Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Past oylik beriladigan bo‘lsa, ular borishmaydi» — Muzaffar Jalolov (video)

Loyihamizning bugungi mehmoni Toshkentdagi INHA universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Muzaffar Jalolov.

Muzaffar Jalolov 1986 yilning 17 fevralida tug‘ilgan.                 

Ma’lumoti oliy: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Janubiy Koreya Yongnam universiteti.

Ilmiy darajasi: texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Mehnat faoliyati: «UNICON.UZ» DUK,  O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish  vazirligi, «Geodeziya va kartografiya milliy markazi» DUK.

2018 yildan hozirgi vaqtga qadar Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori vazifasini bajaruvchisi.

Assalomu alaykum, «110 metr balandlikda» loyihasiga xush kelibsiz. INHA va TATU universitetlari IT yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan yagona OTMlar edi. Hozirda raqobatchi OTMlar ko‘paydi. Raqobatdan qo‘rqmaysizmi?

— Raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi, sifat ham bo‘ladi. Toshkent shahridagi INHA universiteti O‘zbekistonda tashkil qilingan Koreyaning birinchi universiteti hisoblanadi.  Lekin biz Koreyaning filiali emasmiz. Koreya ta’lim dasturida O‘zbekiston hududdida joylashgan O‘zbekistonning xalqaro universitetimiz. Bizlarda kirish imtihonlari ham, o‘qish ham, diplom ham Koreya tomonidan beriladi. O‘zbekistondagi xalqaro universitetlar soni hali unchalik raqobat qiladigan darajada ham emas. Sababi, O‘zbekistondagi universitetlar hammasi ham barcha bitiruvchilarni qamrab olayotgani yo‘q. Hozirda yurtimizda xorijiy 24 ta oliy ta’lim muassasalari bor. Oldin 100 ta abituriyentdan faqatgina 8-9 nafari talaba bo‘la olgan. Hozir esa bu imkoniyat  yanada ko‘paygan.

O‘zbekistondagi OTMlarda sifatli kadrlar tayyorlashda nimalar yetishmaydi?

— Muhataram prezidentimiz joriy yilning 26 iyunidagi yig‘ilishda endi yangi universitet ochilmasligini aytib o‘tdi, endi urg‘u faqat sifatga qaratilishini ta’kidladi. Hozirda Vazirlar Mahkamasi huzurida ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mavjud. Bu inspeksiya 2019 yilda ishlab chiqilgan yangi standartga binoan barcha OTMlarni attestatsiya va akkreditatsiyadan qaytadan o‘tkazyapti. Bizning universitet yangi kreteriya, yangi talab bo‘yicha hozir O‘zbekistonda yagona. 26 iyundagi yig‘ilishda davlat rahbari rektorlarni bosh islohotchi ekanligini ta’kidladi. Chunki, juda ko‘p yoshlarning kelajagi bizlarga bog‘liq.

O‘qishga kirolmaganlarning yoki talabalarning kursdan-kursga o‘tolmagan holatlarida «tanka» surishlari bo‘lib turadimi?

— Agar universitetimiz misolida aytadigan bo‘lsak, bizda kursdan-kursga o‘ta olmaslik holatlari yo‘q. Bizda ta’lim jarayonlari kredit modul sistemasida o‘qitiladi. «Tanka» surish holati hali bo‘lmagan. Bizning universitetda buning imkoni ham yo‘q. Chunki, hamma jarayonlar axborot tizimi orqali Koreyaga bog‘langan. Bizdagi akademik jarayonni hammasini Koreya boshqaradi. O‘qituvchilarni ham ular tanlaydi. Bizlarda dekanat tushunchasi yo‘q, o‘quv bo‘limi bor. O‘quv bo‘limining boshlig‘i ham Koreya fuqarosi. Rektorning birinchi yordamchisi lavozimiga ham Koreya fuqarosi qo‘yilgan.

— Bitiruvchilarning o‘qishdan keyingi faoliyatlarini monitoring qilasizlarmi? INHA bitiruvchilari qayerlarda ishlamoqda?

— Ish topish bo‘yicha bizlarda karera markazi bor. Shu yerda haftasiga kamida ikki marta ish vakansiyalari bo‘yicha e’lon beriladi. Bizning 100 dan ortiq hamkorlarimiz mavjud. Davlat korxonalaridan tashqari, banklar, xusususiy sektorlar, xalqaro tashkilotlar ham bor va ular doimiy ravishda biz bilan ishlaydi.

Bitiruvchilarga kelsak, 3-kursdan ko‘pchilik ish bilan ta’minlanadi. Sababi, sifatli ta’lim berilganidan keyin qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin, talaba kerakli kadrga aylanadi. Bizdagi talabalarning talabi ham yuqori. Past oylik beriladigan bo‘lsa, ular borishmaydi ham. Chunki ularning malakasi, bilimi talabga javob beradi.

INHA magistratura yo‘nalishi haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.

— Bu yil birinchi marta biznes boshqaruvida «raqamli transformatsiya» degan yo‘nalish ochdik. Faqatgina boshqaruv tarafdan emas, bunda texnik tarafdan ham gibrid ta’lim beriladi. Magistratura yo‘nalishi bizda 1+1 usulida bo‘ladi. Ya’ni, bir yil O‘zbekistonda, bir yil Koreyada tahsil olinadi. Ham O‘zbekiston, ham Koreya diplomiga ega bo‘lish imkoniyati bor. Keyinchalik nasib bo‘lsa, doktorantura yo‘nalishini ochishni niyat qilganmiz.

  Super kontrakt orqali o‘qish masalasiga qanday qaraysiz?

— Oddiy qarayman. Juda ham ko‘p davlatlarda bu tizim joriy qilingan. Bilimi pastroq degani, bu bilim olishga, imkoniyat berilishiga uning haqqi yo‘q degani emas. Lekin shunday tizim joriy qilish kerakki, super kontraktdagilarni hammasiga ham diplom berish kerak emas. Ma’lum bir imtihonlarni topshirib, ma’lum bir talabga javob berganidan keyin diplom berilishi lozim. Biz ham koreyalik hamkorlarimizga bu taklifni berdik, ular ta’lim sifatini tushib ketishidan xavotirda. Shuning uchun bu masalaga hali qaytmadik.

Toshkentdagi INHA universiteti TOP mingtalikka qachon kiradi?

— Koreyadagi INHA universiteti TOP-500 talikka kiradi. O‘zbekistondagisa endi kiradi nasib qilsa. Bu reytingga kirish uchun juda katta talablar bor. Ilmiy salohiyat to‘g‘ri tashkil qilingani, professor o‘qituvchilarni ko‘proq ilmiy ishlar olib borishi, ko‘proq maqolalar chop etilgan bo‘lishi kerak. Bizda faqat akademik yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ilmiy yo‘nalishlar endi yo‘lga qo‘yiladi. Hozir oldimizga xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishni maqsad qilib qo‘yganmiz.  Agar o‘tsak, boshqa davlatlarda ham bizning diplomimiz tan olinadi. Nasib bo‘lsa, keyiingi yil uchun reja qilganmiz bularning hammasini.

Universitet reytingini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish, zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida nafaqat INHAda, balki boshqa universitetlarda ham nima ishlar qilinishi kerak deb o‘ylaysiz?

– Mahalliy universitetlarga kelsak, ularda juda katta imkoniyatlar ham bor, kamchiliklar ham.  Bizga kelsak, joy muammosi bor. Yana, aytib o‘tganimdek, endi magistraturani ochdik, hali doktarantura ham ochishimiz kerak. Ilmiy markazlarni ochishimiz zarur. Mahalliy OTMlarning esa 26 iyundagi yig‘ilishdan keyin imkoniyatlari juda ham kengaydi.

Birinchisi, OTMlarning o‘zida ilmiy kengashlarning, boshqaruv kengashlarining rolini oshirish. Bungacha hamma narsani Oliy ta’lim vazirligi bilan kelishish kerak edi.

Ikkinchisi, moliyaviy mustaqillik. O‘ylaymanki, O‘zbekistondagi barcha mahalliy OTMlar ham moliyaviy mustaqillikka chiqishi kerak.

Uchinchisi, universitetga kirishda bemalol bo‘lish kerak, lekin bitirayotganda hammaga ham diplom berilishi kerak emas.  Yana stipendiyani ham olib tashlash kerak, bu faqat bolani buzadi. Bizlarda stipendiya yo‘q. 1 sentyabrdan ko‘p OTMlar kredit modul sistemasiga o‘tadi. Lekin hali bu haqida ko‘pchilikda tushuncha yo‘q.

2021-2022 o‘quv yilida universitet qabul jarayonlarida qanday yangiliklar bor? Joriy yilda universitetga qancha  talaba qabul qilinadi? Qo‘shimcha kvotalar ajratilganmi?

– Bizda cheklov bor. Bu yil uchun 420 ta kvota ajratilgan. Imtihonni aprel oyidan boshlaymiz. 3 marta imtihon bo‘ladi. Birinchi martada yiqilgan talabada keyingi imtihonda yana qayta topshirish imkoniyati bor. Chunki bizda imtihon juda qiyin bo‘ladi. Ingliz tilida, matematika, fizikadan topshirish kerak. Bu esa oson emas. Onlayn hujjat topshirish jarayonlari ketmoqda. Abituriyentlar bemalol uyidan turib hujjat topshirishi mumkin. Pandemiya sabab o‘qish jarayoni ham ma’lum vaqt onlayn bo‘ldi. Endilikda sentyabr oyidan offlayn o‘quv jarayoniga o‘tish niyatimiz bor.

INHA da Sirtqi ta’lim tizimini joriy qilish rejalashtirilganmi?

– Albatta. To‘g‘ri, hozirda bizda sirtqi ta’lim joriy qilinmagan, ammo magistratura bosqichining kechki ta’lim yo‘nalishi tashkillashtirilyapti. Bu ish bilan ta’minlanganlarga ham bemalol o‘qish imkoni beradi.

Sirtqi ta’limni ham rejalashtirganmiz. AKT vazirligining ko‘magi bilan ko‘p narsalarni amalga oshirish imkoniyati bo‘ldi. Hozir vazirlik 100 foiz qo‘llaydi universitetda nima yangilik qilmoqchi bo‘lsak ham.

Muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan bu yil xorijiy hamda xususiy OTM larga davlat granti ajratilyapti. Eng ko‘p grant bizlarga ajratildi. O‘zi 10 ta grant qabul qilar edik. Bu yil uchun esa hisob-kitob qilib 30 ta grant qabul qilishni reja qilgan edik. Endilikda muhtaram prezidentimiz tashabbuslari bilan yana 50 ta grant joriy qilindi. Bu esa talabalar uchun juda katta imkoniyat.

Hududlarda INHA filiallari ochilish rejasi bormi? Qaysi hududlarda?

— Ko‘p viloyatlar qiziqish bildiryapti. Lekin bizning kuchimiz hammasiga ham yetmaydi. Ham moliyaviy, ham vaqt tomonidan hali imkoniyatimiz kam. Hozir qilishimiz mukin bo‘lgan eng to‘g‘ri ish bu — masofaviy gibrid ta’limni yo‘lga qo‘yish. Ya’ni, o‘qishini mayli onlayn o‘qisin, lekin talaba interaktiv bo‘lsin. Darsni kino ko‘rgandek tomosha qilmasdan, jarayonda qatnashsin, ustoz bilan suhbat qilsin. Nazorat ishlarini esa kelib joyida topshirish kerak. Bunda nafaqat viloyatlardagi, balki qo‘shni davlatlardagi yoshlarni ham masofaviy gibrid ta’limda o‘qitsa bo‘ladi.

Pandemiya ta’lim jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

— Nafaqat INHA, balki butun dunyo bunga hali tayyor emas ekan. Kimlardadur internetda muammo bo‘lib qolishi mumkin. Yana eng asosiy muammo bu — dangasalik. Ba’zi yoshlarimiz uyida bo‘ladi, yonida divan bo‘ladi, televizor bo‘ladi, dars tayyorlashga esa ishtiyoq bo‘lmaydi. Lekin shunda ham professor o‘qituvchilarimiz talabalarni bir tonusda ushlab turishga qattiq harakat qilishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring