O‘zbekistonda yod tanqisligi kasalligi 20 yilda 2,5 barobarga kamaydi
Bugungi kunda O‘zbekistonda yod tanqisligi holatlarining tarqalish darajasi 31 foizni tashkil etib, 20 yil mobaynida 2,5 barobarga kamaygan.
Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida aytib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, shunga qaramay, O‘zbekiston hali ham yod tanqisligi bo‘yicha og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda.
Aholi orasida endemik buqoqdan kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish va osh tuzini yodlash bo‘yicha talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish zaruriyati ham yuzaga kelgan.
Ayniqsa, 2023-yilda yod tanqisligi kasalligi har 100 ming aholiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2160,7), Surxondaryo (1883,3), Jizzax (1494,0) Buxoro (1262,2) viloyatlarida mamlakat ko‘rsatkichlariga nisbatan (912,4) baland bo‘lgani tashvishli holdir.
Shu davrda yod tanqisligi ko‘rsatkichi bolalar va o‘smirlar orasida mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga o‘rtacha 712,3 va 3593,6 nafarni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar «yod tanqisligi pandemiyasi» davom etayotganligini anglatadi.
2007-yilda qabul qilingan Qonunda yod yetishmasligi kasalliklarining ommaviy profilaktikasi oziq-ovqatga yodlangan tuz ishlatish va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Biroq 2024-yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda 94 ta osh tuzi ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va undan foydalanuvchi korxona mavjud. Ularning bor-yo‘g‘i 24 tasida laboratoriyalar bor, faqatgina 72 tasida dozatorlar o‘rnatilgan. Ammo o‘rnatilgan ayrim dozatorlar mutlaqo talabga javob bermaydi.
2024-yilning 9 oyi davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi.
Natijada tuz ishlab chiqaruvchi korxonalardan olingan 263 ta namunadan 65 tasida (25 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalaridan olingan 1 110 ta namunaning 347 tasida (31,5 foiz), maktabgacha va maktab ta’limi muassasalaridan olingan 3 613 ta namunaning esa 1 263 tasida (35 foiz) yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan.
Shu bilan birga o‘rganishlar davomida Sirdaryo viloyatida hech qanday hujjatsiz tuzni qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanib kelayotgan 4 ta korxona aniqlangan.
Ushbu korxonalarda tuzni yodlash dozatorlari mavjud emas. Omborlarda mahsulotlarni saqlash qoidalariga amal qilinmagan, qayta ishlab chiqarish uchun keltirilgan birlamchi tuzlarning tegishli hujjatlari, xususan sertifikatlari mavjud emas. Tuz belgilangan talabga javob bermaydigan paketlarga qadoqlanmoqda. Mahsulot ishlab chiqarilgan sanalar ko‘rsatilmagan holda sotuvga chiqarilmoqda. Ayrim hollarda qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgani aniqlangan.
Ayrim tadbirkorlar tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlarni suiiste’mol qilib, aholining sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan mahsulotlarni sotishni davom ettirmoqda.
Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning aniq takliflar aks etgan qo‘shma qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter