Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘xshash alomatlar. Koronavirus bilan grippni qanday farqlash mumkin?

O‘xshash alomatlar. Koronavirus bilan grippni qanday farqlash mumkin?

Foto: «Stihi.ru»

Savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Ubaydulleva javob berdi. Bu haqda SSV ma’lum qildi.

Koronavirus va grippning bir-biridan ajratuvchi bir qancha belgilari mavjud. Jumladan, kasallangan bemor bilan muloqotda bo‘lsangiz, gripp kasalligining yashirin davri 5-7 kun, koronavirusning yashirin davri esa 2-14 kun.

Ikki kasallik ham tumov, ko‘z yoshlanishi, burun oqishi, aksa urish, tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechadi.

Lekin gripp kasalligida:

umumiy belgilar 1-3 kungacha bo‘ladi. Yengil darajasida tana haroratining 38 darajadan yuqori bo‘lishi bir marta kuzatiladi, 3-kundan boshlab bemor ahvoli yaxshilana boshlaydi;

grippning og‘ir kechuvida kasallik bronxlar va o‘pkalarni jarohatlagan bo‘lsa, gripp oqibatida kuzatiladigan tana harorati 5 kundan keyin ham 38 darajadan yuqori bo‘lishi mumkin, undan ko‘p muddat kuzatilmaydi. Gripp kasalligida yo‘tal birinchi 3-4 kun quruq, so‘ngra esa balg‘amli bo‘ladi va davolashda asosiy maqsad balg‘amni parchalash yoki ko‘chirishga ko‘maklashishdir;

gripp kasalligidagi pnevmoniyada o‘pka yallig‘lanishi kasallikning reabilitatsiya jarayonida qayta tiklanishi mumkin. Gripp kasalligi faqat yuqori va pastki nafas yo‘llarini zararlaydi. Gripp kasalligida asab tizimining jarohatlanishi kuzatilmaydi.

Koronavirus kasalligida esa:

umumiy belgilar 1-3 kun kuzatiladi, tana harorati yengil kechuvida 38 darajaga bir marta ko‘tariladi. So‘ngra 37 darajada bo‘ladi. Yengil kechuvida davo to‘g‘ri olib borilsa, bemor ahvoli kasallikning 5-7-kunlarida yaxshilanib boradi;

kasallikning og‘ir kechuvida esa 8-kundan boshlab tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi. Umumiy holsizlik kuchayadi, quruq yo‘tal zo‘rayadi, nafas yetishmovchiligi, ya’ni hansirash ham kuchayadi. Koronavirusda yo‘tal balg‘amsiz bo‘ladi. U kasallikning kechuviga bog‘liq holda 2-3 haftadan 1,5 oygacha kuzatilishi mumkin;

koronavirusdagi yo‘talni davolash ko‘proq nafas mashqlarini o‘tkazib, alveolalarning faoliyatini to‘liq ta’minlash bilan organizmning to‘qima va hujayralariga kislorod ta’minotini tiklashga qaratilgan bo‘ladi;

koronavirus kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir kechuvida o‘pkalar interstitsiyasi, alveolalarining fibroz to‘qima bilan qoplanishi oylar davomida tiklanishi yoki ma’lum qismi umuman tiklanmasligi ham mumkin;

koronavirus kasalligida inson organizmining bir necha a’zolari (nafas a’zolari, oshqozon-ichak tizimi a’zolari, yurak-qon tomir tizimi a’zolari, buyrak tizimi, endokrin bezlar tizimi, markaziy va periferik asab tizimi kasalliklari jarohatlanadi. Ayniqsa, asab tizimi va ruhiyatning zararlanishi kuzatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring