Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Hindiston birgalikda harbiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi

O‘zbekiston va Hindiston birgalikda harbiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazadi

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan 2022-2023 yilga ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, 2023-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Do‘stlik – 2023» birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi Kumaon viloyatidagi Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Xalqaro tayyorgarlik poligoniga tashrif buyurdi.
Mazkur hamkorlikdagi taktik o‘quv mashg‘ulotlari dastlab 2019-yilda O‘zbekiston hududida, 2021-yilda Hindistonning Utaranchal shtatida, 2022-yilda Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning «Yangiariq» umumqo‘shin poligonida o‘tkazilgan.

Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari jahonda va mintaqada keskin o‘zgarib borayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, milliy va global xavfsizlik sohasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatar hamda tahdidlarga qarshi kurashishning eng ma’qul usul va uslublarini qo‘llash, harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyati, professionalligi hamda mahoratini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i polkovnik Rasul Japarov hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ismoil Qurbonov hindistonlik hamkasblari bilan shu yilning fevral-mart oylarida rejalashtirilayotgan hamkorlikdagi o‘quvlarni o‘tkazish, O‘zbekiston harbiy kontingentini qabul qilish va joylashtirish hamda ta’minot masalalarini kelishib oldi.

Mazkur uchrashuvda ikki mamlakat vakillarining qo‘shimcha takliflari e’tiborga olinib, ikki davlat harbiylari ishtirokida sport va madaniy tadbirlarni ham tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar rejaga kiritildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring