Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident qarori bilan bojxona bo‘yicha imtiyozlar belgilandi

Prezident qarori bilan bojxona bo‘yicha imtiyozlar belgilandi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 29-iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni «O‘zA»da e’lon qilingan.

Qarorda bojxona-tarif jihatdan tartibga solishning amaldagi tizimi raqobatning bozor prinsiplari rivojlanishini rag‘batlantirmayotgani, xususan, olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha haddan tashqari keng imtiyozlar berilishi tarif jihatdan samarali tartibga solish imkonini bermayotgani ta’kidlanadi..

Qarorga ko‘ra, quyidagilar bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy prinsiplari etib belgilandi:

— boj tariflarining tartibga solish funksiyalarini iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning qo‘shilgan qiymat global zanjiriga uyg‘un integratsiyalashuvga yo‘naltirilgan ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda kuchaytirish;

 tashqi iqtisodiy faoliyatni tarif jihatdan tartibga solish tizimini ilg‘or xorijiy tajribani, xalqaro prinsiplar va normalarni inobatga olgan holda takomillashtirish;

— mahalliy ishlab chiqaruvchilarni respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoxud yetarli bo‘lmagan hajmda ishlab chiqariladigan hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallar bilan ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;

— yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish maqsadida zamonaviy texnologik uskunalar va texnikalarni olib kirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlashni saqlash, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va qayta jihozlash, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini yanada jadallashtirish;

— bojxona rasmiylashtiruvi chog‘ida turi, maqsadi, xususiyati va tarkibi bo‘yicha o‘xshash, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha yaqin bo‘lgan tovarlarni bojxona to‘lovlarining pastroq stavkalari qo‘llaniladigan pozitsiyaga tasniflash holatlarini bartaraf etish maqsadida ushbu tovarlarga bojxona to‘lovlari stavkalarini unifikatsiya qilish;

— aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qilish, uni inson sog‘lig‘i va atrof-muhit uchun zararli bo‘lgan tovarlarga nisbatan qo‘llash.
Ushbu band bilan tasdiqlanayotgan stavkalar 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
Shuningdek, 2018 yil 1 sentyabrdan e’tiboran quyidagicha tartib belgilanadi:

— chegara bojxona postlarida bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratini o‘tkazish chog‘ida veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat ham amalga oshiriladi;

— O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlarning akkreditatsiyadan o‘tgan organlari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari berilgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikka majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish talab etilmaydi;

— tovarlarning «erkin muomalaga chiqarish (import)» rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi;

«bojxona ombori» rejimida olti oydan ko‘p bo‘lgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan bojxona to‘lovlari yuzasidan taqdim etilgan imtiyozlar qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, 2018-yil 1-sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining veb-saytida tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, har bir tovarga mos ravishda bojxona bojlari stavkalari, ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to‘g‘risidagi batafsil axborotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa ma’lumotlarni real vaqt rejimida bepul asosda olish imkonini beradigan «Integratsiyalashgan tarif» interaktiv xizmati joriy etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring