Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston transport inqiroziga yuz tutmoqda. Muammoni hal qilish 50 milliard dollarga tushadi

O‘zbekiston transport inqiroziga yuz tutmoqda. Muammoni hal qilish 50 milliard dollarga tushadi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonning hozirgi logistika infratuzilmasi ishlab chiqarish sur’atlariga mos kelmaydi. Logistikadagi inqirozdan endi qochib bo‘lmaydi. Mamlakatda infratuzilma salohiyatini oshirishni ikki yil avval boshlash kerak edi.

Rossiyaning xalqaro transport va logistika sohasidagi yetakchi eksperti Aleksey Bezborodov O‘zbekiston logistika tizimida o‘sib borayotgan muammolarni qanday yumshatish haqida gapirdi.

— So‘nggi paytlarda O‘zbekiston transport inqiroziga yuz tutayotgani haqida bir necha bor ochiq aytib o‘tdingiz. Yaqinlashib kelayotgan inqiroz belgilarini qanday ko‘rayotganingizni izohlang?

— O‘zbekiston sanoat majmuasiga yo‘naltirilayotgan ulkan sarmoyalar buning eng muhim belgisidir. Sanoatning turli tarmoqlari soni ortib bormoqda: avtomobil yig‘ishdan tortib, gaz kimyosigacha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashdan tortib to to‘qimachilikgacha. Bularning barchasi, albatta, yaxshi.

Muammo boshqa tomonda. Ishlab chiqarishning o‘sishi bilan bir qatorda, tegishli logistika bilan shug‘ullanish kerak. Umuman olganda, O‘zbekistonda logistika minimal darajada rivojlantirilmoqda. 2024 yilning birinchi yarmidagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning transport va logistika sektoridagi yangi xorijiy va qo‘shma korxonalar hissasi 3 foizdan kamroqni tashkil qiladi. Shuningdek, infratuzilma salohiyatini faol kengaytirishga urinish bo‘layotgani yo‘q.

O‘zbekistonda bu holat manfaatdor tomonlarning yo‘qligidan kelib chiqqan. Ular bor, lekin pastdan tashabbus va yuqoridan buyruq bo‘lmasa, natija nolga teng, hech kim na pul, na investitsiya qilmaydi.

— Inqiroz qachon boshlanadi?

—  Bir yarim-ikki yil ichida.

— Siz aytayotgan transport inqirozi amalda qanday ko‘rinda bo‘ladi? Ishlab chiqaruvchilar, sanoatchilar va fermerlar transportda qanday muammolarga duch kelishadi?

— Eng birinchi oqibati nazorat punktlarida tirbandlikning kuchayishi. Navbatlar allaqachon mavjud, ammo hozircha ular inqiroz belgisi emas.

Inqiroz yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekiston transport sohasiga bosim keskin ortadi. Keyinchalik, transport xizmatlariga, odamlarga va avtomobillarga talab ortadi. Bunday talabni tezda qondirib bo‘lmaydi — tanqislik yuzaga keladi va narxlar keskin ko‘tariladi.

Ba’zi sanoat ob’yektlari xom ashyoni yetkazib berish yoki tayyor mahsulotlarni tashishda muammolarga duch kelishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi ham xuddi shunday muammolarga yuz tutadi.

— Inqiroz O‘zbekistonga qanchalik tahdid solmoqda?

— Albatta, O‘zbekistonda global inqiroz bo‘lmaydi. Xususiy sektor va yirik korporatsiyalar u yoki bu tarzda moslashadi — ehtimol ular chet elliklarni taklif qilishadi, shunga o‘xshash muammolarga duch kelgan boshqa davlatlar tajribasini o‘rganadilar. Vaziyat qandaydir tarzda hal qilinadi.

Yaqinlashib kelayotgan muammoning ko‘lamini tushunish uchun oddiy hisob-kitoblarni amalga oshirish kifoya.

Bir yarim-ikki yil ichida qancha kubometr mahsulot ishlab chiqarilishini hisoblashimiz kerak.

Qancha hajm haqida gap ketmoqda?

— Menimcha, umumiy hajm 36 million kubometrni tashkil qiladi. Tushunish uchun ushbu hajmni o‘tkazish uchun sizga 300 ming yuk mashinasi yoki 450 ming 40 futlik konteyner kerak bo‘ladi. Bu juda jiddiy, katta hajm.

— Boshqa davlatlar ham shunday muammolarga duch kelganmi?

Ko‘pgina davlatlar bunday holatlarga duch kelishgan. Eng tipik misol ishlab chiqarishni keskin oshirgan, ammo 1980-1990 yillarda infratuzilma taqchilligiga duch kelgan Xitoydir. Bunga javoban XXR logistika uchun katta resurslarni sarfladi va oxir-oqibat infratuzilmani iziga tushirdi.

Rossiya ham Uzoq Sharqqa yuk tashishda muammolarga duch kelmoqda, chunki so‘nggi yillarda ishlab chiqarish o‘sib bormoqda, ammo transport imkoniyatlari yetarli emas. Hukumat va biznes muammoni hal qilish uchun katta mablag‘ sarflashga majbur.

— Yaqinlashib kelayotgan inqiroz belgilari shunga o‘xshashmi yoki O‘zbekistondagi vaziyat o‘ziga xosmi?

— Inqiroz belgilari, albatta, o‘xshashdir. Muammoni hal qilishda turli xil yondashuvlar mavjud. Ba’zi hukumatlar va korporatsiyalar juda ko‘p pul va ulkan inson resurslarini sarflashadi, ammo bu kutilgan samarani bermaydi.

— Balki sizning vaziyatdan to‘liq xabaringiz yo‘qdir va aslida O‘zbekiston transport sohasini rivojlantirish uchun ommaga ma’lum qilmasdan barcha choralarni ko‘rayotgandir?

— Albatta, hamma narsani bila olmaysiz deb taxmin qilishingiz mumkin. Ammo O‘zbekiston temir yo‘llari va infratuzilma quvvatlarini qurishga qodir yirik xoldinglar ochiq faoliyat yuritmoqda. Ularning faoliyati ommaviy axborot vositalarida yoritilmoqda. Agar ular konteyner terminallari, 100 yoki 200 ming kvadrat metrlik ombor majmualari va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan boshqa ob’yektlar qura boshlagan bo‘lsa, buni yashirib o‘tirishmasdi.

Yangi loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘qligi ular mavjud emasligini anglatadi. Hozir hech qanday qurilish yo‘q, ya’ni zarur ob’yektlar bir yarim yil ichida mavjud bo‘lmaydi, chunki bunday ob’yektlarni qurish davri uzoq davom etadi.

— Hozir O‘zbekistonda salbiy vaziyat yuzaga kelmasligi uchun nima qilinishi kerak?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda ShHTdagi nutqida aytganlarini bajarish lozim. O‘zbekiston rahbari barcha kuch va resurslarni ShHT davlatlarining yagona integratsiyalashgan transport tizimini shakllantirish uchun yo‘naltirishga chaqirgandi. Sa’y-harakatlarni yirik markazlar va «kelajak shaharlari»ni yaratishga emas, balki oddiy terminallarga, logistikaga qaratish zarur.

Afsuski, hozirda ShHTga a’zo davlatlar Markaziy Osiyoning transport kelajagi bo‘yicha umumiy qarashlarga ega emaslar. Ularda kuchlarni taqsimlash, transport koridori loyihalarida birgalikda ishtirok etish va hokazolar bo‘yicha kelishuvlar yo‘q.

O‘zbekiston o‘z infratuzilmasini jadal qurishi kerak. Xususan, yangi konteyner terminallari qurilishi lozim. Eskilarini kengaytirish emas, aynan yangilarini qurish kerak. Terminallarning umumiy maydonini bir million kvadrat metrga oshirish zarur. Ulardan 200 ming kvadrati muzlatgichli bo‘lishi talab etiladi.

 Bunday loyihalar, albatta, elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish va boshqa  choralar ko‘rishni talab qiladi. Buni qilish qiyin va qimmat bo‘lishi mumkin, ammo bu zarur.

Shuningdek, yo‘l tarmog‘ini kengaytirishni davom ettirish va uni maksimal darajada bajarish muhimdir. Balki temir yo‘l uzellari qurilishi tugallanar. Bu haqda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanganidan keyin aniqroq aytish mumkin bo‘ladi. Shunda O‘zbekistonda yana nimalar bajarilishi kerakligi ma’lum bo‘ladi.

— Muammoni hal qilish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi?

Qariyb 40 million aholisi bo‘lgan mamlakat infratuzilmasini yangilash, to‘g‘rirog‘i, to‘liq yakunlash uchun 50 milliard dollargacha mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu, shubhasiz, juda ko‘p, lekin buni xususiy kompaniyalar, banklar va boshqalar qilishlari kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring