Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zimizga tegishli nimaiki bo‘lsa, or qiladigan bo‘ldik

O‘zimizga tegishli nimaiki bo‘lsa, or qiladigan bo‘ldik

Иллюстратив фото

Nabijon Boqiyga ochiq xat!

Qadrli ustoz, aslida ochiq xat yozish tarafdori emasman, lekin bunda ko‘tariladigan masala faqat siz bilan menga tegishli emas.

Qaysidir saytdagi intervyungizda bugungi o‘zbek adabiyoti to‘g‘risidagi savolga: «men To‘ytepadan nariga o‘tolmaydigan adabiyotni o‘qimayman», deb javob beribsiz. Bugungi adabiyot ahmoqlikdan bir qadam ham nariga o‘tolmayapti, demoqchisiz-da... Yoki mahalliy doirada qolib ketganligini aytmoqchimidingiz?

Bilasiz, betgachopar emasman. Aslida sizning publitsistikangizni o‘qib, jurnalist bo‘lganmiz, lekin yuqorida aytganlaringiz anchayin og‘ir. Bu faqat sizning gapingiz bo‘lgani uchun e’tiroz bildirmoqchi emasman. Afsuski, bugun o‘zini ziyoli sanagan ko‘pchilik shu fikrda. O‘zimizga tegishli nimaiki bo‘lsa, or qiladigan bo‘ldik. Bolalarimiz multiklarimizdan, yosh-yalanglar kiyimimiz va tilimizdan, kattalarimiz qadriyatlarimizdan, mana, ziyolilarimiz adabiyotimizdan uyaladi.

Bilaman, azaldan talabchan va qat’iy bo‘lgansiz. Bir paytlar, maktabda o‘qib yurganimda «hikoyangiz adabiyotning birlamchi talablariga ham javob bermaydi», deb keskin maktub ham yo‘llagansiz. Ancha o‘ksigan va xafa bo‘lganman. Baribir bu haqli tanqid meni o‘z ustimda ishlashga va qat’iy bo‘lishga undagan. Lekin endigi gaplar aniq holat va aniq inson bo‘yicha emas, bu millat adabiyotini yerga urish-ku! Har holda millatga tegishli nimagadir baho berganda, bundayin keskin va umumiy xulosalar berishdan tiyilganimiz ma’qul.

Malomat qilmoqchi emasman, shunchaki, anchadan buyon shu kabi holat o‘ylantirayotgan edi: Nega o‘zimizning yaxshi jihatlarimizni anglolmaymiz? O‘zimizga o‘zimiz baho berolmaymiz? Buning uchun chekkadan kimdir xulosa berishi zarur bo‘ladi?

Bu holat ayniqsa adabiyotimizda kuchli.

... Bir paytlar «Yulduzli tunlar» romanini  adabiy jamoatchilik yaxshi qabul qilmagan. Har holda matbuot shunday yozgan. Maskvadagilar «zo‘r asar yozib qo‘yibsanlar-ku» degandan keyin tan olishgan.

A.Qahhorni «o‘zbekning Chexovi» deyishimiz-chi? Shunday demasak, yozuvchining darajasini bilib bo‘lmaydiganday... Faqat boshqalar tan olgandan keyingina yoki o‘zgalarga taqqoslabgina, o‘zimizga baho beramiz.

Jahon adabiyotida tan olingan bir-ikki yozuvchini maqtab, ularning oldida o‘zimizniki sariq chaqaga qimmat, deganday fikr bildiribsiz.

Shu yoshga kirib, hech tushunmadim-da, adabiyotining yaxshi-yomonini qanday ajratish mumkin? To‘g‘ri, havaskor va professional adabiyot bo‘lishi mumkin, lekin ikki xalqning adabiyotini yonma-yon qo‘yib, mana bunisi zo‘r, bunisi yomon, deb qanday baho beriladi? Buning mezonlari, tartib-qoidalari bormi? Bu mezon va tartib-qoidalar qaysi millat adabiyotiga o‘lchab, ular asosida chiqarilgan? Adabiyot, ijod o‘ziga xoslik, individuallik bo‘lsa, uni qanday qonunlar bilan o‘lchash mumkin?

To‘g‘ri, bizda «adabiyotning tili zo‘r bo‘lishi kerak», degan qat’iy talab bor. Lekin bu talabni faqat milliy adabiyotga qo‘llashimiz mumkin. Tarjima adabiyotning asl tilini bilmaymiz-ku! Uning zo‘rligini qanday baholayapmiz? Badiiy adabiyotning qolgan uch unsuri – g‘oya, syujet va ruhiyat haqida ham «kimniki zo‘r?» deb bo‘lmaydi.

Tushunasiz, aslida adabiyotga faqat did orqali baho beriladi. Hatto professional tanqidchilar ham uni ko‘proq tartib-qoida asosida emas, did bilan baholaydi. Did esa hammada har xil.

Chunki, adabiyot uchun yagona mezon ham, qoida ham yo‘q!!!  Har qanday yetuk adabiyot barcha qoidalarni parchalab, toptab yaratiladi. Unda nima bor, deb so‘rarsiz? Reklama bor, xolos. Kimdir o‘z adabiyotini yaxshi ko‘radi va ko‘klarga ko‘taradi, kimdir milliy adabiyotini mensimaydi. Natijada u yerga kirib boraveradi. Did esa bugun aksariyat reklama orqali shakllanmoqda. Ayniqsa, o‘zini ziyoli sanaydigan, boshqalardan ajralib turishni istaydigan qatlamning didi. Lekin ularning o‘zi kimningdir reklamasi ta’sirida qolganini bilmaydi ham.

Bilasiz, kim zo‘rligini ochiq-oydin, milliardlab insonlar ko‘z o‘ngida baholaydigan sportda qanchalar «o‘yinlar» bo‘ladi. Endi yagona qonuni-qoidasi, mezoni bo‘lmagan adabiyotni oling, nahotki, unda «o‘yin» bo‘lmaydi deb o‘ylaysiz?

Bo‘ladi, juda, bo‘ladi-da. Bugun adabiyot o‘ta siyosiylashib ketganini bilasiz. Meni bir savol qiynaydi: nega agar AQSh va Yevropada tug‘ilmagan bo‘lsa, o‘z millati, milliy davlati manfaatlarini himoya qiladigan yozuvchilar ko‘pam jahon miqyosida tan olinavermaydi? Xullas, biz maqtab aytayotgan gaplarning qanchalik qismi aslida reklama mahsuli ekanini bilamizmi? Qaysi asar reklama ko‘rsatib bergan yo‘l orqaligina ko‘nglimizga kirib borganini anglay olamizmi?

Aslida har bir millatda yaxshi yozuvchilar bo‘ladi. Hech qachon bir millatning boshqasidan kam yoki ortiq joyi bo‘lganiga ishonmaganman. Har qanday xalqning har bir davrda o‘z daho yozuvchilari bo‘ladi. Biz, g‘arb dunyoqarashi, yashash tarzi va g‘oyalari ruhida tarbiyalanganlar asarni o‘sha g‘oyalar qolipiga solib, ularning nuqtai nazari, mezonlari bilan baholasak,  ularga yoqmaydigan adabiyotni «To‘ytepaga ham yetib bormayapti», deb tan olmasak, albatta ilg‘amaymizda o‘sha ijodkorlarni.

Hozir kitobxonlik haqida ko‘p gapirilyapti. Bir qarashda, xalq o‘qimishli bo‘lib qolishi kerakday. Biroq, shaxsga e’tibor bermayapmiz-ku... Ya’ni, kitobxonlik romantikasini yaratish uchun aniq kitoblar, aniq yozuvchilar haqida gapirilishi lozim. Biz esa bir-birimizni reklama qilib qo‘yishdan cho‘chib, hech kimning na kitobini va na o‘zini aytamiz.

Mana, qaysidir bir kanalda bolalar kitobxonligini targ‘ib etish bo‘yicha ijtimoiy rolik berilmoqda. Endi, gap kitob haqida bo‘lgandan keyin, uning o‘zi ham ko‘rsatilishi kerak-ku, ko‘rsatmasa bo‘lmas. Rejissyor reklama to‘g‘risidagi qonundan yaxshi xabardormi, rolikda bolalar rus tilidagi kitobni, buning ustiga Agniya Bartoning kitobini o‘qimoqda (o‘zimizning biror adibni reklama qilib qo‘yishdan cho‘chib shunisi ma’qul ko‘rilgan-da).

Mamlakatda siyosat o‘zgaryapti, shaxsan Prezidentimizning o‘zi inson kapitalini rivojlantirish haqida alohida qayg‘urmoqda. Biz esa... Hatto, shaxs haqida gapirmay turib, rivojlantirishning umuman imkoni bo‘lmagan adabiyotda ham aniq asar va aniq inson haqida bir og‘iz so‘z yo‘q. «Aytsam, reklama qilib qo‘yaman-ku», degan baxillikka o‘xshash fikr bor-da ko‘ngilda.

Siz o‘qishni istamagan adabiyot aslida yo‘q ham emas. Shunchaki, adabiyot haqida so‘z ketganda individual shaxslar haqida so‘zlashga to‘g‘ri keladi. Biz esa, ancha mahal shaxs haqida, u faqat qo‘shiqchi bo‘lsagina gapirdik. Boshqa biror sohada shaxsning nomini tilga olish rusum emasdi. Shuning uchun «O‘tkan kunlar»dan boshqa adabiyotimiz yo‘qday tuyuladi. Aslida adabiyot emas, o‘quvchi yo‘q, xolos. «O‘tkan kunlar»ning o‘zi bilangina millatni kitobxon qilib bo‘lmasligini nihoyat tushunishimiz kerak. Qolaversa, aynan «O‘tkan kunlar» bizni kitobdan chalg‘ityapti. Chunki uning kinosi bor, o‘qimasdan ham aytib berish imkoni ko‘plarga qo‘l kelyapti. Qaysi qo‘shiqchidan so‘ramang, shu kitobni o‘qiyotganini aytadi-ku. Gap uchun: bir san’atkor intervyuda «O‘tkan kunlar»dan oshib o‘tib, Graf Monte Kristoning «If qal’asi mahbusi» kitobini o‘qiganini gapirib bergan.

Adabiyotimizni yerga urish xalqni kitobxonlikdan chalg‘itadi. Bu yo‘ldan o‘zim shaxsan o‘tganim uchun aytyapman.

Bir paytlar, bolalarim yoshligida, ular faqat Anvar Obidjonning asarlarini o‘qishlarini istardim. Qolgan kitoblarni, «bolalarim sayoz asarlarni o‘qimasligi lozim», deb xarid qilmaganman.

Ular o‘ylaganimchalik sayoz ham bo‘lmagandir, biroq adabiyotimiz haqida yoppasiga «tanqiddan tuban» degan tavqi la’nat osilgan edi-ku (darvoqe, bu tamg‘a haliyam, haqsiz ravishda, uning bo‘ynida). Shunchaki, bu yozuvchi-shoirlar haqida gapirilmas, ularni tanimasdik. Shunday ekan, bolalarim ham ularni o‘qishini istmaganman.

Bugun bolalarim ulg‘aygan, yomon yigitlar emasdir, lekin ularni zamonaviy milliy adabiyotni o‘qitmay tarbiyalaganim uchun o‘zimni kechirolmayman (qanchalar ajoyib yigitlar qilib tarbiyalashim mumkin edi, afsus). Manmanligim sababli ular adabiyotdan yiroq bo‘lib tarbiya topishdi. O‘ylamang, bu faqat mening muammom emas. Xalqimizning tipik vakiliman. Bu har bir oilaning muammosi. Faqat buni birov tushunadi, birov hali yo‘q.

Bolalarimizni qachongacha chet el adiblarining asarlari bilan tarbiyalaymiz? Ular ham ertaga sizga o‘xshab o‘z millatining adabiyotini mensimasligi uchunmi? Biror masalada xulosa qilish kerak bo‘lsa, darrov g‘arbga qarab qolishi uchunmi?

Aslini so‘rasangiz, chet el adabiyoti ham og‘zimiz ko‘pirib maqtaganimizchalik, biznikidan ulug‘roq emas (aytdim-ku, bir adabiyot ikkinchisidan ulug‘ ham, past ham bo‘lmaydi).

Esingizdadir, ancha mahal so‘lagimiz oqib, «Kichkina shahzoda»ni maqtadik. Lekin uni tushunishi uchun bolalarimiz, avvalo, ikkinchi jahon urishi muhitini, Gitlerning kimligini bilishi va tushunishi lozim edi. Bolalar esa buni bilishga majbur emas. Ular, avvalo, mutolaadan zavq olishni o‘rganishlari lozim. Va, umuman, bu asar bolalar uchun yozilmagan-ku. U bolalar haqida kattalar uchun bitilgan asar.

Qolaversa, Ekzyuperi juda aqlli bo‘lganidan buncha sirli, mavhum yozmagan. Shunchaki, u yashagan davr va muhitni yaxshi bilmaymiz, u o‘qigan asarlar bilan tanish emasmiz, shundan sirli tuyuladi. Qolaversa, yashirin reklama ham ish bergan, chamasi. Aks holda jahonda shundan o‘zga bolalar uchun asarlar kammidi?

Sizga bugungi adabiyotimiz o‘ta zerikarli ko‘rinayotgan bo‘lsa, bu yozuvchilarimiz bilan bir zamonda yashayotganingizdan. Ular o‘ylagan o‘y, fikr, aytmoqchi bo‘lgan gapni bilganingiz uchun ham shunday. Pomuq esa notanish muhit va davrni qalamga olgan, shundan jozibali.

Qiziqarli ekan, deb nasroniylik afsonalariga asoslangan asarlar yozayotgan yozuvchilarimiz bor va ularni maqtab ham turibmiz. Ha, nazarimizda, g‘arbga tegishli nimalardir aralashgan bo‘lsa, demak bu ajoyib asar. Hammasini g‘arb mezonlari bilan o‘lchashga urinayotgan ayrim ziyolilarimizning fikri va dunyoqarashi ancha buzilgan!

Dunyoda hech bir millat bizchalik o‘z adabiyotini yerga urmas. Holbuki, dunyo bilan bo‘ylashadigan asarlarimiz sanoqsiz. Agar g‘arbdan nigohimizni birozga olib, o‘zimizga qaratsak va shaxsdan cho‘chishni bas qilsak, ularni albatta ko‘ramiz.

Aytmoqchi, ustoz, Pomuq haqidagi gaplaringizdan keyin qiziqib, uning «Qora kitob»ini topib o‘qidim. Va bir xulosaga keldim: Nabijon Boqiy biror o‘zbek adibining («O‘tkan kunlar»dan boshqa, albatta) asarini aytganda, «qanaqa ekan?» deb (qovun qovundan rang oladi, axir) uniyam o‘qigan bo‘larkanim.

Biroq, siz ularni aytmaysiz, men o‘qimayman. Chunki siz ham, men ham shu elning tipik vakilimiz.

Hurmat bilan Ismoil Shomurodov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring