O‘zbekistonliklar uchun Xorvatiya ishchi vizasi soddalashtirilishi mumkin

Budapeshtdagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mamlakat TIV, IIV va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiyaning Xorvatiyaga tashrifi tashkil etildi.
«Dunyo» AA bergan ma’lumotga ko‘ra, tashrif doirasida Xorvatiya Tashqi ishlar vazirligi shtat kotibi Frano Matushich, Demografiya va migratsiya vazirligi shtat kotibi Jelka Yoshich va Mehnat, pensiya, oila va ijtimoiy siyosat vazirligi davlat kotibi Ivan Vidish, shuningdek, bir qator kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Xorvatiya tomoni o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb etishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi va mehnat migrantlari uchun ta’lim kurslarini, jumladan, xorvat va xorijiy tillarni o‘qitishni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat vizalarini olish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Migratsiya va mobillik masalalari bo‘yicha hukumatlararo bitimni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Xorvatiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida birinchi konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazishdan manfaatdor bildirildi.
Tashrif davomida yetakchi rekruting kompaniyalari vakillari va vatandoshlar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda Xorvatiyada O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish va ishlayotgan o‘zbekistonliklar huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter