Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston prezidenti Xitoyga boradi

O‘zbekiston prezidenti Xitoyga boradi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

12-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Sin Ganni qabul qildi.

O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab tashqi ishlar vaziri Sin Gan davlatimiz rahbariga XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuv davomida siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobar, qo‘shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko‘paydi, Xitoydan 11 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Pandemiyadan so‘ng muntazam aviaqatnovlar tiklangach, hududlararo aloqalar, ta’lim va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.

O‘zbekiston yetakchisi Xitoyga bo‘lajak davlat tashrifi va «Markaziy Osiyo - XXR» sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidladi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Bugungi kunda texnik hujjatlari tayyorlanayotgan «O‘zbekiston – Qirg‘iziston - Xitoy» temir yo‘lini qurish loyihasini tez fursatda amalga oshirish ahamiyati qayd etildi.

Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko‘maklashish borasidagi yaqindan muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring