Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida quduq qazishga taqiq o‘rnatilishi mumkin

O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida quduq qazishga taqiq o‘rnatilishi mumkin

Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida yer osti chuchuk suvlariga quduq burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha moratoriy joriy etilishi mumkin.

Bu borada Prezidentning tegishli qarori loyihasida belgilab qo‘yilmoqda.

Qaror loyihasi matnida bugungi kunda ayrim hududlardagi yer osti suvlari  sathining ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5 metr va undan ortiq pasayib, ular resurslarining kamayib ketishi kuzatilayotgani, shuningdek, sohaga oid ruxsat beruvchi tartib-tamoyillar keskin soddalashtirilgan va shaffoflashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, yer osti suvlariga quduqlarning ruxsatsiz burg‘ilanishi va suvdan nazoratsiz, hisobsiz foydalanish holatlari hamon davom etayotgani ta’kidlanadi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda Davlat geologiya qo‘mitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalari tomonidan 1 200 dan ortiq yer osti suvlariga ruxsatsiz burg‘ilash va ulardan foydalanish holatlari aniqlangan.

Shu bois mazkur hujjat loyihasi bilan yuqorida keltirib o‘tilgan 7ta viloyatning ayrim hududlarida (hududlar joylashuvi ushbu havolada, -tahr.) 2022-yil 1-avgustdan boshlab yer osti chuchuk suvlariga quduq burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bunda:

– suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlarda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan suv tejovchi texnologiyalarsiz yerlarni sug‘orish taqiqlanadi (tasdiqlangan davlat dasturlari doirasidagi burg‘ilash ishlari bundan mustasno);

– suv sathi 5 metrgacha pasaygan hududlarda yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanish suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni inobatga olgan holda:

yerlarni sug‘orish maqsadlari uchun – Suv xo‘jaligi vazirligining;

ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun – hududiy rivojlantirish dasturlari va suvdan oqilona foydalanish shartlari bilan viloyatlar hokimlari xulosalari asosida amalga oshiriladi;

– ushbu hududlarda ichimlikdan tashqari maqsadlarda suv hisoblash vositalarisiz yer osti suvlaridan olinganda soliq to‘lovi belgilangan soliq stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring