O‘zbekistonga Caudiya Arabistonidan hadya keldi

Saudiya Arabistoni podshohligi O‘zbekistonga xurmo sovg‘a qildi. Ushbu hadyani Caudiya Arabistonining yurtimizdagi elchisi Yusuf bin Solih al-Gahra al-Utaybiy hamda Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi delegatsiyasi a’zolari topshirdi.
Marosimda mamlakatimiz vakillari — O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Halimov, «Vaqf» xayriya fondi raisi vazifasini bajaruvchi Muzaffar Salomov ishtirok etdi.
Homidjon Ishmatbekov Saudiya hukumati va Podshoh Salmon nomidagi markazga sovg‘a uchun minnatdorlik bildirib, bunday savobli amallar do‘stona robitalar ramzi ekanini ta’kidladi.
Saudiya elchisi so‘nggi ikki yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi robitalar sezilarli darajada mustahkamlangani, bunda prezident Shavkat Mirziyoyev muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Saudiya tomonidan dunyo davlatlariga xurmo hadya qilish an’anaga aylangan. Jumladan, o‘tgan yil mart oyida ham Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi mamlakatimizga beg‘araz ko‘mak sifatida 50 tonna xurmo sovg‘a qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov joriy yil 7 mart kuni Saudiya elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qilgan hamda Umra ziyoratini tashkil etishdagi xizmatlari uchun elchixona xodimlariga minnatdorlik bildirgan edi. O‘z navbatida, Ikki muqaddas masjid xodimining elchisi ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sharafligi, bu borada elchixona tunu kun mehnat qilishga ham tayyor ekanini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter