Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: Ustyurt regionida geologik tadbirlar natijasida joriy yil dekabr oyi oxirigacha 2 mln. kub metrgacha qo‘shimcha tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirildi

«O‘zbekneftgaz»: Ustyurt regionida geologik tadbirlar natijasida joriy yil dekabr oyi oxirigacha 2 mln. kub metrgacha qo‘shimcha tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari tomonidan Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli  konlarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish dasturi doirasida «Sharqiy Asrlon», «Jagiz» va «Boylik» kabi yangi istiqbolli maydonlardagi 3 ta, shuningdek, «Quyi Surgil» konidagi 4 ta (10, 24, 25 va 26), «G‘arbiy Quyi Surgil» konidagi 2 ta (3, 4) hamda «Arslon» konidagi 30-sonli quduqlarda olib borilayotgan burg‘ilash jarayonlari mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi.

«Quyi Surgil» konidagi 16-sonli va «G‘arbiy Quyi Surgil» konidagi 1-sonli quduqlarda bajarilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan joyida chiqqan holda tanishib chiqildi.

«Ishchi guruh» a’zolari tomonidan «Tillali» konidagi 2-, 4-sonli quduqlarni konservatsiyadan qaytarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari nazorat qilindi.

Shu yerda «Tillali» va «Sayxun» konlarida yana 4 ta quduqlarni mukammal ta’mirlash ishlarining rejasi tahlil qilinib, ularni jadallashtirish bo‘yicha mutaxassislarga tegishli topshiriqlar berildi.

Alohida ta’kidlash lozimki, Ustyurt mintaqasida havo haroratining ancha past bo‘lishiga qaramasdan, o‘tgan 20 kun davomida «Tillali» konidan qazib olinadigan tabiiy gazni «Beskala» gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga uzatish uchun 11 km uzunlikdagi gaz quvurini payvandlash ishlari yakunlandi.

Hozirda quvurlarni izolyasiya va montaj qilish ishlarining yakuniy bosqichi hamda 3-sonli quduq ustini jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Qurilish maydonida Ustyurt boshqarmasi rahbariyati hamda tegishli departament boshliqlariga quvurni qisqa muddatda ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, «Tillali» konidagi mukammal ta’mirlanadigan quduqlarni ishga tushirish uchun gaz quvurini qurishni loyihalashtirish va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shu yerda, quduqlarni kapital ta’mirlash uskunalarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning faoliyat olib borishlari va yashashlari uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, bu borada barcha zarur shart-sharoitlarini yangilash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganish davomida texnologik ob’yektlarda, jumladan «Arslon» gazni kompleks tayyorlash qurilmasida quvvati kuniga 3 million kub metr gazni kompleks tayyorlash vazifasini bajaruvchi 1 ta qo‘shimcha texnologik tarmoqni qurish ishlari bilan tanishib chiqildi. Hozirgacha yangi tarmoqdagi 6 ta texnologik apparatlar uchun temirbeton fundament quyish ishlari bajarilib, 4 ta apparatlar o‘rnatildi.

O‘rganishlar davomida texnologik apparatlar, quvurlar, quvur armaturalari va boshqa material-texnik resurslarni yetkazib berish, ishlarni jadallashtirish bo‘yicha pudratchi tashkilot vakillariga va mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida, 2022 yilning yanvar-noyabr oylarida Ustyurt boshqarmasi bo‘yicha 4,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 39,0 ming tonna gaz kondensati qazib olinib, gaz qazib chiqarish o‘tkan yilga nisbatan 119,2% ni tashkil etdi. Ustyurt regionida geologik texnik tadbirlar natijasida, joriy yilning dekabr oyi yakuniga qadar kunlik 2 mln. kub metrgacha qo‘shimcha tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirildi.

Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun 2022 yil o‘tgan davrida  tabiiy gaz qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan jami 52 ta geologo-texnik tadbirlar amalga oshirildi, bunda 16 ta yangi gaz quduqlari burg‘ilashdan ishga tushirildi, 32 ta quduqlarda kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib borildi hamda 4 ta texnologik ob’yektlar ishga tushirildi hamda qo‘shimcha 908,5 mln kub metr tabiiy gaz, 24,2 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring