O‘zbekistonning faxriy jurnalisti Qariyalar uyida vafot etdi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Rustam Obid 72 yoshida Qariyalar uyida bu dunyoni tark etdi.
O‘zbekistonning faxriy jurnalisti 9 yildan buyon Respublika urush va mehnat faxriylari pansionatida istiqomat qilayotgandi.
Rustam Obid 1950 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U maktabdayoq, 14 yoshida povest yozgan o‘quvchi sifatida tengqurlari orasida yaxshigina tanildi.
«Fan va turmush» jurnalida 1973 yildan ish boshladi. «Fan va turmush» Rustam Obidni ilmiy jurnalist, mistika va sir-sinoat, parapsixologiya ilmining tadqiqotchisi sifatida butun O‘zbekistonga tanitdi. O‘zbekistonda sarguzasht asarlarning va fantast yozuvchilarning keng miqyosda tanilishi ham aynan «Fan va turmush» jurnali, aynan Rustam Obid hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jurnalistning o‘tgan asrda O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish etilgan «Olamga sayohat» ko‘rsatuvi ham tomoshabinlar e’tiborini qozongan. Uzoq Sharq, Vladivostok shahri, Yapon, Barens dengizlari, Kola yarimoroli, Shimoliy Kavkaz, Stavropol o‘lkasi, Kabardin Bolqor, Qorachoy-Cherkes, Shimoliy muz okeani va boshqa hududlardan tayyorlangan ko‘rsatuvlarning har biri Rustam Obidni telejurnalist sifatida ham mashhur qildi.
Serqirra jurnalist Rustam Obid 2000 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoniga sazovor bo‘lgan.
O‘zbekistonda xizmat qilgan jurnalist qanday qilib Qariyalar uyiga tushib qolgandi? Ma’lum qilinishicha, oilasi bilan kelisholmay ajrashganidan so‘ng 20 yil ko‘chada, ijara uylarda yashashiga to‘g‘ri kelgan. So‘ng Qoraqamishdagi shu pansionatga joylashgan.
«Xabar.uz» faxriy jurnalistning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter