Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Omadsizliklarning boshi... yurakdan ish qilmaslikdan kelib chiqadi» yoxud oddiy uy tozalovchi bilan oddiy bo‘lmagan suhbat

«Omadsizliklarning boshi... yurakdan ish qilmaslikdan kelib chiqadi» yoxud oddiy uy tozalovchi bilan oddiy bo‘lmagan suhbat

foto: Xabar. uz

Islandiyaliklar eng ko‘p kitob o‘qiydigan va eng ko‘p kitob yozadigan xalq ekan. Ularning bir ajoyib maqoli bor: «Har bir islandiyalik ichida bir kitob yashaydi». Biz jurnalistlar tili bilan aytganda har bir insonning hayoti bir kitob bo‘lgulik...

Bugungi qahramonimiz Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tug‘ilgan Dilush Amirxonova (Dilorom Matyoqubova) ana shunday insonlardan biri. Turkiyada o‘qishga kirib ro‘zg‘or tashvishi tufayli talabalikni davom ettirolmagan Dilorom hozirgi kunda «Tertemiz-Toza Pokiza» xonadonlarni kunlik tozalash xizmatini yo‘lga qo‘ygan, qo‘lida 8 nafar xodimi bor.

– Nima uchun firmangizning nomi turkcha-o‘zbekcha?

–  Sababi, men tez-tez Turkiyaga ham ish va turizm  faoliyati bilan borib turaman. Bu yerdan turib Turkiyada ishlamoqchi bo‘lganlarga, Turkiyadan turib O‘zbekistondagi ayollarga ishonchli mijozlarni taklif qila olaman. Biz haqimizda odamlar ha, bir uy tozalovchida deyishi mumkin, lekin bu ishni men kasb darajasiga ko‘tarishni va boshqalar shunday ko‘rishini istayman. Chunki xohlaymizmi yo‘qmi, odamlarning endilikda uy tozalovchilarga   ehtiyoji bor.

Kunlik va uch kunlik xizmatlarimiz mavjud, xuddi chet ellardagidek. Biror ovqat qilishga yordam deysizmi, mehmonlarni kutib, kuzatib qo‘yish deysizmi... Bizning guruhda uzoq yillar Turkiya va Rossiyada ishlab tajriba orttirgan ayollar bor. Bu rasmiy xizmatni ochishdan maqsadim ayollarning qanchasi telegramlarda, ko‘chalarda ish bor desa aldanib tajovuzga uchraydi, qanchadan-qancha uy bekalari ham «uborkachi»lar tomonidan zarar ko‘radi. Shular o‘rtasidagi ishonchni tiklash uchun harakatdaman – qizlarni o‘qitish kerak, maxsus kurslar bor. Tan olish kerak, ko‘pchiligi til bilmaydi, ish bilmaydi, lekin borgan joyida ishlash o‘rniga kunini shunchaki o‘tkazib keladi.

Ishchilarim orasida oliy ma’lumotlilari, laborantkalar, o‘qituvchilar bor, qo‘shimcha ish sifatida buniyam eplashadi.

Bu xizmatni ochishimning yana bir sababi biz musofirlikda, vatandan, uydan uzoqda yurishni endi xohlamayapmiz. Ba’zi ishga ehtiyoji bor ayollarning bolasini, uyini tashlab ketishi, oxirgi narsasini eski bozorga olib chiqib sotishi, bolasini o‘ziga to‘qroq oilaga – opasining, akasining qaramog‘iga berishi, bularning barchasi og‘riqli nuqtalarimiz.

Bir kuni Turkiyada ishga oluvchi xonim bilan o‘zbek ayolining suhbati qulog‘imga chalindi:

– Sen farzandimga qancha vaqt enagalik qila olasan?

– Ikki yil, – ayolning ovozida xazinlik his qildim.

– Demak, shu vaqt ichida sen bolamga o‘z bolangdek mehr qo‘yasan, u sen bilan bo‘ladi doim, keyin undan qanday voz kechib ketmoqchisan, ayolning ko‘zlariga qattiq tikildi xonim.

– Men o‘z farzandlarimni tashlab kelganimga yetti yil bo‘ldi, bu hech narsamas, ket degan kuningiz ketaveraman.

O‘shanda o‘zim istamagan bu suhbatga guvoh bo‘layotganimga negadir siqilgandim...

– Har xil xarakterli ayollar bor, ular va mijozlar o‘rtasida turish, javobgar bo‘lish qiyin emasmi?

– Bilasizmi, men ularga aytaman, ishda sizning g‘ururingizga tegish, kamsitishlar bo‘ladi, ish chog‘ida kerak bo‘lsa haqoratlanishingiz ham mumkin, shunday paytda o‘zingizni tuta biling, deb. Maxsus ish va mas’uliyat o‘rgatilib keyin ishga yuboraman, Turkiyada shunday qilishadi. Ba’zida ishchilarni qanchalik tanlamay yoki ularga tayinlamay tarbiyasiz odamlarni tarbiyali qilib bo‘lmas ekan.

Albatta, ishga boradigan ayollar oladigan haq uchun qaysi yumushlarni qilishi kerakligi nizomga kiritilgan. Masalan, kunlik tozalashga derazalarni artish, changlarni artish, hammom, oshxonalarni tozalash, xonalar, pollar, eshikni artish kiradi. Lekin ba’zida xonadon egalari qo‘shimcha bruschatkalarni, kafellarni yuvdirishadi, o‘t yuldirishadi. Agar uy bekasi shu ishlarni qildirsa, qo‘shimcha haq to‘lashi kerak, agar qo‘shimcha haq to‘lamasa bizning xodim bu yumushlarni bajarmaslikka haqqi bor. Qolaversa, ishchilarim bir kunda qo‘shimcha ishlarga ulgurmaydi, ikkinchidan ularning sog‘lig‘i men uchun muhim. To‘g‘ri, mijozlarim bu talablar tufayli ozayishi mumkin – bundan qo‘rqmayman. Yoki ba’zida potolokni yuvdirishga chaqirishadiyu mustahkam narvon yo‘q, juda omonat...

Ko‘pchilik xonadon egalari shart qo‘yishadi, pasportini olib qo‘yishadi, yoqmasa haydab yuboradiganlar bor. Bir kuni tungi o‘n bir yarimda bir ayol telefon qilyapti – ish beruvchi haydab yuboribdi. Mayli ishi yoqmabdi ertalabgacha sabr qilsa bo‘lardi. Ayol qashqadaryolik ekan. Juda achindim. Yunusobod, Uch qahramondan u ayolni topgunimcha ancha vaqt ketdi. Shuning uchun aytmoqchimanki, ishonchli odamlar orqali ishchi topinglar, xonadonlarga boringlar. Men ish beruvchilarga ham, o‘zim topgan odamlarimga ham kafolat berib, o‘zaro shartnoma qilib ishga olaman, ishga yuboraman. 

 – Ishlashga boradigan ayollarga qanday talablar qo‘yilgan?

 – Ishga kechikmaslik, o‘g‘rilik, chala ish qilmaslik – asosiy talablarim shular. Agar biror xonadonga doimiy ishchi kerak bo‘lsa, sabrli mehnatkash qizlarni topaman. Ya’ni shartlarim: telefon orqali soatlab gaplashmaydigan, muammosini telefon orqali hal qilmaydigan, yolg‘on gapirmaydigan, kech qolmaydigan, uy egalarining yaxshi muomalasini o‘z maqsadi yo‘lida ishlatmaydigan, ya’ni suiiste’mol qilmaydigan, sinovdan o‘tgan qizlarni taklif qilaman.

Lolaxon, Shahnoza, Dilnoza kabi halol, vijdonan ishlaydigan qizlarim bor. Lekin yaxshi  ishlayman, deb va’da berib, chala ish qilib kelganlar ortidan yomon gaplar eshitgan kunlarim bo‘lgan, orqasidan o‘zim borib tozalab kelaman deb, bexosdan qo‘limga tozalash vositasini to‘kib kuydirib olganman.

Ko‘pincha qizlar osonroq, yengilroq ish bormi deb so‘rashadi, qayerda bor oson yoki yengil ish. 25 yildan beri biron marta oson ishni ko‘rmadim, odamlar uyiga chaqirishining sababi uyini tozalashga o‘zini qurbi yetmaganidan, ish ko‘pligidan chaqiradi-da. Ishonasizmi, ayollar orasida to‘rt millionlik oylikni mensimagani ham bo‘ladi. Yoki shu to‘rt million oylikka yengilroq ish istashadi.

Menda ishlagan bir ayol yaxshi pul topardi, xonadon egalari ishiga bergan haqidan tashqari qarashib turardi, yetmadi, shunchaki nafs o‘lgir kundan-kunga ochilib ketdi. Oxirgi paytlarda yuborgan xonadonlarimda ishni chala qilib meni uyaltirayotgandi. Ikki oylar oldin Turkiyaga ketishimga yordam qiling, dedi, yo‘q dedim, chunki birovning xonadoniga jo‘natib o‘rtada turib qarg‘ish eshitgim yo‘q. Yaqinda kuzatdim, ijtimoiy tarmoqlarda, donor bo‘laman, organimni sotaman deb o‘tiribdi. O‘shanda aytgan edim, dunyoqarashingizni o‘zgartiring deb.

Tilladan tog‘ bo‘lsayam ba’zilar shukr qilmaydi, muntazam norozilik va noshukrlik odamni har ko‘yga solarkan – ular qancha ko‘p pul ishlab topmasinlar hech qachon  farovon turmushga erisha olmaydilar. Va shunday odamlar borki, ularning boyliklarini qanchalik talamasinlar boy-badavlatligicha qoladi. Gap bu yerda pulning miqdorida emas, balki unga munosabatda. Yana shunday odamlar borki, ularga qanchalik katta maosh to‘lama baribir qoyillatib ishlamaydi. Va shunday odamlar borki, ularga haq to‘lamasangiz ham o‘z ishini sidqidildan bajaradi, ya’ni gap pulda emas, insonning mehnatga munosabatida. Ishyoqmas ishlamaslik uchun har doim yetarli bahona topadi. Ba’zi odamlar esa butun umri davomida yomon yashayapman, deb nolib yurishadi. Va haqiqatan ham ular to‘kin yashashga barcha imkoniyatlari bor bo‘lsa ham yomon yashashadi. Yana bir toifa odamlar hech narsalari bo‘lmasada doimo badastir va farovon turmush kechirishadi. Va bu o‘rinda ham moddiy jihat hech narsani belgilamaydi. Bu yerda yana o‘sha insoniy munosabat bo‘y ko‘rsatadi.

–  Kuzatishlarimdan anglashimcha, siz ijodkorsiz ham...

–  Turk tilini yaxshi bilaman. O‘zbekiston bilan bog‘liq Turkiyadagi festivallarda qatnashganman, ayollar haq-huqularini himoya qilish kabi kichik loyihalar muallifiman. Turkiyada chop etilgan hikoyalarim, ijodlarim orqali tanlovlarda qatnashib g‘olib bo‘lganman.

– Lekin shunga qaramay kunlik ishga ham chiqasiz...

–  Ha, ba’zida o‘zim borib ham ishlab kelaveraman, nega chunki ko‘pincha chala qilingan ishlar uchun men javobgarman. Mazza qilaman oshxonalarni tozalasam, qancha kir bo‘lsa shuncha yaxshi, lekin deraza artish yoqmaydi, shuning uchun deraza artadigan ishchilarimni qadrlayman. Har ishning o‘z ustasi bor. Ba’zan mijozlarning ortiqcha injiqligi, ba’zan esa ishchilarimning ma’lum vaqt o‘tgach o‘zgarib qolishi qiynaydi.

Sherik tanlashda ham adashib turaman. Juda yaqin dugonam boshida o‘ta mehnatkash edi, keyin o‘zgardi. Biror joyga tozalashga borsak xonadon egalarini gapirardi, shu yerdayam odam yashaydimi deb. Tasavvur qiling top-toza uyga bizni chaqirsa, keling uyim top-toza qo‘l uchida ish qilasizlar sizlarga 50 dollar beraman desa...

Keyinchalik borgan joyining ovqatlaridan nolidi – chuchvara qilib bersayam yoqmasdi... Keyin o‘ylab qoldim, balki unga men bilan ishlash yoqmas, uborka yoqmas, chunki ishlari chalakam-chatti bo‘la boshladi. Ko‘zlarida, tilida norozilik kuchaydi, oxirgi marta makaron dimlab bergan uy sohibini beforasatlikda ayblagach, bu uning oxirgi ish kuni ekanini aytishga majbur bo‘ldim.

Aslida hech kimning ishi zo‘r emas, falonchining oyna artishi yaxshi, Zulayho esa har bir narsani bittalab erinmay tozalaydi. Yana birlarining yolg‘onchiligi bor, eng zo‘r firibgarlar ham ip esholmaydi ularning oldida.  Yana bir ishchim bor edi – ijtimoiy tarmoqda o‘zini bechoraga solib pul yig‘ib o‘tiradigan, o‘sha ayol mening mijozlarimnikiga ishlashga borib ehson qiling, deb uyatga qo‘ygan. Hammasining xatolari uchun safimizdan chiqardim. Menga ba’zida siz uchun odamning qadri yo‘q, bitta xatoga shunchami, deyishadi. Ha shunday, xato xatoni chaqirarkan, xato bu chala ish degani, xato bu asabbuzarlik degani.

– Ishingizdan ko‘nglingiz to‘lsa, tozalikdan ko‘zingiz quvnaydi va mijozlar rahmatini eshitganda boshqacha xursand bo‘lasiz...

– Keling, telegramga kelgan rahmatnomalardan o‘qib beraman: «Judayam eski, kir, chirk bosgan, uzoq vaqt egasiz bo‘lgan uyni, chinnidek top-toza va saranjom qilib berganingiz uchun tashakkur opajon. Uyda hamma narsa xursand – kafellar, polu gaz plitalar sizga raxmat aytayapti, ana bo‘larkan-ku, uy eski qilgan ishim ko‘rinmaydi, deb bahona topmasdan, tozalab qo‘ysa, deyapti. Bugungi kun uchun rahmat opajon, ketgan vaqtingiz, sarflagan mehnatingizga rozi bo‘ling, sizdan juda ko‘p narsa o‘rgandim», «yaxshi yetib oldingizmi, bugungi sermazumun kun uchun sizlarga tashakkur aytmoqchiman, qizlar juda yaxshi ishlashdi, dunyoga tozalik ulashishdan charchamang».

Bunday tashakkurnomalar juda ko‘p.

– Turkiyada xonadon tozalash xizmati qanday?

– Agar firmalar orqali amalga oshirilsa: Ertalab ofisga oltita ayol ishga kelamiz – soat roppa-rosa sakkizda, kechikish yo‘q, bahona qilgan ishdan ketadi. Uch kishidan bo‘lib ikkiga bo‘linamiz – tozalash vositalari, pilesoslar, parogeneratorlar, narvonlar olamiz maska, qo‘lqop shart.

Ikki manzilda ikki guruh ish boshlaymiz – birov oshxonaga, birov devorlar va qandillar, uchinchimiz esa mebellarni tozalash bilan shug‘ullanamiz. Bizga bor-yo‘g‘i besh soat vaqt beriladi. Tushlik 20 daqiqa. Va soat ikkida ikkinchi ish joyiga shu tarzda yo‘l olamiz. Bir ishchi haqi 50 dollar. Ishchiga 30 dollar tegadi har bir ishdan. Kunlik 100 dollargacha ishlagan vaqtlarim bo‘ladi. Musofirlikda bahona yo‘q, ishchi kasal bo‘lsayam belini bog‘lab ishga chiqadi. Tushlik uy egasi bersa yeymiz, bermasa turklarni shirin noni – simit va suv bilan kifoyalanamiz. O‘zbekistondagidek ovqat tanlash yoki bahona qilib ishga chiqmaslik holatlari yo‘q. Turkiyada o‘zimning alohida mijozlarim bor edi. Ularnikiga haftada bir borardim. Kalit tashlab ketishardi. Xolodilnikda istaganimcha u-bu olib yeyishim mumkin. Uylarni tozalab ovqatigacha qilib ketardim.

– Doimo notanish xonadonlar, turli odamlar bilan yuzlashasiz...

– Ha, qiziq voqealar ko‘p bo‘lgan ish jarayonida. Toshkentda bir mavzesiga bordim. Ishni boshladim. Tushlikka yaqin eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi – uy bekasi, ayolning rangi o‘chdi. O‘ldim, erim keldi Dilya opa dedi. Ajablandim. Xo‘p kelaversin, dedim ishimda davom etib, yo‘q sizni ko‘rmasin men doim hamma ishni o‘zim qilayapman, deganman, dedi javdirab.

Bir yoqda eshik jiring-jiring... Xullas, men bolalar xonasiga yashirindim, turmush o‘rtog‘ining tushlik qilib ishga ketishini o‘sha yerda kutishga qaror qildim. O‘sha yerda o‘tirib uxlab qolganman...

Ikkinchi g‘alati voqea. Mijozlarimdan biri kelin oldi. Kelin olguncha hamma sharoitni qildi. Og‘zidan bol tomib baxt tilab o‘tirardi kelinga qaynanasi. Kelin qiynalmasin deb haftada bir uylarini tozalagani meni chaqirardi. Bir kun kelin bilan yolg‘iz qoldik.

– Oyijoningiz ajoyib, havasim keladi, dedim. 

– E, jonga tegadi ortiqcha mehribon, uni yeng, dam oling deb, ezib yuboradi, ishonmayman soxta, dedi kelin...

Negadir taxtadek qotib qoldim. Keyin esa ularnikiga turli bahonalar topib bormaydigan bo‘ldim. Bilmasam men bu kelinni mehrni bilmaslikda aybladimmi yoki o‘zim istamagan holda o‘sha qaynana rostdan yaxshi inson bo‘lgani uchun siqildimmi, g‘alati holga tushdim xullas...

Bitta narsani angladim, ko‘pchilik negadir aldashni yaxshi ko‘radi. Nechta oilaga ishchi qo‘ydim. Boshdan aytaman, men bularni uy yig‘ishtirishu bola qarashdan tortib, uy jihozlarini, texnikalarni qanaqa ishlatishi o‘rgatganman, hatto uyda yo‘q paytingizda ham ishonib uyingizni tashlab ketishingiz mumkin deb. Yo‘q, bir qarasang yoningga pulga zor bo‘lib kelgan ishchi uyaltirib ketadi, yoki uy egasi menga tegishli bo‘lgan haqni bermaydi. Yaxshiyam men makler emasman yoki biror tashkilotdek katta pul, xizmat haqi so‘ramayman. Butun vaqtimni o‘sha ishini topib ketadigan odamga bag‘ishlayman. Ko‘nglim xotirjam bo‘lmaguncha  yubormadim ko‘plarini ishga.

Sotuvchisi, ishchisi uxlatib ketgan korxonayu xonadonlarning o‘zi odamlarni aldashini, haqidan qo‘rqmasligini ko‘rdim. Shu ish asnosida insonlarni rozi qilish qiyin, judayam qiyinligini angladim.

Mehr, ishonch shunaqa narsa kimga keragidan ortiq bersangiz darrov sizning qalbingizni toptashni boshlashadi... Leonardo da Vinchi o‘zining «Adabiy ishlar» kitobida aytadi: «Qarg‘a tumshug‘ida yong‘oq mevasini ko‘tarib baland samoga ko‘tarildi. Ammo yong‘oq qarg‘aning og‘zidan tushib bir qal’a devorining yorig‘iga kirib ketdi. Shunda yong‘oq qal’aga yolvordi: – Ey muhtasham, baland, devorlari mustahkam, qo‘ng‘iroqlari jarangdor qal’a! Menga bag‘ringdan joy ber. Men onam bo‘lmish yong‘oq daraxti ostiga tushmadim. Yo‘qsa, u tarbiya qilarmidi? Menga shu yorig‘ingdagi bir kichkina teshikchadan joy bersang bo‘ldi. Boshqa hech narsa kerak emas!

Qal’a onasidan ajralgan bechora yong‘oqning gapini eshitib rahmi keldi. Uni bag‘riga olishga qaror qildi. Yomg‘ir yog‘di. Yoriqdagi yong‘oq sekin tomir ota boshladi. Asta-sekin o‘sa boshladi. Yong‘oq kattalashgani sari qal’a devorining yorig‘i ham kattalashib bordi. Oxiri devor yiqildi. Yong‘oq esa joyida tik qolaverdi!»

Arablarda bir maqol bor: «Yaxshilik qilgan kishingdan ehtiyot bo‘laver». Bu gap bilan yaxshilik qilmaslik kerak, demoqchi emasman. Aytmoqchi bo‘lganim, yaxshilik hamma vaqt ham meva beravermas ekan.

– O‘qigan kitoblaringizdan eng ta’sirlantirgani...

– Jahon adabiyotidan Nik Vuychichning «Chegarasiz xayot» kitobini o‘qib tugatgunimcha negadir o‘zimni ko‘rgandek bo‘ldim. Kitob qahramoni nogiron yigit xuddi sog‘lom odamdek bu hayotga bo‘lgan hislarini, kurashlarini ifoda qilgan va erishgan.

– O‘zlikni anglash, deganda nimani tushunasiz?

– Yuqorida aytganimdek turk tilini yaxshi bilaman, shu bois davlat tadbirlariga ham tez-tez borib turaman. Shuning uchunmi meni ko‘pchilik tushunmay qoladi – bir qarasa turizmdaman, bir qarasa uyini tozalashga kelaman... Hatto o‘shandan keyin mensimay qo‘yganlar bor. Odamzot g‘alati, o‘zidan sal kuchlini ko‘rsa qulluq qiladi, zaifni ko‘rsa kibrlanadi. Lekin menga odamlarning fikri muhimmas, nima ish bajarsam vazifamni yurakdan bajaraman, kasbi-korimdan uyalmayman. Katta tadbirlarda tarjimon, tashkilotchi, kichik uylarda uy ishlariga yordamchi (uborkachiman). To‘g‘ri injiqman, talabchanman. Lekin halolman. Birovning haqini yemayman. Bir ish qilsam yurakdan bajaraman, yurakdan gapiraman. Chala ishni, chala odamlarni jinim suymaydi. Bir eshitganim bor: «Tuyg‘ular ichida baxt tuyg‘usi judayam yuqumli bo‘larkan», ya’ni, ustidagi jimjimador ko‘ylaklarini yechib jaydari qilib aytsak odamlar o‘zini baxtli qilib ko‘rsatgan odamga ergashuvchan va havasmand bo‘ladilar (xuddi uning shu o‘zi yaratib olgan pozitiv kompozitsiyadan nimasidir bizga yuqib qoladigan kabi).

Baxtsiz va imkonsiz, g‘arib va munglig‘ odamdan darrov odamlar o‘zini tortadi (xuddi uning qayg‘usi boshqalarga ham yuqadigan kabi). Aslida, o‘zini topgan odamga hech narsadan zarar bo‘lmaydi, na baxtli qiyofaning soxta shodligi va na mahzun odamning qayg‘usi o‘zini topgan odamga zarracha yomonlik va o‘zgarish bera olmaydi!

Hamma gap, ana shu o‘zini topa olishda!

Nazarimda bugun ana shu o‘zini topib, o‘zini yaratishdan ko‘ra o‘zgalarga ko‘r-ko‘rona taqlid, nosog‘lom ergashish kuchayib ketayotgandek jamiyatimizda... Ya’ni, bugun «olomonchilik» kayfiyati ustunday...

– Hayotdagi shioringiz...

– Bu alg‘ov-dalg‘ov hayotda tartibli hayotimga egaman. Hamma ishim rejali, tartibli. Kechikishni yoqtirmayman. Kechiksangiz bo‘ladigan ish ham bo‘lmay qoladi, ko‘p sinaganman. Boyvachcha tanishlarga paxta qo‘yib katta davralarga suqilib kirmayman. Minimalizm asosiy maqsadim. Ta’sirchanman. Lekin keyin unitib yuboraman har qanday ko‘ngilsizlikni ham.  

Yana qo‘shib qo‘yingki: Hayotda ko‘p omadsizliklarni boshi yurakdan ish qilmaslikdan kelib chiqadi...

...Maqola tayyor bo‘lgach Diloromdan surat so‘radim, u bo‘lsa meni Toshkentda o‘tkazilayotgan «Turk dunyosi» jurnalistlari va yozuvchilari qatnashayotgan simpoziumga taklif qildi. Qahramonimiz ayni paytda tarjimonlik va mehmonlarni mehmonxonaga joylashtirish ishlariga bosh-qosh ekan...

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring