Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy Osiyoda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha yagona mintaqaviy platforma yaratish taklif qilindi

Markaziy Osiyoda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish bo‘yicha yagona mintaqaviy platforma yaratish taklif qilindi

"Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni boshqarish tizimini mustahkamlash: milliy taraqqiyot, hamkorlik va kelgusi qadamlar” mavzusidagi sayd-ivent bo‘lib o‘tdi. Tadbir xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarni ularning butun hayotiy sikli davomida boshqarish bo‘yicha milliy tizimni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalar bilan ekologik jihatdan xavfsiz muomala qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, mamlakatning Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari doirasidagi xalqaro majburiyatlariga muvofiq ravishda muhokama qilish uchun yuqori darajadagi platformaga aylandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi Rolf Payet, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, shuningdek, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘zaro ishonch, ilmiy hamkorlik, umumiy mas’uliyat va mintaqaning ekologik xavfsizligi barchamizning umumiy vazifamiz ekanini anglashga asoslangan ekologik hamkorlikning yangi madaniyatini shakllantirmoqda. Biz Markaziy Osiyoda pestitsidlar, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yagona mintaqaviy platforma yaratishni taklif qilamiz. Bu muvofiqlashtirishni kuchaytirish, bilim almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Tadbir davomida ishtirokchilar xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarni boshqarishga kompleks yondashuvni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, monitoring va laboratoriya nazorati tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, muddati o‘tgan pestitsidlarni inventarizatsiya qilish, xavfli chiqindilar bilan muomala qilish, atrof-muhitning barqaror organik ifloslantiruvchi moddalar (POPs va PFAS) bilan ifloslanishining oldini olish hamda o‘ta xavfli pestitsidlardan foydalanish bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Texnik sessiya doirasida FAO vakillari O‘zbekistonda pestitsidlarning hayotiy siklini boshqarishning yaxlit tizimini shakllantirish bo‘yicha yondashuvlarni taqdim etdilar. Ular xavfli kimyoviy moddalar to‘planib qolishining oldini olish, chiqindilarni utilizatsiya qilish infratuzilmasini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligini yuritishning xavfsiz usullarini targ‘ib etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdilar.

Bundan tashqari, UNDP vakillari Stokgolm konvensiyasi doirasida amalga oshiriladigan yangi loyiha bo‘yicha rejalarni taqdim etdilar. Mazkur loyiha ifloslangan hududlar muammolarini hal etish va to‘plangan ekologik zararni bartaraf etishga qaratilgan.

Muhokamalar yakunida kelgusidagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular qatoriga xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish infratuzilmasini rivojlantirish, monitoring va laboratoriya nazorati tizimlarini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligining xavfli pestitsidlarga qaramligini kamaytirish hamda o‘simliklarni himoya qilishning barqaror usullarini keng joriy etish kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring