Prezident farmoni: TIV faoliyatida bir qator jiddiy muammolar mavjud

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi.
Bugun, 5-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.
Farmonda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo‘lning samarali davom ettirilishi mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni va demokratik o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlashda va aholi farovonligining oshishini ta’minlashda eng muhim omil hisoblanishi alohida ta’kidlanadi. Ochiq tashqi siyosatning faollashuvi natijasida xorijiy mamlakatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishilgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada kengaygani, xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘rnatilgani, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar hal etilayotgani e’tirof etiladi.
Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi ishlarning amaldagi holatini tahlil qilish, birinchi navbatda, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish borasida qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat berayotgani qayd etilib, ushbu muammolardan asosiylari sanab o‘taladi:
birinchidan, amaldagi normativ-huquqiy baza diplomatik xizmatning barcha masalalarini to‘liq tartibga solmaydi, to‘plangan huquqiy va amaliy tajribani to‘liq aks ettirmaydi, shuningdek, zamon talablariga mos kelmaydi;
ikkinchidan, tashqi siyosat idorasining tashkiliy-shtat tuzilmasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi strategik vazifalarni hal etish uchun mavjud resurslarni samarali safarbar qilishga yo‘naltirilmagan;
uchinchidan, davlat organlarining Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan o‘zaro hamkorligining, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha samarali va muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borishning aniq belgilangan mexanizmlari mavjud emas;
to‘rtinchidan, tashqi siyosat idorasining ishlari axborot-tahliliy jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmayapti va rejalashtirilmayapti, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilayotgan takliflar mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini ifodalash masalalarini hisobga olmayapti;
beshinchidan, mamlakatdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga to‘sqinlik qilmoqda;
oltinchidan, konsullik muassasalari faoliyatida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining tezkorlik va sifat darajasi, O‘zbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslari huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, og‘ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish darajasi qoniqarsiz holda qolmoqda;
yettinchidan, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilmagan, respublikani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishda ularning salohiyatidan foydalanilmayapti;
sakkizinchidan, kadrlar siyosatining samarasizligi, shuningdek, tashqi siyosiy idora xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi va ijtimoiy himoyalanishining past darajada ekanligi yuqori malakali diplomatik tarkibni shakllantirish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklamoqda, diplomatik xizmatning obro‘sini tushirmoqda va malakali mutaxassislarning sohani tark etishiga sabab bo‘lmoqda;
to‘qqizinchidan, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarli darajada joriy etilmasligi ustuvor vazifalarni hal etishga to‘sqinlik qilmoqda, tezkor tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy munosabat bildirishni, shuningdek, «raqamli diplomatiya» vositalarini rivojlantirish imkonini bermayapti.
Farmonda ushbu muammolarni bartaraf etish hamda Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida vazirlik tizimini isloh etishning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan, vazirlik tuzilmasida tashkil etiladigan yangi boshqarma va bo‘limlar sanab o‘tilgan, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar ko‘rsatilgan.
Mazkur hujjatning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V.Mahmudov, Prezident Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.Mavlonov va Tashqi ishlar vaziri A.Komilov zimmasiga yuklatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter