Poytaxtda inspektorni BMW mashinasi urib yubordi
Tunda Toshkent shahrining Nukus ko‘chasida BMW haydovchisi YHX inspektorini urib ketgan. Bu haqda rasmiy ma’lumot berilmagani ko‘pchilikni xavotirga solmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan ma’lumot va video kadrlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasida BMW M4 Competition avtomobili ishtirok etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilni voyaga yetmagan shaxs boshqargan.
Kadrlarda haydovchi tezlik bilan yon yo‘lakka o‘tayotgani, vaziyatni baholamay, xavfli harakat qilgani hamda og‘ir YTH sodir etgani aks etgan.
Xabarlarga ko‘ra, jabrlangan inspektor og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
E’tiborlisi, shuncha vaqt o‘tsa ham na hodisa haqida, na inspektorning salomatligi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlar berilmadi. Bu ko‘pchilikda savollarni keltirib chiqaryapti. U kimningdir “erkatoyi” bo‘lishi mumkin, degan taxminlar ham yangramoqda.
Aytishlaricha, avval ham ushbu avtomashinaning turli qoidabuzarliklarni sodir etgani tasvirlangan videolar tarqalgan.
Poytaxtda tunda poyga uyushtirayotgan “erkatoy”lar esa ko‘paymoqda. Bugun qonunni buzib, “boshqa odam 15 sutkaga qamaladigan narsaga biz arzimas jarima bilan qutuldik”, deb “tankasi” kuchli ekanini faxr bilan gapirgan “erkatoy”larning videosi ham chiqdi.
Ushbu so‘zlar qo‘pol qoidabuzarliklar jazosiz qolayotgani, bu esa butun jamiyat uchun xavfli signal ekanini bildiradi.
Jazo muqarrarligi ta’minlanmas ekan, yo‘llarimizda piyodalar, bolalar, inspektorlar bu mashinalar ostida qolib ketaverishadi.
Qonun hamma uchun barobar bo‘lishi kerak!


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter