Oq uy Ukrainadan 15-maygacha saylov o‘tkazishni talab qilyapti – FT
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning to‘rtinchi yilligida – 24-fevral kuni prezidentlik saylovi va tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum o‘tkazilishini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Financial Times manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kiyevda saylov va referendumni rejalashtirish jarayoni AQSh ma’muriyati bosimi ortidan boshlangan. Oq uy Ukrainadan har ikki ovoz berishni 15-mayga qadar o‘tkazishni talab qilmoqda. Aks holda, Kiyevga taklif etilgan xavfsizlik kafolatlari bekor qilinishi mumkin.
FT’ning yozishicha, Vashington bahorgacha tinchlik muzokaralarini yakunlashga intilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyevga xavfsizlik kafolatlari keng qamrovli tinchlik kelishuvi imzolanishiga bog‘liq ekanini bildirgan. Nashrning ta’kidlashicha, bunday kelishuv Donbass bo‘yicha muayyan yon berishlarni talab qilishi mumkin.
Avvalroq ham FT va Reuters manbalari xavfsizlik kafolatlari Rossiya bilan tinchlik kelishuviga erishish sharti bilan bog‘lanayotganini xabar qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 4–5 fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Ukraina–Rossiya–AQSh uch tomonlama uchrashuvidan so‘ng Zelenskiy AQSh urushni iyungacha tugatishni xohlayotganini aytgan.
Zelenskiy ofisi FT so‘roviga rasmiy javob bermagan. Shu bilan birga, «RBK-Ukraina» nashri manbasi:
«Xavfsizlik bo‘lmasa, saylov e’loni ham bo‘lmaydi», – deya ma’lum qilgan.
Prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak esa saylov o‘tkazish uchun kamida faol harbiy harakatlar va raketa-dron hujumlari to‘xtatilishi zarurligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faol urush sharoitida fuqarolarning saylovda qatnashish va nomzod sifatida ko‘rsatilish huquqini ta’minlash qiyin. Shuningdek, mavjud vaziyatni hisobga olgan holda saylov tizimini qayta tashkil etish va qo‘shimcha moliyalashtirish talab etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter