Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarga pulni naqd to‘lashga ko‘rsatma berdi

Prezident koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarga pulni naqd to‘lashga ko‘rsatma berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan shifokorlarga to‘lov pullarini naqd ko‘rinishda to‘lashga ko‘rsatma berdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev «Xalqaro press-klub» ko‘rsatuvidagi chiqishi davomida ma’lum qildi.

— Koronavirusga qarshi kurashgan shifokorlar o‘z vaqtida pulini olmagani haqida shikoyatlar bo‘lgan edi. Bu holatlar o‘rganib chiqildi. Har bir hamshira 14 kunlik muddat uchun 5 million, kichik vrach 15 million, katta shifokorlar 25 million so‘m olishi belgilangan. Ammo ba’zi shifokorlar pul olmay qolgan holatlar darhaqiqat ro‘y bergan. Bu borada ish olib borilmoqda, biror shifokor pulsiz qolib ketmaydi.

Shifokorga hatto to‘lovni naqd pul ko‘rinishida berishgacha ko‘rsatma berildi Prezident tomonidan. Ishini tugatgani hamono pulini yetkazib berishimiz mumkin, toki plastik kartasidagi pulni naqd qilish uchun ovora bo‘lib qolmasligi uchun. Shuningdek, 14 kunlik davr uchun ishga kelgan shifokorlarga 40 foizlik avans ham beriladi.

Buxgalter kasal bo‘lib qolgan yoki kassir bankdan bankka o‘ta olmay qolgani uchun pul o‘z vaqtida berilmay qolgan bo‘lishi mumkin. Biz o‘rganib chiqdik va 71 nafar xodim pul olmaganini aniqladik. Ijtimoiy tarmoqlardagi birorta murojaat e’tibordan chetda qolmayapti. Barchasini ko‘rib chiqmoqdamiz. Muammolar bor, ammo ularni o‘rganishda va hal qilishda davom etmoqdamiz. Kim karantin vaqtida aholi sog‘ligi uchun kurashgan bo‘lsa, albatta puli to‘lab beriladi.

Dori vositalarining narxi oshib ketmoqda, degan e’tirozlar bor. Ammo hozirda pandemiya nafaqat bizda, balki butun dunyoda bor. Xususan, qo‘shni davlatlarda ham dori-darmonga bo‘lgan talab oshib ketmoqda. Bunday vaqtda dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham o‘z manfaatini ko‘zlab, narxlarni oshirmoqda. Chunki talab juda oshib ketgan.

Shu sababli ham dori-darmonlar ishlab chiqaruvchi korxonalar substansiyalarni olib kelgan holda, o‘zimizda ishlab chiqarish haqida taklif berishdi. Buning uchun 50 million AQSh dollari miqdorida aylanma mablag‘ kerakligi aytildi. Bu borada kerakli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida 10 ming kishilik joy tayyorlanadi. Xabaringiz bor, ekspotsentrda 500 bemorga joy tayyorlandi. Lozim bo‘lgan taqdirda boshqa pavilonlarda ham joy qilinishi mumkin. Respublikaga yana 25 mingta kislorod berib turadigan apparatlar olib kelinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring