Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda ilk bor chiqindilarni yoqish zavodi quriladi

O‘zbekistonda ilk bor chiqindilarni yoqish zavodi quriladi

Foto: Eco.gov.uz

2-may kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va «China CAMC Engineering» kompaniyasi raisi Van Bo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar, shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimi borasida vazirlik zimmasiga yuklangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish va investitsiya jozibadorligini oshirish borasidagi izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sanoatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar potensial hamkorlar va investorlar uchun aniq belgilab berilganini qayd etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasining «China CAMC Engineering» kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistondagi chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni o‘rganish va tashkil etish hamda respublika rahbariyatiga taqdim etish uchun zavodning dastlabki loyihasini ishlab chiqish maqsadida Xitoydan ekspert guruhini yuborish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, ekoturizm sohasida hamkorlik qilish va Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida yangi kanat yo‘lini qurish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlarni havo sifati monitoringi va ekologik qoidabuzarliklarga javob berishning onlayn tizimi hamda chiqindilarni yig‘ish va tashish uskunalarini kuzatish tizimi bilan tanishtirish maqsadida vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziga tashrif uyushtirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring