Ona-bola Kyurilar muvaffaqiyati va fojiasi
Varshavalik Bronislav Sklodovskiy gimnaziyada fizika fanidan saboq berardi. Turmush o‘rtog‘i Vladislava esa gimnaziya direktori vazifasida ishlardi. Ularning besh nafar farzandi bo‘lib, hammasi qiz edi. Bundan ahyon-ahyonda er-xotinning dili o‘ksir, «Vaqti-soati yetgach, qizlarimiz turmushga chiqib, uyli-joyli bo‘lib ketishar. Xo‘sh, biz-chi?.. Keksaygan chog‘imizda holimiz ne kechadi, bizga kim suyanchiq bo‘ladi?» deya, xavotirga tushishardi.
Xayriyatki, dilbandlari mehr-oqibatli bo‘lib ulg‘ayishdi. Ota-onani hargiz ranjitishmadi, hamisha hurmatlarini joyiga qo‘yishdi. 1867-yil 7 noyabrda tug‘ilgan kenja qiz Mariya esa ota-onasi va oilasiga shon-shuhrat keltirdi. Dunyo ilm-fan rivojiga beqiyos ulush qo‘shib, asrlarga tatigulik obro‘-e’tibor qozondi.
Qizig‘i shundaki, yosh qizaloqdagi noyob iqtidorni ota-onasidan ko‘ra shu oilaning yaqin do‘sti, rus kimyogari va pedagogi Dmitriy Ivanovich Mendeleyev oldinroq ilg‘adi. U ilmiy xizmat safari bilan Polshada bo‘lgan kezlari laboratoriyada otasiga ko‘maklashayotgan Mariyani uchratib qoldi. Qizning ishini kuzatib, ilm bilan shug‘ullansa, kelajagi porloq bo‘lishini bashorat qildi.
Ulug‘ olimning daldasi qizaloqni ezgu maqsadlar sari chorladi. Ularga erishish uchun, birinchi navbatda, oliy ma’lumotli bo‘lishi lozim edi. Ammo o‘sha kezlari Varshava universitetiga xotin-qizlar o‘qishga qabul qilinmasdi. Xorijda tahsil ko‘rish uchun esa katta sarmoya kerak edi. Uni topishga Skladovskiylar oilasining qurbi yetmasdi.
Ana shunday tang vaziyatda opa-singil Mariya va Bronya o‘zaro maslahatlashib, oqilona reja tuzishdi. Unga ko‘ra, dastlab Mariya ishlab pul topdi. Evaziga opasi Parijda o‘qib, shifokorlik kasbini egalladi. So‘ngra teskarisi bo‘ldi – Bronya singlisining koriga yaradi...
Mariya 1893-yili Parij universitetining tabiiy fanlar fakultetini tugatib, Sorbon universitetining fizika fani bo‘yicha magistriga aylandi. Hech qancha o‘tmay matematika yo‘nalishida ham shunday darajaga erishdi. Aynan o‘sha kezlari mahalliy hokimiyatga qarashli kimyo va fizika sanoati maktabining laboratoriya mudiri Per Kyuri bilan tanishdi. Magnetizim sirlarini ochish borasida ikkovlon hamkorlikda izlanishlar olib borayotgan kezlari unga turmushga chiqdi. 1898 yil boshida esa, uranni o‘rganishga kirishdi. Bu ishda ham unga kristallar xususiyatlarini tadqiq qilayotgan umr yo‘ldoshi yaqindan ko‘maklashdi. Pirovardida er-xotin ikkita yangi kimyoviy element kashf etdi. Ularning biriga «radiy», ikkinchisiga esa Mariyaning tug‘ilib o‘sgan vatani – Polsha sharafiga «poloniy» nomini berishdi.
1903-yil iyunida Mariyaning doktorlik ishi Sorbon universitetiga taqdim qilindi. U olib borgan tadqiqot natijalari universitet ilmiy kengashi tomonidan xolisona va munosib baholandi. O‘sha yili dekabrda Mariya Kyuri dunyo ayollari orasida birinchi bo‘lib, Nobel mukofotiga munosib deb topildi. Sal keyinroq Sorbon universitetinig ilk ayol professori sifatida ro‘yxatga olindi. Ma’lum muddat o‘tgach, kimyo sohasidagi yangi kashfiyotlari uchun ikkinchi bor Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Ammo...
«Falokat oyoq ostida!» deganlari rost ekan. 1906 yili Kyurilar oilasi og‘ir judolikka uchradi – Per avtohalokat tufayli olamdan o‘tdi. Shundan so‘ng Mariya bor diqqat-e’tiborini farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga qaratdi. Ular ilmli va madaniyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun onalik mehr-muhabbatini ayamadi.
Samarasi chakki bo‘lmadi. Kenja qizi Yeva mohir pianinochi sifatida musiqa shaydolari qalbini zabt etdi. To‘ng‘ichi Iren ona kasbini tanladi. Turmush o‘rtog‘i va hamkasbi Federiko Jolio bilan hamjihatlikda ish yuritib, kimyogarlarning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardi. Aniqrog‘i, alfa-zarrali nurlar yordamida bir kimyoviy moddani boshqasiga aylantirish usullarini yaratdi. Erishgan yutuqlari evaziga 1935-yili Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. Ammo radioaktiv elementlar bilan ishlash jarayonida u yuqori kuchlanishli nurlanish olgani tufayli «leykemiya» dardiga mubtalo bo‘lib, vafot etdi.
Mana, o‘shandan buyon oradan necha yozu necha qish o‘tdi. Lekin ahli bashar ona-bola Mariya Sklodovskaya-Kyuri va Iren Jolio-Kyuri nomlarini unutgani yo‘q. Chunki ular tom ma’noda aql-zakovat sohibalari edilar. Bor umrlarini ilmga baxshida etib, kimyo fani rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar. Bebaho kashfiyot-ixtirolari ila o‘zlariga o‘zlari haykal qo‘yib ketdilar.
A.Haydarov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter