O‘zbekiston birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
General-polkovnik 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tavallud topgan. 1965-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini “tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi” mutaxassisligi bo‘yicha, 1985-yilda esa Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini “qo‘mondon-shtab operativ-taktik” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1966-yildan 1972-yilgacha qadar Boltiqbo‘yi qo‘shinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qo‘shinlar tankchilar diviziyasi tankchilar bataloni komandirining siyosiy bo‘lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972-yildan 1986-yilgacha Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalonida komandirning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda batalon komandiri lavozimlarida xizmat o‘tagan.
1986-yildan 1991-yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.
1991-yildan 1992-yilgacha bir vaqtning o‘zida mustaqil O‘zbekiston Mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘mondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Rustam Ahmedov mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997-yil sentyabr oyidan 1998-yil sentyabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 1998-yilda nafaqaga chiqqan. Shuningdek, 2018-yildan 2020-yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yo‘nalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan.
Ko‘p yillik fidoyi xizmatlari uchun Sobiq ittifoq va O‘zbekiston Respublikasining bir qator orden va medallari bilan taqdirlangan. 1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i va 1995-yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
Milliy armiyasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2018-yilda “Do‘stlik”ordeni bilan taqdirlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter