Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi

Foto: «Xabar.uz»

2026 yil 20 fevral kuni Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida yangi tahrirdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda jamoatchilik muhokamalari yakunlari, bildirilgan takliflar va hujjatga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatnomasiga muvofiq takomillashtirilgan strategiya loyihasi regulation.gov.uz va uzbekistan2030.uz platformalari orqali keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 2025 yil 30 dekabrdan 2026 yil 28 yanvarga qadar bo‘lgan davrda jami 3 564 ta taklif va fikr kelib tushgan.

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lum qilinishicha, ularning 2 153 tasi asosli, 751 tasi takroriy, 340 tasi ma’qullovchi va 320 tasi tanqidiy fikrlardan iborat bo‘lgan. Asosli takliflar tegishli vazirlik va idoralar bilan muhokama qilinib, amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lganlari Strategiyaga aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida kiritildi.

Eng ko‘p takliflar ta’lim, ekologiya, raqamlashtirish, energetika va transport sohalariga oid bo‘lgan. Shuningdek, jamoatchilik bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari ham inobatga olingan.

2026 yil 16 fevral kuni “Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni imzolandi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiyada 100 ta maqsad va 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan. Har bir ko‘rsatkichning moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatilib, ularning ijrosi yilma-yil rejalashtirilgan. Hujjat doirasida 60 ga yaqin davlat organiga aniq vazifalar yuklatilgan.

Foto: «Xabar.uz»

E’tiborlisi, Strategiya ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy mas’uliyat yuklatilib, har yili Davlat budjetini shakllantirish jarayonida Strategiya ko‘rsatkichlari alohida inobatga olinadi. Amalga oshirish jarayonini muvofiqlashtirish uchun respublika komissiyasi tuzilgan.

Monitoring natijalari asosida har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Respublika komissiyasiga axborot taqdim etiladi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot beradi. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajargan tashkilotlar rahbarlari hamda xodimlari rag‘batlantirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu tariqa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat ustuvor maqsadlarni belgilab beruvchi dasturiy hujjat, balki aniq indikatorlar, moliyaviy ta’minot va kuchli nazorat mexanizmiga ega bo‘lgan tizimli islohotlar dasturi sifatida amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring