uchun go‘yo Arastu eshigini ochib beruvchi bir yo‘l. Donishmand diydoriga yetishish oldida og‘u hech narsa emas! Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev aytardilar: “Agar sen Alisher Navoiy, Shekspir kabi ijodkorlarga o‘tmish shoirlari yo moziydagi bir odam deb qarasang, chindanam, olisdagi bir afsona bo‘lib qolaveradi. Ularni zamondoshingdek qabul qil. Go‘yoki sen hozir shu zotlar bilan uchrashasan, gaplashasan…” Shundagina ular bizni ham o‘ziniki qilib oladi. Qo‘yayotgan spektaklimni shu siymolar ko‘rganda nima der ekan, deb xayoldan o‘tkazsang ish umuman boshqacha tus oladi. O‘ylashimcha, shoirlar “Agarda she’rimga Navoiyning ko‘zlari tushganda ne der edilar”, deya istihola qilganda edi, qanchadan-qancha she’rlar, yostiqday-yostiqday kitoblar yozilmagan bo‘lardi.
* * *
Bilasizmi, gulni nima go‘zal qiladi? Uning rangimi? Yo‘q, gul tikani bilan go‘zal. …Bir hofizni bilardim, ko‘zi ojiz, yuzi cho‘tir edi. Ey, xudo, odam degani ham shu qadar ko‘rimsiz bo‘ladimi, deb o‘ylaysiz. Lekin kuylaganda u kishidan go‘zali yo‘q edi. Odamni ishiga bo‘lgan munosabati go‘zal qiladi. Go‘zallikka baho beradigan paytda, odatda taqinchoqlaru bashang liboslar odamni go‘zallashtiradi, deb o‘ylaymiz. Aslida esa ortiqcha bezaklar ayol husniga soya soladi. Tabiiy jozibani yo‘qotadi. Libos insonni emas, inson libosni bezashi kerak.
* * *
Yig‘i – Olloh ne’mati. Qaysidir bir yozuvchi aytgan, agar odam yig‘lamasa, ko‘z yoshi bilan chiqib ketadigan tuzlar uning yuragini qoplab, yurak tuzga aylanib qoladi, deb. Shu uchun ham ko‘zyoshi sho‘r. Yig‘i bilan yig‘ining farqi bor. Agar siz sahnadagi Hamletga hamdard bo‘lib yig‘lasangiz u yig‘ining kuchi boshqa. Undagi yig‘ini o‘z yig‘ing bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Siz dunyoni qay darajada idrok qilyapsiz, bu yig‘ingizning kuchida va uni qanday ifodalayotganingizda ko‘rinadi.
* * *
O‘zbek dramaturgiyasi asoschisi kim? Bir paytlar bu savolga juda to‘g‘ri javob aytilgan: Hamza Hakimzoda Niyoziy! Rost, bundoq o‘ylab qarasangiz, o‘zbek dramaturgiyasi tarixida Hamzadan kuchliroq dramaturg yo‘qdek… Menga qolsa-ku, birinchi dramaturgimiz deb Hazrat Alisher Navoiyni aytgan bo‘lardim. Uning “Farhod va Shirin” dostonida dramaturgiyaning ilk uchqunlarini ko‘rish mumkin.
* * *
O‘zbek dramaturglari orasida Hamzaga yetadigani bo‘lmagan, hozir ham yo‘q. Albatta, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor kabi adiblarning dramaturgiyasini ham e’tirof etamiz. Lekin baribir, ular ham Hamzaga yetolmaydi. Biz hali-hanuz Hamza asarlarini munosib darajada sahnalashtira olmaganmiz. U so‘zning qadrini bilgan holda pesalarini yozgan. Hamzani oxirigacha tushunib yetadigan rejissura hali shakllanmagan bizda.
* * *
Pesa qo‘yishdan maqsad nima o‘zi? Maqsad anketaga “bu rejissyor falon-falon asarlarni sahnalashtirgan”, degan qaydlarni kiritishgina bo‘lmasligi kerak. San’atda ishq bo‘lishi lozim! Talabalik paytlarimizda “Pesani qo‘lga olganingda uni tushunishga harakat qil, u bilan do‘stlash, maqsadini tushun, dardini his qil!” deya uqtirishgan bizga... O‘zbeklarda “dardingni olay”, degan ibora bor. Haqiqiy san’atkor birovning dardini ola biladi va shu dard bilan yashaydi ham.
* * *
Bug‘doy unini kaftida siqib, sifatini aniqlay olmagan odamdan novvoy chiqmaganidek, teatr, artistlar hayotini bilmagan qalamkash haqiqiy dramaturg bo‘lolmaydi. Drama – dialog yozish degani emas.
* * *
Odamlarning dardidan qochib qayoqlarga ketay, deb nola qilgan buyuk shoir aslida boshqalarning dardiga malhamdir. Men deyarli har kuni Navoiyga murojaat qilaman, kitoblarini varaqlab, savollarimga javob izlayman. O‘zingizni topmoqchi, anglamoqchi bo‘lsangiz, bu ulug‘ insonning albatta sizga aytadigan gapi bor! Afsuski, biz bu buyuk siymolarga haykalga qaragandek qaraymiz...
* * *
Odamlar bilan muomalada ko‘rinadi bizning kimligimiz. Deylik, men muxbirlarni yoqtirmayman. Spektakl oxirida sahnaga chiqishni yomon ko‘raman. Taqrizlarda qayta-qayta nomim keltirilsa, g‘ashim keladi. Farzandlarimni hadeb mening nomim bilan bog‘lashsa, jahlim chiqadi. Ularning o‘z yo‘li, o‘z taqdiri, o‘z yutuqlari bor. Masalan, onam biror marta spektakllarimni kelib ko‘rmagan. O‘g‘lim falon spektaklni qo‘yibdi yo falon ishni qoyillatibdi, degan gaplar bo‘lmagan oilamizda. Aksincha, san’atkorlar oilasidan chiqqanligim uchun mendan talab ham, mas’uliyat ham ancha katta bo‘lishi ta’kidlanardi... Eng yomon ko‘rganim esa – spektakl premerasi. Yaxshi ko‘rgan odamingiz bilan xayrlashgandek bo‘lasiz. Premera kuni spektakl o‘ladi!
* * *
Aslida dunyoda qobiliyatsiz odamning o‘zi yo‘q. Lekin ana shu qobiliyatni o‘zimiz, maishiy muammolarga – mashina olay, dang‘illama uy solay, farzandimning to‘yini o‘tkazay kabi o‘tkinchi tashvishlarga o‘ralashib, yo‘qotib qo‘yamiz. Odam o‘zligidan kechmagunicha ezgu maqsadlarga erisholmaydi. Piyolani mayda-chuydaga to‘ldirib qo‘ysangiz, unga achchiqqina choy ham, buloq suvi ham quyib icholmaysiz-ku!
* * *
Non bo‘lmasa odam yetti kunda o‘ladi, suv bo‘lmasa – uch kunda, degan gap bor. Inson bulardan ham ko‘proq taassurotga muhtoj. Biz har kuni qandaydir taassurot olishimiz kerak. Samarqand yo Buxoroni tomosha qilaman deb kelgan sayyohlarga qarang. Televizorda ko‘rsa ham bo‘ladi-ku shu obidalarni. O‘sha shahar, o‘sha minora... Faqat taassurot boshqa! Bu tuyg‘u suvdan ham, nondan ham kuchli. Ma’naviy oziq moddiydan ustun turadi.
* * *
Eng dahshatlisi bilasizmi, nima? Aktyorning siri qolmagan. Kecha tomoshabin uni to‘yda ko‘rgan, bitta davrada o‘tirgan. Bugun bitta do‘kondan xarid qiladi... Chet elda aktyor biror teatr bilan shartnoma imzolasa, qaysidir ma’noda o‘sha dargohning mulkiga aylanadi. Har joyga borishga, ko‘ngli tusagan ishni qilishga haqqi yo‘q. Ilgari o‘zbek teatrlarida san’atkor bilan tomoshabin o‘rtasidagi masofa saqlanardi. Aktyorlar bozorga borib, to‘rva ko‘tarib yurmasdi hatto. Faqat tor davralarda o‘tirishardi. Muxlislar ularni ko‘rish uchun teatr atrofida aylanib, yo‘lini poylardi. Shukur aka, Olim aka, Nabi akalarni ko‘rishga mushtoq edi odamlar...
* * *
Hozirgi o‘zbek teatrlarida aktyorlik masalasining ham mazasi yo‘q. O‘quv dargohlarida sahna mahoratidan saboq berganda to‘rtta-beshta vaziyatni o‘rgatishadi. Aytaylik, “sen yosh yigitsan, bir qizni yaxshi ko‘rasan. Unga sevgi izhor qilasan, yalinasan, yoki u qiz senga yalinadi. Sen – kamabag‘al, u – boy. Yoki aksincha”. Shu vaziyatlarni o‘qib-o‘rganib chiqqan yoshlar ertaga teatrga borib faqat o‘sha vaziyatlarni o‘ynaydi. Psixologiya yo‘q. Teatrlarimizda inson psixologiyasi umuman yo‘qolib ketyapti. Aktrisa qizlarimiz faqat yig‘lashni biladi, yigitlarimiz esa faqat urushishni. Bir narsaga amin bo‘ldimki, ayrimlari hatto aktyorlik kasbi nimaligini bilmay o‘tib ketadi.
* * *
Rejissura shunday kasbki, har bir spektaklda shu kasbni qayta himoya qilishga to‘g‘ri keladi. Bitta yaxshi chiqmagan spektakl o‘nta yaxshi ishingizni yuvib ketishi mumkin. Men ishimni eksperiment deyman, har gal qaysi yo‘ldan borsak tomoshabinga ma’qul keladi, deb o‘ylashdan iborat ishimiz.
* * *
San’at aslida xoslarniki, u hech qachon ommaniki bo‘lmagan. Asl teatr tarbiya ko‘rgan, o‘qimishli, san’atni tushunib qadrlaydiganlar uchun muhimroq. Teatr tarbiyalaydi deyishadi, bu – yolg‘on! Teatr tarbiyalamaydi. Hech qachon kitob o‘qimagan, muzeyga bormagan odamlarni zo‘rlab teatrga olib kelib bo‘lmaydi. Ular san’atning qadriga yetishmaydi. Chunki uning mohiyatini tushunmaydi. Afkor ommaga san’at emas, birinchi o‘rinda non kerak. Ularga san’atning soyasi ham kifoya. Hech qaysi davrda Alisher Navoiy yoppasiga o‘qilmaydi. Hozirda Muhammad Yusuf she’rlarini yoddan aytib yurgan odamlar Rauf Parfi degan nomni eshitgan, xolos.
* * *
Agar men orqaga nazar tashlab, umrimni bir-bir ko‘zdan kechirsam, O‘zbekistonda mendan baxtli rejissyor yo‘q ekan. Birinchi baxtim san’atkorlar oilasida tug‘ilganim, garchi qarindoshlarim qarshilik qilishsa-da, san’at yo‘lini tanladim. “Hamza” teatri (O‘zbek Milliy akademik drama teatri) tarixida eng yosh bosh rejissyor bo‘lib, o‘n yildan ko‘p ishlaganman. So‘ngra fitnalar dovulini ko‘rdim. Buyam baxt!.. Negaki, siz hech kim bo‘lmasangiz, sizni biror bir zot nazariga ham ilmaydi...
Iqbol Qo‘shshayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter